“Oltin tuzoq”: Rossiya va Xitoy dollar gegemonligini qanday sindiradi?
Tahlil
−
27 may 2019
12375Sobiq Sovet Ittifoqi – SSSRning 1991 yilda parchalanishi bilan dunyoda ikki qutblilik barham topdi. SSSRning qonuniy merosxo‘ri Rossiya dunyo siyosatida 20 yildan ortiq vaqt mobaynida ovozini chiqarmay, “damini ichiga yutib” keldi. AQSH esa bu davrda Rossiya chegaralariga yaqinlashib, Sharqiy Yevropa davlatlarini birin-ketin “zabt” etib, ularni NATOga qo‘shib olaverdi.
SSSR parchalanganidan salkam chorak asr o‘tibgina Rossiya bu dunyoda o‘z so‘ziga ega davlat ekanini ko‘rsatdi. Bu avvalo RF Harbiy havo kuchlarining Suriyaga kirib, ISHIDga qarshi kurashishida ko‘ringan bo‘lsa, keyinroq, Ukrainadagi “maydon” voqealari natijasida Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishida namoyon bo‘ldi. G‘arb davalatlari AQSH boshchiligida bu holni suveren davlatning hududiy yaxlitligiga daxl qilish deb baholab, Rossiyaga sanksiyalar “yomg‘irini yog‘dirdi”.
AQSH Rossiya iqtisodini “sindirish” va mamlakatni tashqi olamdan uzib qo‘yish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib kelyapti. Bu maqsad yo‘lida Amerika xalqaro valyuta vazifasini o‘tovchi dollardan ham foydalanyapti.
AQSH Rossiyanigina emas, Xitoyni ham “popugini pasaytirish”ga kirishib ketgan. 2018 yilning yozidan beri “Osmon osti” mamlakati Amerika bilan savdo borasida bahslashib kelyapti. Rossiya harbiy qudrat jihatidan AQSH manfaatlariga rahna solayotgani sababli, Xitoy esa iqtisodiy tomondan AQSHni ortda qoldirish payiga tushgani uchun “Sem amaki”ning nishoniga aylangan.
Umumiy dushmanga ega ikki yirik davlat – Rossiya va Xitoy bir maqsad yo‘lida o‘z ittifoqchilik aloqalarini o‘rnatdi. Birgalikda AQSHning qudratli moliyaviy quroli dollarning xalqaro valyuta sifatidagi gegemonligiga barham berish rejalarini amalga oshirishga kirishib ham ketdi. Buning uchun rasmiy Moskva va Pekin sinalgan vosita – oltindan foydalanishni ma’qul ko‘ryapti. Rossiya ikki yildirki faol ravishda oltin xarid qilib keladi. Rasmiy Moskva savdo sheriklaridan to‘lovlarni dollarda emas, oltinda to‘lashni so‘ragan hollar ham kuzatildi. Oltinning zaxira sifatida saqlab qo‘yilishi uning narxi ko‘tarilishiga olib keladi. Ushbu qimmatbaho metalning qimmatlashuvi dollarning zaiflashishi demakdir.
Yanada ko‘proq oltin
Dunyo oltin kengashi (World Gold Council – WGC) hisobotlariga ko‘ra, o‘tgan yili ushbu qimmatbaho metalning markaziy banklardagi hajmi 651 tonnaga ortib, 1971 yilda AQSH oltin standartdan voz kechganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan. Ahamiyatlisi, shu oltinlarning deyarli yarmini Rossiya Markaziy banki xarid qilgan.
Bugunga kelib Rossiya MB ixtiyorida 2183 tonna oltin zaxirasi mavjud. Ularning umumiy qiymati 87 mlrd dollarga teng. Rossiya so‘nggi yilarda zaxiralarini amerika obligatsiyalari va dollarda emas, oltinda shakllantirishga e’tibor berdi. Natijada ushbu qimmatbaho metall zaxirasi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Xitoy 1853 tonna zaxirasi bilan oltin xaridida RFdan keyin ikkinchi davlatga aylandi. “Osmon osti” mamlakati 2018 yil oxirida oltin sotib olishni ko‘paytirdi. Bu xalqaro bozorda o‘z aks sadosini berdi va bir troy unsiyaning narxi 1300 dollarga yetdi.
Hindiston ham “Oltin klub”ga kirishga urinyapti. O‘tgan yili mamlakat Zaxira banki oltinlarini 42 tonnaga ko‘paytirib, umumiy hajmini 600,4 tonnaga yetkazgan.
Geosiyosiy va iqtisodiy noaniqliklar markaziy banklarni o‘z zaxiralarini diversifikatsiyalash bo‘yicha qaror qilishga hamda mablag‘larni xavfsiz va likvidlik darajasi yuqori bo‘lgan aktivlar holida saqlashga turtki bo‘ldi.
Yil boshidan beri oltin narxi bir muncha to‘g‘rilandi. Biroq mutaxassislarning fikricha, oltin narxining korreksiyalashuvida hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘q. Balki bu hol Xitoy va Rossiya uchun qulay imkoniyat. Negaki ular bu vaziyatda ko‘proq oltin sotib olishi mumkin bo‘ladi.
Bloomberg tahlilchilarining fikricha, dunyoning yirik davlatlari olib borayotgan zaxiralarini diversifikatsiyalash siyosati oltin quymasiga bo‘lgan talabni global darajada oshirib yuboradi, o‘z navbatida uning narxini ham.
Ishonchli zaxira
Oltin jamg‘arish orqali davlatlar turli “risk”lardan sug‘urtalanishga urinadi – eng avvalo geosiyosiy va sanksiya xavfidan.
“Turli valyuta, aksiya va obligatsiyadan farqli o‘laroq oltin – uchinchi shaxs bilan majburiyatlar bo‘lmaydigan kapital. Shu sababdan, masalan, AQSH Rossiyaga tegishli oltinlarga sanksiya qo‘yolmaydi”, deb ta’kidlaydi tahlilchi Ronald-Peter Shteferle.
“Oltin – tabiiy minimal inflyatsiyaga uchrashi mumkin bo‘lgan hamda dollar kursining tebranishidan sug‘urta sifatida dunyodagi eng mustahkam valyutasi. Bu yuqori likvidlik darajasiga ega resurs, katta miqdordagi oltin zaxirasi investorlarning valyutaga (biror davlatning milliy puliga) bo‘lgan ishonchni orttiradi”, deb fikr bildirgan Shteferle.
AQSHning defoltga uchrashidan eng yaxshi sug‘urta sifatida oltinning ahamiyati ortib boryapti. Amerikaning 22 trlndan ortiq qarzi bor. Rossiya va Xitoy yaxshi tushunib turibdiki, Qo‘shma Shtatlar qarz majburiyatlarini bajarishda katta qiyinchiliklarga uchraydi va oxir-oqibat amerika davlat obligatsiyalarini xarid qilishdan foyda qolmaydi. Oltin esa dunyoning birinchi raqamli iqtisodi defoltga uchraganda eng yaxshi himoya vositasi bo‘ladi. Negaki, oltin har qanday qog‘oz valyutaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchi bo‘la oladi.
Narxlarning mislsiz o‘sishi
Bugungi vaziyatda qimmatbaho metallarni sotib olish ham markaziy banklar, ham investorlar uchun eng yaxshi strategiya ekaniga tahlilchilarning ishonchi komil. Ba’zi mutaxassislar davlat qarziga qarshi stavkalar qilib, oltin va kumush kabi qattiq aktivlar sotib olish kerakligini ta’kidlayapti. Shu o‘rinda hech bir siyosatchi, hech bir Federal zaxira tizimi rahbari buni o‘zgartirolmasligiga urg‘u berilgan.
Oltin va kumushning narxi kelajakda keskin ko‘tarilishini yirik investitsiya banklari ham inkor qilmayapti. Goldman Sachs bashoratlariga ko‘ra, bosma uskunasining tinimsiz ishlashi, dunyo iqtisodi barqarorligiga yanada ko‘proq xavf tug‘diradi. Oqibatda real aktivlar – avvalo oltinning narxi oshib ketadi.
Narxning o‘sishiga ushbu qimmatbaho metalning qazib chiqarilishi kamayishi ham sabab bo‘ladi. Dunyodagi eng yirik oltin qazib oluvchi kompaniya Newmont Goldcorp mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilga borib oltin qazib olish asr boshidagi ko‘rsatkichga qaytadi. AQSH geologiya xizmati fikricha, oltinning hozirgi kuch bilan qazib olinishida Yer qa’ridagi zaxiralar 2034 yilga borib tugaydi.
Tahlilchi Bill Xolter Rossiya va Xitoy amerika qarz bozorining barbod bo‘lishidan avval iloji boricha ko‘proq oltin g‘amlashga urinayotganiga ishonchi komil.
“Rasmiy Moskva va Pekinning uzoqni ko‘zlangan rejasi G‘arbning oltin zaxirasini tugatish. Qachonki, ushbu qimmatbaho metall ta’minotida muammolar paydo bo‘la boshlaganda Rossiya va Xitoy AQSH g‘aznachiligi va dollarning zaxira valyuta sifatidagi gegemonligiga chek qo‘yib, dunyo iqtisodida o‘z tartibini o‘rnatadi”, degan fikrga keldi Bill Xolter.
Ammo AQSH g‘aznasida 8 133,5 tonna oltin mavjudligini hisobga olsak, Rossiya va Xitoyning rejasini amalga oshirish o‘ylangandan ko‘proq vaqt talab qiladi degan fikrga boradi, kishi. AQSHning yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida dunyoda birinchi raqamli davlat bo‘lishining asosiy omili ham oltin bo‘lgan. Birinchi Jahon urushida AQSH boshqa davlatlarga qurol yarog‘ va boshqa mahsulotlar yetkazib berishdan tashqari, qarz ham bergan va yakunda katta miqdorda oltin g‘amlagan. Ikkinchi Jahon urushidan keyin AQSHning oltin zaxiralari yanada ortib, dunyodagi 65 foiz oltin “Sem amaka”ning qo‘lida to‘plandi. Shundan beri AQSH dunyoda o‘z hukmini o‘tkazib keladi.
O‘zbekistonning oltin zaxirasi qay ahvolda?
Joriy yilning 1 may holatiga ko‘ra, O‘zbekiston 348,4 tonna oltin zaxirasi bilan bu borada dunyoda 16-o‘rinni egalladi. Bu mamlakat oltin-valyuta zaxiralari tuzilmasida 53 foizni tashkil etadi.
O‘zbekiston oltin savdosida faol sotuvchi davlat bo‘lib kelgan. Mamlakat joriy yilning birinchi choragida oltin sotish bo‘yicha dunyoda yetakchilik qildi. Uch oyda Markaziy bank 6,2 tonna oltin sotdi.
Yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning eksport hajmi 4,1 mlrd dollarni tashkil etdi, undan 1,2 mlrd dollari yoki umumiy tuzilmadan 29,8 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keldi.
O‘tgan uch yil ichida O‘zbekiston 220 tonna oltin eksport qilgan. 2016 yilda 2,7 mlrd dollarga teng 70 tonna oltin eksport qilingan. 2017 yilda qimmatbaho metall eksporti 80 tonnani yoki 3,1 milliard dollarni tashkil etgan. 2018 yilda 70 tonna oltin sotish orqali 2,9 mlrd dollar ishlab olingan.
Markaziy bank oltin sotib, mamlakatga xorijiy valyuta olib kiryapti. Ha, O‘zbekiston oltin zaxiralariga ega davlat. Ammo bir narsani unutmaslik kerakki, har qanday tabiiy boylikning ham cheki bor. Yo‘qsa, resurslarning cheklanganligi va ehtiyojlarning cheksizligi iqtisodiyotning bosh muammosi bo‘lmasdi.