Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 100 mln dollar ajratdi

Jamiyat

image

Bugun, 7 oktyabr kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda raqobatbardosh moliyaviy bozorlarni rivojlantirish uchun 100 million AQSH dollari miqdoridagi kreditni ma’qulladi. Bu haqda bank saytida xabar berilgan.

Qayd etilishicha, mazkur kredit mablag‘lari mamlakatda moliyaviy bozorlar uchun qulay muhit yaratishda zarur bo‘lgan davlat siyosati, qonunchilik hamda institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi.

“O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonlarini jadallashtirar ekan, barqaror va raqobatbardosh ichki moliyaviy bozorlar xususiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega. OTB O‘zbekistondagi moliyaviy bozorlarni rivojlantirish hamda iqtisodiy o‘sishning asosiy omili va mamlakatda yangi ish o‘rinlarining muhim manbai hisoblangan xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirishga yordam beradi”, deydi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Xabarga ko‘ra, OTBning Moliyaviy bozorlarni rivojlantirish dasturi O‘zbekiston moliya bozorini chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Uning maqsadi – davlat obligatsiyalari bozorini yanada likvidlashtirish va investorlar bazasini diversifikatsiya qilish. Shuningdek, dastur bozorning muhim infratuzilmasini, shu jumladan kuzatuv tizimlarini rivojlantirishga yordam beradi va birja savdo mablag‘lari kabi muqobil moliyaviy vositalar taklifini kengaytiradi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston OTBga 1995 yilda a’zo bo‘lgan. O‘shandan beri bank mamlakatga 10,1 milliard dollar miqdorida kredit, grant va texnik yordam ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

71

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing