O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi

Jamiyat

image

Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30-65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (ro‘yxati) shakllantiriladi, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratiladi. Bu haqda 22 noyabr kuni qabul qilingan “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida so‘z boradi.

Qarorga ko‘ra, har yili 30–50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

30-65 yoshdagi ayollar har 2 yilda bir marotaba tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan o‘tkaziladi.

Skrining natijasida onkologik kasallikka chalinganligi aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bog‘liq xarajatlar byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.

Shuningdek, 2025 yil 1 yanvardan boshlab:

  • onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shifokor hamda mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun rentgen-laborantlar shtatlari joriy etiladi;
  • Mammografiya tasvirini o‘qish markazi tashkil etiladi;
  • odam papilloma virusi diagnostikasi uchun qo‘llanadigan test tizimlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha referens-laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
  • bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningiga nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb qilinadi.

Bundan tashqari, 2025 yil 1 mayga qadar:

  • bachadon bo‘yni saratoni skriningi va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash sifatini baholash va monitoring qilib borish tizimi;
  • skrining dasturiga kiritilgan ayollar bilan qayta aloqa qilish tizimi joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bachadon bo‘yni saratonini bartaraf qilishni tezlashtirish bo‘yicha global strategiyada 9-14 yoshdagi qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlashni tavsiya qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing