Ortiqxo‘jayev bilan bir yil! Xalq undan rozimi?

Tahlil

image

Kecha, 26 aprel kuni Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkent shahar hokimi lavozimida faoliyat olib borayotganiga bir yil to‘ldi. QALAMPIR.UZ toshkentliklar hokimning bir yillik faoliyatini qanday baholashini bilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda so‘rovnoma o‘tkazdi.

So‘rovnoma savoli va javob variantlari quyidagicha edi: 

Xo‘sh, Jahongir Ortiqxo‘jayevning 1 yillik faoliyatini qanday baholaysiz?

-    Yaxshi
-    Yomon
-    Navbatdagi byurokrat
-    Yashasin, Ortiqxo‘jayev

Bir kun davomida, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Ortiqxo‘jayevning ishiga munosabat bildirishdi. Ortiqxo‘jayevga nisbatan tanqidlar juda ko‘p ko‘zga tashlanadi. Kim uni byurokrat deydi, kim monopolist. Biroq, biz o‘tkazgan so‘rovnoma natijalari u qadar yomon emas. Balki birozgina yaxshi deyish ham mumkin.

So‘rovnoma respondentlarining izohi va bergan ovoziga ko‘ra, Jahongir Ortiqxo‘jayev hokimligining bir yilligini sarhisob qilib ko‘rsak.

Ortiqxo‘jayev bir yil davomida Toshkent shahrida ko‘pgina ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Eng avvalo shuni aytish kerakki, hokimlik murojaatlarning hammasini bo‘lmasada, ko‘p qismini e’tiborsiz qoldirmayapti. Birinchilardan bo‘lib, QALAMPIR.UZ ko‘targan Chilonzor tumanidagi abgor yotoqxona va undagi yetim-yesirlar masalasiga to‘xtalsak.

Chilonzor tumani Dilxush ko‘chasi 38-uydagi yotoqxona binosida 80 nafardan ortiq yetim-yesir va qariyalar yashayotgani, ularga uy beramiz deb, uch yildan buyon aldab kelinayotgani, bino haroba holga kelgani aytilganda, Jahongir Ortiqxo‘jayev darhol bunga munosabat bildirdi. Hokim shaxsan yotoqxonaga borib, u yerdagilarga alohida kvartira ajratilishini va’da qildi. O‘tgan davr mobaynida va’da qilingan uylarning aksari egalariga berildi.

Toshkentda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlardan yana biri, poytaxtning qator nuqtalarida bayroq maydonlari tashkil etilgani bo‘ldi. Qolaversa, Toshkentning ko‘plab nuqtalarida tashlandiq manzilga aylanib qolgan joylar, sayilgohga aylantirildi. Yorqin, rang barang chiroqlar kishining kayfiyatini ko‘taradi. Bugun bu sayilgohlar odamlar bilan gavjum. Bu nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik sayyohlar xotirasida obod va ozoda Toshkentning imijini yaratishda juda muhim omildir. 

Ortiqxo‘jayev Toshkentda odamlar dam olishi uchun saylgohlarni ko‘paytirishga e’tibor qaratdi. Qisqa vaqt ichida bir nechta yashil maydonlar tashkil etildi. 2000-yillarda bo‘lgani kabi odamlar ko‘chalardagi tomoshalardan bahramand bo‘la boshladi.

Toshkentdagi o‘zgarishlarga to‘xtalar ekanmiz, poytaxtning borgan sari “plasticheskiy gorod”ga aylanayotganini aytmay iloj yo‘q. Toshkent Ortiqxo‘jayev davrida ham o‘z imijini topib olganicha yo‘q. U qadimiy shahar, unga Xitoydan olib kelingan “deshovыy” buyumlar va AQSHdagi 11 sentyabr voqealariga bag‘ishlab o‘rnatilgan soatlarning nusxalari yarashmasligi kundek ravshan. O‘zbekiston boshkentiga o‘ziga xos va mos haykal va monumentlar o‘rnatilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi, chamanda.

Ortiqxo‘jayev hokimligi davrida Toshkent shahar hokimiyati ishi o‘zgardi. Shahar ma’muriyati avvalgiga nisbatan ochiqroq ishlay boshladi. Bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida o‘z vaqtida axborot berib kelinyapti. Toshkentning sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov davrida bo‘lgani kabi hokim yumshoqqina o‘rindig‘idan turmay, yozning issig‘idan, qishning sovug‘idan saqlanib kabinetida o‘tirgani yo‘q. Odamlar ham hokimni tanib, o‘z arz-dodini cho‘chimay ayta boshladi. Bir so‘z bilan aytganda, toshkentliklarga o‘z haq-huquqini talab qilib olishiga imkon yaratildi.

Tabiiyki, tanganing ikki tomoni bor. Jahongir Ortiqxo‘jayev hokim bo‘lganidan keyin yuz bergan o‘zgarishlarning boshqa bir jihatiga e’tibor qaratsak. 

Toshkentdagi “uylar qirg‘ini”

Ortiqxo‘jayev davrida Toshkentda “uylar qirg‘ini” avj oldi. Ko‘p hollarda buzish ishlari aholining jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi. Bunga misol tariqasida Shayxontohur tumani Sebzor dahasidagi “Jangoh” mahallasini eslash kifoya. 2018 yilning 29 senyatbr kuni kechasi buldozer va ekskavatorlar bilan uylarning buzilishi u yerda yashovchilarning jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi. Hokimlik aholi mart oyida ogohlantirilganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, buzish ishlarining tunda boshlanishi ko‘plab bahslarga sabab bo‘ldi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev hokimligidagi uylar buzilishi Buyuk Britaniyaning yirik “The Guardian” va BBC nashri tanqidiga ham sabab bo‘ldi.

“The Guardian”  nashri o‘z maqolasida Toshkentda kamida 10 ming kishi o‘z uyidan ko‘chirilganini, shuningdek, yana 30 ming kishining uyi “snos”ga tushish xavfi borligini ta’kidlagandi.

Bu maqolaga hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev maktub bilan javob qaytardi. Maktubda “The Guardian” nashri keltirgan raqamlarga ishonish qiyinligi, negaki, ular shahar ma’muriyati ma’lumotlariga asoslanmaganligi aytilgan.

Shuningdek, Toshkentda uylar shunchaki, buzilmasligi, ayniqsa, buziladigan uyda yashovchilar ogohlantirilishi qayd qilingan. Binolar kompensatsiya borasida kelishilmay turib buzilmasligi alohida ta’kidlangan.

Maktubi yakunida Jahongir Ortiqxo‘jayev “The Guardian”ni Toshkentga taklif qilgan va ma’muriyat bilan hamkorlikda batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishga chaqirgan.

Hokim BBC’ning e’tirozlarini yo javobsiz qoldirishni ma’qul topdi, yo javob topib bera olmadi. Nashr Mirobod tumani “Baynalmilal” mahallasi aholisidan kelib tushgan videomurojaatlar asosida o‘rganish olib borib, mahalladagi uylarni aholining roziligisiz buzish yuzasidan qaror chiqarilgani, yer investorga berilganini yozadi. Aholi esa bunga qattiq qarshilik ko‘rsatayotganini qayd etadi. Bu tanqidlardan keyin “Baynalmilal” mahallasidagi masala kun tartibiga chiqdi. Hokim bunga dang‘illama uylar orasida beva-bechoraning pana-pastqam uylari qolib ketganini sabab qilib ko‘rsatish bilan qutuldi. Ammo, masala uzil-kesil yechimini topgani yo‘q. Hokimga ko‘ra, boylar mahallasidagilarga yordam berishi kerak. “Yo‘llarni ta’mirlatsin, qo‘ni-qo‘shnisiga yordam bersin. O‘shanda mahallasi buzilmaydi”, deyilgan edi uchrashuvlardan birida.  

Bundan tashqari, uyi buzilayotganlar o‘zlariga shahar chetidan uy berilishidan ham norozi bo‘lib kelyapti. Hech kimga sir emaski, Toshkentda uy bahosi uning markazga qanchalik yaqinligi bilan baholanadi. Shahar chetidagi kattagina hovli markazdagi ikki xonali kvartira bilan bir narxda bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, odamlarning noroziligi qanchalik to‘g‘ri, bunisi har kimning o‘ziga havola...

Toshkentda investorlar va mahalliy tadbirkorlarga qanday imkoniyatlar berildi?

Shahar hokimligi Jahongir Ortiqxo‘jayev davrida investorlar va tadbirkorlar uchun bir necha bor “Ochiq eshiklar” kunini o‘tkazdi. Toshkentliklar o‘z vaqtida poytaxt hokimi kimligini yillar davomida tanimay kelgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, hech bir hokim To‘laganov va Ortiqxo‘jayev kabi odamlarga, xalqqa, tadbirkorga yaqin bo‘la olgani yo‘q. Ortiqxo‘jayevning “Ochiq eshiklar kuni” sabab tadbirkorlar shahar rahbarlarini taniyapti, suhbatlashyapti, muammosini ayta olyapti. Qolaversa, shahar hokimligi tomonidan o‘rnatilgan tartibga asosan, har oyda bir marta tadbirkorlar barcha tashkilot vakillari bilan bir joyda uchrashib, kerakli hujjatlarni o‘sha yerning o‘zida rasmiylashtiryaptilar. Avvalgidan hamma tashkilotga alohida yugurib, rahbarning tushlikdan qaytib kelishini kutishga hojat qolmadi. Eng muhimi, korrupsiyaga asta-sekin barham berilyapti. Ko‘pchilikka yaxshi ma’lum, avvallari rahbarlarning falon hujjatga imzo chekishining “stavka”si bor edi. Ortiqxo‘jayevning o‘zi ham to‘q, ko‘zi ham to‘q. Atrofidan ham poraxo‘rlarni yo‘q qilish payida. 

Ammo, hammaga ham birdek yoqib bo‘lmaydi va tadbirkorlar bilan chiqayotgan muammolarning barchasida ham Ortiqxo‘jayevning aybdor qilish ham noo‘rin. Masalan, xorijlik investorlarning ko‘plari Toshkentga katta loyihalarni amalga oshirish uchun kelishmoqda. Biroq, yuqori natija bergan hamkorlik haligacha ko‘zga tashlangani yo‘q. Bu ham bo‘lsa, Toshkent investorlar ishonchini qozona olmaganidan dalolat. 

Bundan bir necha yillar ilgari O‘zbekistonda tadbirkorlik bilan shug‘ullangan turkiyalik sarmoyador Ahmet Demir “Chorsu” mehmonxonasini ishga tushirish huquqini qo‘lga kiritgandi.

“Demir Group” shirkati anchadan beri ishlatilmay, qarovsiz qolgan “Chorsu” mehmonxonasini rekonstruksiya qilish va yangi restoran ochishni rejalashtirgandi. Mehmonxona 2019 yilning oxirigacha ishga tushirilishi kerak edi.

Biroq mehmonxonada ishlar to‘xtab qolgan, balki umuman boshlanmagan.  O‘zgarishlar bo‘lmayotgani ma’lum bo‘lgach, Ahmet Demir buning sababini quyidagicha ochiqlagandi:

“Ayrim muammolar bor. Eng katta muammoimiz esa – qog‘ozbozlik. Masalan, bir paytlar aytib o‘tganimdek, bizga qo‘shimcha yer kerak. Chunki mehmonxona kamida to‘rt yulduzli bo‘lib, 350 ta xonadan iborat bo‘ladi. Xorijlik hamkorlarimiz bunday yirik inshootda namunali xizmat ko‘rsatish uchun 2 gektarlik maydon kamlik qilishini aytishgandi. Shundan so‘ng biz Toshkent shahar hokimiyati va boshqa mutasaddilarga qo‘shimcha yer maydoni ajratish bo‘yicha murojaat etgandik. Natijada yana 3 gektar yer qo‘shib berilishini va’da qilinib, bu haqda davlat rahbarining qarori ham chiqdi. Ammo o‘sha qaror hanuz bajarilganicha yo‘q. Buning oqibatida ishimiz sustlashgan, eng yomoni, bankdan kredit ololmayapmiz. Bankka ikkita kadastr hujjatini ko‘tarib borib, kredit so‘rasam, “Biznes-rejangizda ko‘rsatilgan mana bu hududning hujjati qani?” deyishadi. “Mutasaddi idoralar keyin qilib berar ekan”, deyman. Ammo ular ham chetdan kelmagan, shu yurtning fuqarolari. Yaxshi bilishadiki, “Keyin qilib beriladi”, degani ba’zan “Hech qachon qilib berilmaydi”.

Investor Ahmet Demirga restoran ochish uchun Toshkentdan joy berilgan. Bir necha oydirki, restoran faoliyat yurityapti. U har kuni odamlar bilan gavjum. QALAMPIR.UZ to‘plagan ma’lumotlarga qaraganda, haligacha restoranning kadastr hujjatlari Ahmet Demir nomiga rasmiylashtirib berilmagan. Xo‘sh, bu byurokratiyaning butkul yo‘q bo‘lgani belgisimi?

Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining Toshkent shahar hokimi to‘g‘risida bildirgan izohini keltirsak:

Bu yagona holat emas, joriy yilning boshida toshkentlik tadbirkor ayol amaldorlarni sudga berish harakatiga tushib qolgandi. Gap shundaki, tadbirkor Fotima Jo‘rayeva TVda aytilayotgan chiroyli gaplarga ishonib, tadbirkorlik faoliyatini boshlagani va bu borada ko‘plab to‘siqlarga duch kelganini aytgan.

Tadbirkor hokimlik tashkil qilgan “Ochiq eshiklar kuni”da ishtirok etib, Sergeli tumanidagi tashlandiq yerni obod qilish majburiyatini olgan. U yer esa keyin Fotima Jo‘rayevaga rasmiylashtirib berilishi kerak bo‘lgan. Tadbirkorlar uchun yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etib, bu bo‘yicha shaxsan topshiriq bergan. Ammo belgilangan joy obod qilinganidan ko‘p vaqt o‘tganiga qaramay, ramiylashtirish ishlari kechiktirib kelingan.

Sabr kosasi to‘lgach, Fotima Jo‘rayeva yana bir bor Bosh vazir bilan uchrashish va unga shikoyat qilish niyatida ekanini bildirib, Jahongir Ortiqxo‘jayevga ochiq xat yo‘lladi. To u bu ishga bosh-qosh bo‘lganlar va shaxsan Bosh vazirni sudga berishni aytmaguniga qadar ishi paysalga solib kelingan.  Bu ish biroz vaqt o‘tgach, tadbirkor aytganidek hal qilib berildi. Ammo, Toshkentda Jo‘rayevaga o‘xshab, og‘zaki gapga ishonib, qurilish qilgan, so‘ng hujjatlarni rasmiylashtira olmay sarson bo‘lib yurganlar talaygina.

Jahongir Ortiqxo‘jayev aholi tomonidan yana bir sababga ko‘ra jiddiy tanqid qilib kelinyapti. Bu bojxonadagi cheklovlar masalasi. “Akfa”, “Artel”, “Imzo” kompaniyalari, shuningdek, “Atlas”, “MediaPark” ko‘ngilochar savdo majmualari egasi hokim bo‘lgach, odamlar bojxonadan bir necha dona elektrotexnika mahsulotlarini birdan olib o‘tishga nisbatan cheklov o‘rnatilganiga qarshi. Ular bu ishda hokimning qo‘li bor degan fikrni mahkam ushlab olgan. “Crafers” kompaniyasi ta’sis etilgach, qandolat mahsulotlarini ham mamlakatga olib kirishda muammolar yuz berayotgani bot-bot yangrab turibdi.

Ko‘pchilik Ortiqxo‘jayev siyosiy kuchidan foydalanib, qabul qilinayotgan Hukumat qarorlarini o‘ziga qulaylashtirdi, degan fikrda.

Amaldagi shahar hokimining faoliyatiga quyidagicha baho beruvchilar ham yo‘q emas:

Umuman olganda hokimdan norozilar arqonni uzunroq tashlab, masalaning tub mohiyatiga yetishga urinyapti. Ba’zilar Ortiqxo‘jayev timsolida kuchli monopolistni ko‘ryapti.

Ortiqxo‘jayevdan mamnun bo‘lganlar esa Rahmonbek Usmonovdan keyin ochiqroq ishlovchi, xalqqa yaqinlashuvchi shaxs hokimbuva bo‘lganiga shukr qilyapti.

Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi, deyishganidek amaldagi shahar hokimi avvalgilaridan ancha yaxshiligi bor gap. Toshkent shahrida oxirgi yillarda Yangi yil va Navro‘z bayramlari bu yildagidek katta tantana va shukuh bilan o‘tkazilmayotgandi. Toshkentda o‘rnatilgan markaziy Yangi yil bayram archasi Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari poytaxtlarida o‘rnatilgan yangi yil archalari orasida balandligi bo‘yicha beshinchi o‘rinni egallashining o‘zi fikrimizni isbotlaydi. Navro‘z bayrami ham poytaxtda avval kuzatilmagan katta tantana bilan o‘tkazildi. Shaharning turli nuqtalarida alohida tomoshalar uyushtirildi.

Ammo hokim xalqqa yaqin va samimiy munosabatda bo‘lgani bilan ko‘p hollarda atrofidagilar uning zarariga ishlashdan to‘xtamayapti. Shuning o‘zi hokimning obro‘siga putur yetkazadi. Bu haqda gap ketargan, shahar muammolari faqat Ortiqxo‘jayevniki emas, balki tizimda faoliyat yuritayotgan 60 ming xodimniki. O‘rinbosarlar, qo‘l ostidagi xodimlari hokimning oldida tabassum qilib turgani bilan, aksariyatining xalq bilan uchrashuvda qo‘li cho‘ntakda. Xalqni eshitish malol keladi. Hokim, hokim deymizu bu faqat hokimning emas, jamoaning ishi. 

Yana bir jihat borki, uni aytmay ketish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shahar hokimligining Jahongir Ortiqxo‘jayev shakllantirgan PR jamoasi o‘ta samarali ishlab keladi. Ular yo‘qni bordek, ozni ko‘pdek ko‘rsatishni bilishadi. Buni ham hokimning o‘ziga xos yutug‘i deyish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo‘jayev

Baholaganlar

241

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar