Ombudsman gumondorlar qiynoqqa solinayotganiga munosabat bildirdi
Olam
−
02 may 2023 12129 2 daqiqa
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ijtimoiy tarmoqlar va OAVda tarqalgan 2 gumondor shaxsning IIO tergovida vahshiyona qiynalayotgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi. Bu haqda Ombudsmanning Axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Ombudsmanga advokat U.M.ning himoyasi ostidagi Hasanboy Abdunabiyev qiynoqqa solingani haqida yuborilgan murojaat tezkorlik bilan ijroga xqaratilib, 1 may kuni ushbu murojaat O‘zbekiston Respublikasi JPK talablari asosida ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga Ombudsmanning alohida nazorat xati orqali yuborilgan.
Shuningdek, Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari vakillari tomonidan xabarlarda qayd etilgan shaxslar bilan uchrashib, holi tarzda suhbatlashishlari uchun navbatdan tashqari monitoring tashrifini tashkil qilish ham rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Ombudsmanga yuborilgan qiynoqqa oid murojaatlar, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlar darhol nazoratga olinishi va o‘rganilishi bildirilgan. O‘rganish natijalari bo‘yicha jamoatchilik xabardor qilinishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida yashovchi Doniyor To‘raxo‘jayevning bosqinchilikda gumonlangan 40 yoshdagi ukasi Dilshodjon joriy yilning 12-15 aprel kunlari Toshkent shahar IIBB Tergov bo‘limi xodimlari tomonidan qiynoqqa solinganligi, og‘iz va qo‘llari skotch bilan bog‘lanib, shafqatsiz muomalaga duchor qilinganligi bo‘yicha xabarlar tarqalgandi. Bundan tashqari, Toshturmada saqlanayotgan 29 yashar Hasanboy Abdunabiyevga nisbatan sodir etilgan qiynoq natijasida u salkam nogironga aylanib qolgani aytilgandi. Shundan so‘ng, mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov munosabat bildirib, Dilshodjon To‘raxo‘jayev haqiqatdan ham fuqaro kiyimidagi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari, maxsus kiyimdagi tergovchilar tomonidan majburiy ko‘rsatma olish maqsadida qiynoqqa solinganini ma’lum qildi. Hasanboy Abdunabiyev esa qo‘lga olish jarayonida qattiq qarshilik ko‘rsatgani aytildi.
Live
Barchasi