Ota-onalarga tarbiya borasida 10 ta tavsiya
Foydali
−
31 may 2019
5086Biz ota-onalar farzandimizga tarbiya berish jarayonida doimo qandaydir muammolarga duch kelamiz va bunday holatni bartaraf etishga birmuncha qiynalamiz. Tajribali ota-onalar esa, bunday vaziyatlarning bariga alla qachon yechim topishgan. Hozir сиз bilan ana shu tajribalarni o‘rtoqlashmoqchimiz.
• Bola behosdan yiqilib tushib yig‘lay boshlasa, avval so‘rang: “Biron joying og‘riyaptimi yoki qo‘rqib ketdingmi?” Ko‘pincha bolalar og‘riqdan emas, qo‘rquvdan yig‘lashadi. “Shunday paytlarda bilasanmi, yoshligimda men ham bir kuni yiqilib tushgandim” deb boshlanuvchi hikoyani gapirib bering. Bolalar bunday hikoyalarni jon deb tinglashadi va tezda ovunishadi.
• Samolyotda, poyezdda yoki avtobusda uzoq safarga chiqqanda ko‘pинча bolalar zerikib, qachon tushamiz deb bezor qilib yuborishadi. Bunday vaziyatni oldini olish uchun, biletni har xil joylardan oling: toki kichkintoyning yonida o‘tirgan ona ikki soat o‘tgach, ota bilan joy almashsin. Shunday qilib bolakay dam otasi, dam onasi bilan ketadi. Bu o‘zgarish uning zerikmasligiga sabab bo‘ladi.
• Sekundomer! Bolangizning tez kiyinib olishi, o‘yinchoqlarini yig‘ishtirishi, ovqatini oxirigacha yeb qo‘yishi va hokazolar uchun yaxshi rag‘bat. “Qani, necha soniyada ovqatingni yeb bo‘larkansan”, – deysiz, tamom.
• Bir nechta oddiy jonivor va predmetlarni chizishni o‘rganib oling, bola xarxasha qilsa, o‘shalarni chizib berasiz, so‘ng uning o‘zi qayta-qayta shu rasmlarni chizib o‘tiraveradi.
• Haftada bir kunni “shirinlik kuni” deb e’lon qiling. Har doim “Ko‘p shirinlik yema, tomog‘ing og‘rib qoladi” deb kuyunavermay, “Konfetni chorshanba kunlari yeymiz”, deysiz. Ko‘rasiz, bolaning ovqatlanishi tartibga tushib qoladi.
• Metroda yoki boshqa shahar transportida bola bilan uzoqroq yurishga to‘g‘ri kelib qolsa, biron kitob olvoling, bola undagi suratlarni tomosha qilib, topshiriqlarni yechib, zerikmay ketadi.
• Bolaning yonida bo‘lishning o‘zi kifoya emas, unga e’tibor berishingiz, u bilan muloqot qilishingiz kerak. Shu sababli ishdan uyga qaytgach, planshet va telefoningizni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, o‘n daqiqa bo‘lsa-da u bilan gaplashing, quchoqlang, erkalang. Кейин farzandingiz g‘ingshib etagingizga yopishavermaydi, sizni tinch qo‘yib o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘ladi.
• Tish yuvishni ko‘p bolalar yoqtirmaydi. Tish yuvish uchun maxsus bir qo‘shiq tanlang va uning jo‘rligida tishlarni yuvishni bolaga taklif qiling. Bir tomondan, farzandingiz qo‘shiq bilan ovora bo‘lib tishlarini jon deb yuvadi, ikkinchi tomondan qo‘shiq taymer vazifasini o‘taydi, yani u tugamaguncha tishlarni sho‘tka bilan ishqalab turish kerak bo‘ladi. Shundagina kichkintoyingizni tishni o‘lda-jolda emas, 2 daqiqa davomida yuvishga odatlantirasiz.
• Bolalar o‘yinchoqlarini yoki xonalarini yig‘ishtirishni yoqtirishmasa-da, kattalarning yumushlarini bajarishni juda istashadi. Masalan: kir mashinadan kiyimlarni olish yoki changyutgich bilan gilamni tozalashni. Siz farzandingizga qaysi yumush yoqishini bilib oling. Bolani o‘sha sevimli yumushi bilan mashg‘ul qilib qo‘yasiz-da (masalan, “Mana shu yong‘oqlarni paketga yoki tog‘orachaga sanab sol-chi, nechta ekan deysizda”) boshqa yumushingizni tezgina bitirib olasiz.
• Ko‘pincha yosh bolalar “Yurmayman, ko‘taring” deb xarxasha qilishadi. Shunday paytlarda biron sanama she’r yoki qo‘shiq jo‘rligida shahdam qadamlar bilan askarlarga o‘xshab yurishni taklif qiling. Bu bolaga qiziq tuyulishi tabiiy.
Zarnigor ABDUMALIKOVA
LiveBarchasi