OTMda davlat hisobidan grant ajratilishi majburiy etib belgilanmoqda
Olam
−
09 mart 2023 4357 2 daqiqa
Yoshlarning oliygohlarda davlat hisobidan grant asosida o‘qish huquqi Konstitutsiyada belgilanmoqda. Bu haqda bugun, 9 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida deputat Jahongir Shirinov so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, bu bilan iqtidorli yoshlarning davlat hisobidan oliy ta’lim olish imkoniyati kafolatlanmoqda.
“Bu oliy ta’limda hamisha davlat granti uchun kvotalar ajratiladi va ushbu tartib hech qachon bekor bo‘lmaydi degani”, deydi deputat.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida nogironligi bor bolalarga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratish, ya’ni inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha davlat o‘ziga majburiyat olmoqda.
“E’tibor bering! Konstitutsiyaviy qonun loyihasida pedagog xodimlarga oid qoidalar qayta ko‘rib chiqildi va o‘qituvchi kasbiga nisbatan yuksak hurmatni hamda ularning ijtimoiy himoyasini nazarda tutuvchi alohida yangi modda kiritildi. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish va tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi” degan qoida o‘rnatilmoqda. Bundan tashqari, davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy o‘sishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi mustahkamlanmoqda”, deydi Shirinov.
Ma’lumot uchun, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan. Qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni Konstitutsiya qariyb 65 foizga yangilanmoqda. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmoqda.