“Open budjet”. Suv bormagan qishloqliklar poytaxtda sarson

Tahlil

Bugun Toshkent ko‘chalarida bir guruh fuqarolar qishloqlaridagi muammolarni hal qilish uchun ovoz yig‘ishmoqda. Ular poytaxtda mushuk tekinga oftobga chiqmasligini bilishgan shekilli, har bir ovoz uchun qandaydir rag‘bat berishni ham yo‘lga qo‘yishgan. Masalan, bir ovoz uchun 5 000 so‘m miqdorida pul yoki biror ichimlik beriladi. Oldinlari O‘zbekistonda uchramagan bunday “tajriba”ning paydo bo‘lishiga nima sabab bo‘ldi?

2021 yilning 9 iyul kuni O‘zbekistonda yangilangan “Ochiq byudjet” portali ishga tushirildi. Unda davlat byudjeti va qarzi bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. Shuningdek, platformada “Tashabbusli byudjet” bo‘limi yaratilgan bo‘lib, Portal orqali fuqarolar nafaqat byudjet ma’lumotlari bilan tanishib borishlari, balki bu jarayonda bevosita ishtirok etgan holda, o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalarni hal qilish uchun tegishli mablag‘larni talab qilish imkoniyati yaratildi. Bu orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin. Tashabbusli byudjet jarayonlarining birinchi bosqichida fuqarolar tomonidan jami 230 mingga yaqin taklif va ovozlar bildirilib, buning natijasida jami 245,1 milliard so‘m mablag‘lar joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish uchun yo‘naltirilgan.

O‘tgan 2021 yilda o‘tkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonida esa 41 mingdan ortiq taklif kelib tushgan bo‘lib, ularni bir million yuz ming nafar fuqaro yoqlab ovoz bergan edi.

Joriy yilning  24 avgustidan esa   “Tashabbusli byudjet” loyihasining 3-bosqichiga start berildi va u  17 sentyabrda tugaydi. Shu sababli ham fuqarolar o‘z yashash joyidagi muammolarning hal etilishi uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishmoqda. Masalan, Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali ovoz yig‘ish, aloqa kompaniyalaridan ko‘p miqdorda sim-kartalar sotib olib, ularni “Open budjet”da registratsiyadan o‘tkazish va uyma-uy yurish.

Shu kunlarda Toshkentning gavjum nuqtalaridagi  ovoz berishning “pullanayotgan”i ham shu usullardan biridir.

QALAMPIR.UZ muxbiri esa boshqa viloyatlardan Toshkentga kelib, o‘z qishlog‘ining muammosini hal qilishga urinayotganlar bilan suhbatlashdi.

Dastavval ular bizga intervyu bermaslik uchun kameradan qochishdi. Ovoz yig‘ish ishlariga bosh-qosh bo‘layotganlarning ayrimlari, hatto, qaysi hududning qanday muammosiga ovoz yig‘ayotganlarini bilmasliklarini aytib, buni savob uchun bajarayotganlarini aytdi. Shuningdek, ovoz berayotgan va uning evaziga ichimlik olayotgan talabalarning biri ham qayerga ovoz berganini o‘zi bilmasligini ma’lum qildi. Lekin ko‘p o‘tmay ovoz yig‘uvchilar muammolarini ochiq ayta boshladi.

“Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani “Xitoy” MFY Ommag‘on qishlog‘i uchun ovoz yig‘yapmiz. Qishlog‘imizda uzoq yillardan beri ijimlik suvi muammosi bor. Biz hozir Toshkentda turamiz, lekin qishlog‘imizdagi muammodan xabarimiz bor. U yerdagi odamlarning kimidadir telefon bor, boshqasida yo‘q. Boshqa tashabbuslar qandaydir usul bilan ovozini ko‘paytirmoqda. Biz esa bunday usulda ovoz ko‘paytiryapmiz”, deydi ovoz yig‘ayotganlardan biri.

Suhbatdoshimizning aytishicha, ularning qishlog‘iga umuman suv kelmagan.  Qishloqdan 13 km uzoqlikda oqib o‘tuvchi daryodan suv keltirish esa ancha qiyin va ko‘p mablag‘ talab qiluvchi ish. Hozirgi kunda ular 3 mingta ovoz yig‘ishgan. Lekin boshqa tashabbuslarning yig‘gan ovozlari ularnikidan ancha ko‘p – 15 ming-20 ming atrofida.

Rahbarlarning bundan xabari yo‘qmi, degan savolga u “Bu muammo bir necha marta tuman deputatlariga ham, viloyat deputatlariga ham, tuman va viloyat hokimiga ham aytilgan. Kimgadir aytsangiz bu mening qo‘limda emas, deb bahona qiladi”, deya javob qildi.

“Mas’ullar borib ko‘rganida 30 yildan beri borardi-da. “Open budjet” boshlanganidan keyin o‘tgan yili bizning yo‘limiz asfalt bo‘ldi. Biz unga ishonamiz va bu yil suv muammosi bilan qatnashyapmiz. Agar bu yil ham yutsak, keyin qatnashmaymiz. Boshqa muammoyimiz yo‘q”.

Ovoz yig‘uvchilarning biri esa ovoz evaziga almashtirilayotgan ichimlik suvlari xalqdan yig‘ib olingani, agar bu yil tashabbusda g‘olib bo‘lishmasa, keyingi yili yana shu ishni qilishga majbur bo‘lishini aytdi.

“Qancha harakat qilganimiz bilan kimgadir asfalt, kimgadir yo‘l kerak. Shuncha qilayotgan xarajatimiz esa qolib ketadi. Bu tizimni yana bir o‘ylab ko‘rish kerak. Masalan, bizning yo‘limizni asfalt qilish uchun asfaltimizni qirib tashlashdi. Lekin 2 yildan buyon tashabbusda yutolmaymiz va bu ish shunday qolib ketdi”, deydi u.

Bu muammolarni xalqning bo‘yniga tashlab qo‘yish emasmi? Axir muammo aniq bo‘lsa, uni borib ko‘rish, qanchalik dolzarbligini aniqlash mumkin-ku?! Nega odamlar buni muammoning muammo ekanligini isbotlash uchun ovoz yig‘ishi kerak? Bu savolimizdan esa ovoz sotib olayotganlarning jahli chiqdi.

“Yordam bersa yaxshi, lekin yordam bermayapti-da. Nima qilasiz bo‘lmagan gapni gapirib? Bu ish bo‘lmaydigan ish, bungacha ham bo‘lmagan, bundan keyin ham bo‘lmaydi. Mansabdor shaxslar, hokimlarning chekka joylarni borib ko‘rmasligi sizga ham, bizga ham aniq-ku”, deydi ulardan beri.

Biz ularning gaplari qanchalik haqiqatga to‘g‘ri keladi, bu ishni haqiqatdan ham savob uchun qilishyaptimi, buni aniq bilmaymiz. Moliya vazirligi ham bu holatga izoh berar ekan ovozlar qayta tekshirilishini ma’lum qildi. 

"Fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olgan holda, shubhali to‘plangan ovozlar deb topilgan loyihalar bo‘yicha Moliya vazirligi tomonidan ushbu murojaatlarning haqqoniyligi yuzasidan o‘rganishlar olib boriladi. 

O‘rganishlar natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.  

Ovoz berish jarayonining muddati tugagach barcha ovozlar qayta tekshirib chiqiladi", - deyiladi xabarda.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

161

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing