“Osiyo” seriali sarflangan mablag‘ni oqlaydimi?

Madaniyat-san’at

So‘nggi vaqtlarda efirga uzatilayotgan milliy seriallarni kuzatib shuni bilish mumkinki, O‘zbekistondagi milliy kinematografiya sohasida o‘zgarishlar bo‘lyapti. Bundan 10-15 yil, boringki ikki yil avvalgi holatga qarasak, o‘zbek telekanallarini turk va koreys seriallari egallab olgandi. Bugun esa ular o‘z o‘rnini milliy mahsulotlarga bo‘shatib beryapti. Afsuski, yaqin davr ichida efirga uzatilgan o‘zbek seriallari orasidan esda qolarlisi sanoqli. Biroq joriy yilning 13 mart kuni premerasi bo‘lib o‘tgan “Osiyo” seriali tom ma’noda tomoshabinni ekran qarshisiga “mixlab” qo‘yishi aytilmoqda.

Bosh prodyuser Shahnoza Ahmedovaning ta’kidlashicha serial birinchi qismning o‘zida tomoshabinni qiziqtira oladi va voqealar rivoji, kadrlarning bitta dublda olinishi bilan boshqa o‘zbek seriallaridan ajralib turadi. Ushbu serialda o‘zining ilk katta rolini ijro etgan yosh aktrisalardan biri Nargiza Bakayeva  qiyinchiliklar girdobida qolgan O‘g‘iloy obrazini yaratdi. Biz esa Nargiza ushbu serialdagi roli uchun qancha gonorar olganiga qiziqdik.

Nargiza Bakayeva, aktrisa: ― Gonorar masalasi juda yaxshi bo‘ldi. Tekinga o‘ynamadim. Yaxshigina pul to‘lashdi. Men yaratgan obrazning yaxshi tomoni O‘g‘iloy sabrli qiz. Personajimning sabrli tomonini o‘zimga singdirsam yaxshi bo‘lardi. Chunki menda sabrlilik yo‘q-da, sal sabrsizroqman. Tomoshabinlarga shuni aytishim mumkinki, “Osiyo” serialini ko‘ringlar. Shunda yaxshi serial va yomon seralning farqiga borasizlar degan umiddaman.

“Osiyo” serialida ijtimoiy hayotdagi bir qancha muammolar ko‘tarilgan. Masalan, yoshlar o‘rtasidagi behayolik, buning oqibatlari, qizlar hayotidagi or-nomus masalalari, ota-onalarning farzandining kelajagiga befarq bo‘lmasligi kabi g‘oyalar targ‘ib qilinadi. Shu jihatdan ham ushbu serial tomoshabinbop bo‘lishi kutilmoqda. Bu borada esa Shahnoza Ahmedovaning ishonchi komil.

Ro‘zimurod Berdiyev, jurnalist: ― O‘zbek tomoshabini o‘zini oqlamagan ba’zi seriallarni ko‘raverib ensasi qotish darajasiga ham kelib qoldi. Nima deb o‘ylaysiz, ushbu serial tomoshabin e’tiborini torta oladimi?

Shahnoza Ahmedova, serial bosh prodyuseri: ― Avvalo, kelganingiz uchun rahmat, xursandman. Seriallarimiz hozir ko‘p. Bundan ikki yil oldin biz arab, turk, koreys seriallarini ko‘rardik.  Ammo hozir o‘zbek seriallariga ham e’tibor yaxshi, asta sekin ekranlarni egallamoqda. To‘g‘ri, seriallarimizning hammasi ham yaxshi emas, lekin yaxshi seriallarimiz ham bor. Nomlarida adashishim mumkin, “Sizsiz o‘tmas kunlarim”, “Malak” seriallari hozirgi kunda ham ma’nosi, ham ssenariysi jihatdan yaxshi hisoblanadi. Siz aytib o‘tgan o‘sha oldi-qochdi, yoshlar o‘rtasidagi muhabbat mavzularidan biroz chekingan holda biz ijtimoiy hayotni ko‘rsatishga qaror qildik. Ushbu serial tomoshabin e’tiborini torta oladi deb ishonch bilan ayta olaman.

R.B: ― San’at tili bilan aytganda, ba’zi seriallarga “konfet aktyor”lar ham taklif etiladi. Mana shunday holat “Osiyo” serialida ham kuzatildimi?

Sh.A: ― Aslida men “konfet aktyor” degan narsani bilmasdim. Bu meni birinchi prodyuserlik ishim. Suratga olish jarayonida “konfet”, “konfet” deb aytishganda, o‘zi nima u deb so‘raganman. Shunda menga “konfet aktyor” nimaligini tushuntirishgan. Bizda unday aktyorlar yo‘q va biz hamma aktyorlarga darajasiga qarab pul to‘laymiz. Kimgadir ko‘proq, kimgadir esa nisbatan kamroq.

Ahmedovaga ko‘ra, hozircha “Osiyo” seriali o‘z mualliflariga hech qanday foyda olib kelmadi. Ularning birinchi darajali maqsadi ham pul ishlash emas.

Nima bo‘lganda ham ushbu serial tomoshabinbopligi jihatdan ham, mablag‘ jihatdan ham o‘zini oqlamagan ba’zi o‘zbek seriallari qatoriga tushib qolmasligiga umid bildiramiz.

Ro‘zimurod Berdiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

173

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing