Osiyoda toshqindan so‘ng tozalash boshlandi. Loy ichidan jasadlar chiqmoqda (fotoreportaj)

Olam

image

Bugun, 29 noyabr kuni Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘ylab yoqqan tinimsiz musson yomg‘iridan qolgan vayronalarni tozalash ishlari boshlandi. Loylar orasidan yo‘qolgan kishilarning jasadlari topilmoqda. Bu haqda “France24” xabar berdi.

Qayd etilishicha, kuchli musson yomg‘irlari Malayziyaga katta zarar keltirgan. Uning oqibatida 350 dan ortiq odamlar halok bo‘ldi. Suv biroz qaytgach, qutqaruvchilar mamlakat bo‘ylab qutqaruv va tozalash ishlarini boshlagan. 

Indoneziyaning Sumatra orolida ham qutqaruvchilar suv bosgan uylarni loydan tozalashga kirishdi. Shu hududlarda suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 100 dan ziyod kishi bedarak yo‘qolgan.

Shuningdek, Tailand janubidagi Songxla provinsiyasida suv sathi uch metrga yetdi. Bosh vazir Anutin Charnvirakul tozalash ishlariga ikki haftalik muddat ajratilganini ma’lum qildi. Hukumat suv toshqinidan zarar ko‘rgan oilalarga ikki million baht (62,000 AQSH dollar) tovon puli ajratdi. 

Tailand hukumati tomonidan suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlarni tiklash ishlariga jamoatchilik tomonidan tanqidlar bildirilmoqda. Mintaqaviy amaldorlar vaqtincha lavozimidan chetlatilgan, muxolifat vakillari esa hukumatni “vaziyatni noto‘g‘ri baholaganlikda” ayblamoqda.

Malayziyaning shimoliy hududida ham vaziyat og‘irligicha qolmoqda, xususan Perlis shtatida kuchli yomg‘ir va tropik bo‘ronlar natijasida hududlar suv ostida qoldi. Bu hududlarda ikki kishi halok bo‘lgan, ko‘plab uylar va do‘konlar zarar ko‘rdi. Qutqaruvchilar aholiga yordam berish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, yillik musson mavsumi odatda iyun va sentyabr oylari orasida ko‘pincha kuchli yomg‘ir olib keladi, ko‘chkilar va toshqinlarni keltirib chiqaradi. Ekspertlar Janubi-sharqiy Osiyodagi kuchli suv toshqinlari va ko‘chkilarni issiqroq iqlim va kuchli yomg‘irlar bilan bog‘lamoqda. Tropik bo‘ronlar va musson mavsumi suv sathining oshishiga, ko‘chkilar va boshqa tabiiy ofatlarga sabab bo‘lmoqda. Issiq okeanlar va yuqori namlik bo‘ron tizimlarini kuchaytiradi, bu esa kuchli yomg‘ir va shamollarni yuzaga keltiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing