“Otning o‘limi – itning bayrami”. Kassadan boshlanayotgan o‘yin. Chiptalar qachongacha qo‘lma qo‘l bo‘ladi?
Jamiyat
−
17 mart 2023
7338Ertaga, 18 mart kuni futbol bo‘yicha U-20 Osiyo chempionatining final o‘yini bo‘lib o‘tadi. Finalda mezbon – O‘zbekiston jamoasi Iroqqa qarshi maydonga tushadi. O‘yinga bir kun qolganda, ya’ni bugun, 17 mart kuni “Bunyodkor” stadioni kassalarida va maxsus internet platformasida o‘yin uchun chiptalar sotuvi boshlandi. Ammo internet platformasida avvaliga chipta borligi, lekin xarid qilishning imkoni bo‘lmayotgani ma’lum bo‘lgandi. Ko‘p o‘tmay onlayn platformalarda chiptalar butkul sotilgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, kun davomida “Bunyodkor” stadioni kassasi oldida chipta uchun turnaqator navbatlar yuzaga keldi.
QALAMPIR.UZ muxbiri stadion chiptaxonasida navbatda turib, vaziyatni kuzatdi. Natijada esa chiptaxonalarning to‘liq ishlamayotgani, navbatlar to‘g‘ri tashkil qilinmagani, odamlar kun davomida tik turib ham chipta sotib ololmayotgani, chipta narxlarining esa qimmatlashganini ko‘rsatmoqda.
Qolaversa, tahririyat jamoasi chipta olish istagida navbatda turgan odamlarning joriy muammo haqidagi fikri bilan qiziqdi.
“Qo‘lga chiqarib yuborishgan. Navbat umuman yo‘q, ayollarning ham hurmati yo‘q. Maqsad – O‘zbekiston futbolini sindirish”, dedi mikrofonimiz tutilgan birinchi respondent.
“25 minglik biletni qo‘ldan 100 ming so‘mga oldim. Kassadan olmaganimning sababi, navbatda turganimda kassa to‘liq ishlamadi. Tirbandlik yuzaga kelib, oyoqlarim ko‘karib ketdi. Ishonmasangiz siz ham borib ko‘ring. Siz ham odamlarning oyog‘i ostida qolib ketasiz. Yuragini ushlab qolganlar ham bo‘ldi. Shuning uchun majbur bo‘ldim”, dedi odamlardan yana biri.
“Ertalab soat 8:00 da keldim. Mana soat 17:00 ga yaqinlashyapti. Zo‘rg‘a ololdim. Juda “bardak”, deya o‘z vaziyatini tushuntirdi chipta sotib olganlardan biri.
Odamlar shuningdek, nima uchun onlayn platformalardan chipta sotib ololmayotgani haqidagi savollarga ham javob berib, bunda O‘zbekistondagi serverlarni aybladi.
“Bizning serverlarni bilasiz-ku, hamma birdan kirsa qotib qoladi”, dedi boshqa bir suhbatdosh.
Biz mazkur muammo bo‘yicha Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat qo‘mitasidan ham munosabat olib, bu holat iste’molchilar huquqlarining buzilayotganiga misol bo‘la olishi yo yo‘qligini so‘radik.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs) – iste’molchi hisoblanadi.
Biletlarni qayta sotish bu foyda olish bilan bog‘liq faoliyat bo‘lib, 2 ta fuqaro o‘rtasida savdo munosabatlari “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinmaydi. Bundan tashqari, biletlar narxi davlat tomonidan belgilanmaydi. Shu sababli, ushbu masala Soliq qo‘mitasi va Ichki ishlar organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq”, deydi qo‘mita matbuot kotibi Olimjon Hasanov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, chiptalarning kech sotuvga chiqarilishi ham qonunga zid holat emas.
“O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
4-moddasiga muvofiq, iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash huquqiga ega.
6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.
8-moddasiga muvofiq, Iste’molchi shartnoma tuzish yo‘li bilan tovarni (ish xizmat)ni erkin sotib olish huquqiga ega bo‘lib, bu shartnomaga ko‘ra sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish) majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar.
Mazkur holatda biletlarni xarid qilishda elektron platformada bilet borligi haqida ma’lumot berilsa, ammo pul to‘lash vaqtida “bilet yo‘q”, deb javob qaytarilsa, iste’molchilarning huquqlari buzilgan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 164-modasiga muvofiq, Mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.
Yuqoridagilarlardan kelib chiqib, mazkur holatda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunchiligi bo‘yicha hech qanday buzilishi holatlari yo‘qligi, chipta xarid qilish niyatida bo‘lgan fuqarolar oldindan onlayn yoki kassa orqali xarid qilishlari mumkinligi, ammo sotuvchi kassalarda chipta qolmaganda ayrim fuqarolar o‘zlariga kerakmas deb bilgan chiptalarini sotishlarida erkin ekanlarini ma’lum qilamiz. Fuqarolar o‘zlariga tegishli mulkni sotish yoki beg‘araz boshqa fuqarolarga berishlari qonunchilik bilan taqiqlanmagan”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatining yarim final o‘yinlarida ham chiptalar bilan bog‘liq bir qator muammolar yuzaga kelgandi. Qayd etish joiz, O‘zbekiston-Iroq o‘yini ertaga, 18 mart kuni soat 19:00 da boshlanadi.
LiveBarchasi