Orzularimdan biri amalga oshdi – Prezident

Jamiyat

−

image

Bugun, 18 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Qoradaryo ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yirik inshoot transport oqimini samarali tashkil etish, harakat xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan. Yangi ko‘prik barpo etilayotgan “Shirin” massivini Samarqand shahri hamda xalqaro aeroport bilan bog‘laydi.

Loyiha qiymati 310 milliard so‘m bo‘lgan ko‘prikning uzunligi 780 metr, kengligi 29,8 metrni tashkil etadi. Inshootning balandligi 2 metr bo‘lib, qatnov qismi to‘rt tasma uchun mo‘ljallangan. Ko‘prik kuniga 25 mingtagacha transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi ko‘prik foydalanishga topshirilgach, Shirin shaharchasidan Samarqand markazigacha bo‘lgan masofa 23 kilometrdan 4 kilometrga qisqaradi. Shuningdek, yo‘lga ketadigan vaqt ham kamayadi.

Davlat rahbariga loyihaning texnik yechimlari va transport oqimini boshqarish imkoniyatlari haqida axborot berilgan.

Shu yerda Prezident faollar bilan suhbatlashgan.

“2016 yilda O‘zbekistonga bor-yo‘g‘i 1 million 200 ming turist kelardi. Hozir Samarqandning o‘ziga bir yilda 5 million sayyoh tashrif buyurdi. Qachon biz bunday natijalarni tasavvur qilardik? Albatta, bugun dunyo raqobat asosida rivojlanyapti. Biz ham bu raqobatda o‘z o‘rnimizni mustahkamlashimiz kerak.

Loyihalarni to‘g‘ri ishlab chiqsak, logistikani oqilona tashkil etsak, xarajatlarni qisqartamiz, odamlarimizning uzog‘ini yaqin qilamiz. Axir bu shahar odamlar uchun-ku!

Mana shu ko‘prik mening orzularimdan biri edi. Bugun bu orzu ro‘yobga chiqdi”, dedi Prezident.

Davlat rahbari shahar odamlar uchun xizmat qilishi kerakligi haqidagi fikrini davom ettirib, har bir insonning xalq va yurt oldidagi mas’uliyatiga to‘xtalgan.

“Men kechagi nutqimda ham “o‘z”, “o‘zimiz”, “o‘zligimiz”, “o‘zimizniki” degan so‘zlarga qayta-qayta urg‘u berdim. “Men o‘zbekistonlikman, xalqim uchun harakat qilaman, xalqim uchun o‘qiyman, ertangi kunim uchun izlanaman” degan g‘oyalar ruhida yashashimiz kerak”, dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing