OTB O‘zbekistonga muhtojlar himoyasi uchun 500 mln dollar qarz beradi

Jamiyat

image

Osiyo taraqqiyot banki Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish va bandlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank saytida ma’lum qildindi. 

Unga ko‘ra, OTB O‘zbekiston hukumatiga qiymati 1,2 mlrd dollar bo‘lgan “Rivojlanishga qarshi xarajatlarni barqarorlashtirish” dasturini amalga oshirish uchun yordam ko‘rsatadi.

Qayd etilishicha, hukumat dasturi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va narxlar barqarorligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalar, keksalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, ishsiz va qaytgan mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

“Markaziy Osiyo pandemiyadan xalos bo‘lgach, mintaqa urushdan kelib chiqqan iqtisodiy talafotlarga duch keldi, bu ayniqsa zaif (kam ta’minlangan – tahr.) odamlarning hayotini qiyinlashtirdi”, deydi OTB Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Qayd etilishicha, koronavirus kasalligi (COVID-19) pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy zarba O‘zbekistonga jiddiy zarar yetkazdi. Ushbu ta’sirlar savdo xarajatlarining oshishi, inflyatsiya va ishsizlikning ortishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishini o‘z ichiga oladi.

Bu esa, o‘z navbatida, kam ta’minlangan uy xo‘jaliklarining xarid qobiliyatini pasaytiryapti, shaxsiy iste’molni zaiflashtiryapti, qashshoqlikning kuchayishiga olib kelyapti.

Shuningdek, OTB monitoring va baholashni qo‘llab-quvvatlash uchun texnik yordam ko‘rsatadi, bu texnik yordam maxsus jamg‘armaning 400 000 AQSH dollari miqdoridagi granti hisobidan moliyalashtiriladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston dengizga chiqish imkoni yo‘q davlat bo‘lib, 11 a’zo davlat o‘rtasidagi hamkorlik orqali iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga ko‘maklashuvchi Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi (MOMIH) dasturining a’zosi hisoblanadi. MOMIH dasturi avtomobil va temir yo‘llarning samaradorligini oshirish, chegarani kesib o‘tishni soddalashtirish, savdoni rag‘batlantirish va mintaqadagi millionlab odamlarning energiyadan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga yordam berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

77

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing