O‘zbekistonlik sportchilardan omad yuz o‘girdimi?

Sport

Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi 8 ta medal jamg‘ardi.

10 metrga pnevmatik miltiqdan otish bo‘yicha aralash jamoaviy dasturda ishtirok etgan Javohir Sohibov va Muxtasar Tohirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi. Saralashdan ikkinchi natija bilan o‘tgan o‘zbekistonlik merganlar oltin medal uchun kechgan bahsda xitoylik juftlikka imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Taekvondochi Charos Qayumova ham o‘z nomini sovrindorlar qatoriga yozdirib qo‘ydi. -53 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi yarim finalda Xitoy Taipeyi vakilasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va bronza medali bilan taqdirlandi. Shunday qilib, o‘zbekistonlik taekvondochilarning Xanchjouda jamg‘argan medallar soni uchtaga yetdi.

Dzyudochi Davlat Bobonov delegatsiya hisobiga kumush medalni taqdim qildi. -90 kg vazn toifasining finalida ishtirok etgan Bobonov qirg‘izistonlik Yerlan Sherovga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston delegatsiyasi g‘aznasini bayroqdor Muzaffarbek To‘raboyev yana bir oltin medal bilan boyitdi. U -100 kg vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritib, O‘zbekistonga ushbu Osiyo o‘yinlaridagi beshinchi oltin medalni keltirdi. To‘raboyev qiziqarli kechgan final bahsida mo‘g‘ulistonlik raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Eng og‘ir vazn toifasida ishtirok etgan Alisher Yusupov ham Osiyo o‘yinlari sovrindorlari qatoridan joy oldi. Yusupov bronza medali uchun kechgan bellashuvda yaponiyalik Xyoga Ota ustidan g‘alaba qozonib, delegatsiya hisobiga bronza medalni taqdim qildi.

Ushuchi Darya Latisheva ham kuchlilar qatoridann joy oldi. Sportchi nankuan va nandao dasturlari yakuniga ko‘ra, Xitoy hamda Malayziya vakillaridan keyin bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu Darya uchun Osiyo o‘yinlaridagi ikkinchi medal hisoblanadi. Latisheva 2018 yilgi musobaqada kumush medal sohibiga aylangan edi.

O‘zbekiston delegatsiyasining ikkinchi bayroqdori, Zaynab Dayibekova qilichbozlik bahslarini bronza medal bilan yakunladi. Sablya bo‘yicha yakkalik dasturida ishtirok etgan Dayibekova yarim finalda janubiy koreyalik Jisu Yunga kichik farq – 14:15 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va bronza medali bilan taqdirlandi.

26 sentyabr kungi bahslardan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi 5 ta oltin 6 ta kumush va 11 ta bronza jami 22 ta medal bilan umumjamoa hisobida 4-o‘rinda bormoqda. Kuchli uchlikni esa hamon kutilganidek Xitoy, Koreya va Yaponiya jamoalari band etgan. O‘zbekistonga eng yaqin ta’qibchi esa Gongkong jamoasi bo‘lib turibdi. Gongkongliklar hozircha 5 ta oltin, 4 ta kumush va 10 ta bronza jami 19 ta medal bilan 5-o‘rinni egallagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing