Oltin eksportidan ko‘chib ketganlargacha! O‘zbekiston haqida siz bilgan va bilmagan raqamlar

Bu qiziq

image

Statistika shunchaki raqamlar emas, u insoniyatning tarixi. Har doim berib boriladigan statistik raqamlar xalqning muammolari, salomatligi-yu farovonligidan gapiradi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli qay darajadaligini ko‘rsatib beradi. Hattoki raqamlar davlat dasturlarini tuzish va qarorlarni qabul qilishda muhim asos hisoblanadi. 

BMT Bosh Assambleyasining 2010 yil 3 iyundagi rezolyutsiyasiga asosan 20 oktyabr – Butunjahon statistika kuni deb e’lon qilingan. Ushbu sana har besh yilda bir marotaba keng miqyosda o‘tkaziladi.

Mazkur sana munosabati bilan O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ so‘roviga ko‘ra eng muhim va eng qiziq statistik raqamlarni ma’lum qildi.

Statqo‘mga ko‘ra, joriy yilning 8 oyida O‘zbekiston xorijga qiymati 1,4 mlrd dollarga teng oltin eksport qilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 4,4 mlrd dollarga kam, yoki, 4,1 baravarga kamaygan. Bugungi kunda mamlakat eksportining 15 foizini aynan oltin tashkil qilyapti.

Oltin bilan bir qatorda mis eksporti ko‘payib bormoqda. Xususan joriy yilning 8 oyida O‘zbekiston xorijga qiymati 751,7 mln dollarga teng 87,6 ming tonna mis eksport qilgan. Bu raqamlar o‘tgan yilga nisbatan 10,3 ming tonnaga ko‘pdir.

Endi O‘zbekistondan 2021 yilning yanvar-iyun oylarida jami 812,9 ming kishi xorijga chiqib ketgan. Ulardan 6,3 ming nafari o‘qish maqsadida, 10,9 ming nafari esa davolanish maqsadida O‘zbekistonni tark etgan.

Joriy yilning olti oyida doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlar soni 10689 kishini tashkil etdi.

2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga 691,7 ming xorijlik turli xil maqsadlarda tashrif buyurgan. Xususan, 3,3 ming kishi o‘qish, 5,7 ming kishi tijorat, 577,4 ming kishi qarindoshlarini yo‘qlash va 65,7 ming kishi dam olish maqsadida mamlakatga kelgan.

Joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 20 mln abonent internet tarmog‘iga ulangan. Eng ko‘p abonentlar soni Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Poytaxtda 4 mln 620 ming 900 abonent internetga ulangan. O‘zbekiston aholisi bir kunda qancha trafik sarflashi hozircha ochiqlanmagan.

Joriy yilning dastlabki ikki choragida 79,7 mingta o‘lim holati qayd etilgan. Ularning 61,4 foizi – qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,4 foizi – o‘simtalardan, 5,7 foizi – baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 4,9 foizi – ovqat hazm qilish kasalliklaridan, 4,5 foizi – nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 1,9 foizi – yuqumli kasalliklaridan, 12,2 foizi esa boshqa kasalliklardan vafot etgan. Eng ko‘p o‘lim holati fevral oyiga (14 ming 702), hududlar bo‘yicha tahlil qilganda Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan. 

2021 yilning 9 oyida O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 28,2 mlrd AQSH dollarini tashkil qilgan.

Respublikaning doimiy aholisi soni 35 mln 79,2 ming kishini tashkil qilmoqda. Joriy yilning har bir kunida doimiy aholi soni o‘rtacha 1,9 ming kishiga, har oyda esa 57 ming 811 kishiga ko‘paygan. 

Joriy yilning 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonda 206,7 mingta nikoh tuzilgan. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlari tomonidan qarindosh bo‘lgan 675 nafar kelin-kuyovning nikohlari qayd qilingan.

UNICEF e’lon qilgan statistika bo‘yicha O‘zbekistonda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan qizlar va yosh ayollarning 68 foizi hech qachon Internetdan foydalanmagan.

Ma’lumot o‘rnida, mamlakatlarning milliy statistika tizimini rivojlanganlik darajasini baholab boradigan Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”da O‘zbekiston 67,8 ball bilan 154 ta davlat orasidan 61-o‘rinni egallagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

452

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing