OTMga imtiyoz bilan kirish masalasi qayta ko‘rib chiqiladi —Toshqulov
Intervyu
−
16 iyun 2022
8381Imtiyozga umid qilib, oliy ma’lumotli bo‘laman deyishdan endi voz kechish kerak. Bugun, 16 iyun kuni bo‘lib o‘tgan anjumanda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Oliy ta’limga kirishdagi turli davlat xizmatchilarining farzandlariga berilayotgan imtiyozlar ro‘yxati ko‘payib ketayotganiga munosabat bildirib, shunday dedi.
“Ta’limdagi imtiyozlar bundan buyog‘iga o‘ylab ko‘riladi. O‘zbekistondagi xalqchil siyosat va Oliy ta’limning dastlabki muammolardan chiqishi uchun juda ko‘p imtiyozlar berilgan. Imtiyozga umid qilib “Oliy ma’lumotli bo‘laman”, deyishdan endi voz kechish kerak. Haqiqiy raqobatdan o‘tish kerak. Jo‘jani tuxumdan chiqish misolida olaylik. Agar jo‘ja tuxumning ichidan yorib chiqsa, sog‘lom bo‘ladi. Agar uni tashqaridan yorib olsangiz, nobud bo‘lish xavfi ko‘proq. Shuning uchun ham imtiyozga suyanib qolish kerak emas”, deydi vazir.
Shuningdek u so‘zi davomida aholi o‘rtasida imtiyozga muhtoj qatlamning borligi, qolaversa, ba’zi imtiyozlarni isloh qilish va ko‘rib chiqish kerakligini urg‘uladi.
“Hamma teng maydonda teng kurashishi kerak. Aholining imtiyozga muhtoj qatlami bor. U imtiyozlar qoladi. Masalan nogironlarga haqiqatdan imtiyoz kerak. Lekin hamma imtiyozning atrofida yig‘ilib qolishi kerak emas. Avvalda berilgan ba’zi imtiyozlarni biz isloh qilib, ko‘rib chiqish takliflarini ishlab chiqamiz”, deydi Abduqodir Toshqulov.
Ma’lumot uchun, 2022-2023 o‘quv yilida harbiy xizmatchilarning farzandlari, Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlari, Bojxona organlari xodimlari farzandlari, shuningdek, Harbiy qism qo‘mondonligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tavsiyanomasiga va yana bir qancha yo‘nalishdagi imtiyozlarga ega bo‘lgan abituriyentlarga imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun imtiyozlar belgilangan.
LiveBarchasi