Olmaliqda tovuq mashmashasi: aslida nima bo‘lgan edi?
Jamiyat
−
06 iyun 2020
15260Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan xodimlarga tovuqlar tarqatilgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Unda tovuqlar mavsumiy pat to‘kish jarayoninini boshdan kechirayotgani sabab, holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ustiga ustak ushbu tovuqlar puli xodimlarning maoshidan olib qolinayotgani ro‘kach qilindi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Olmaliqqa yetib bordi.
Aniqlanishicha, bir necha kun avval, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kasaba uyushmasi Kengashi taklifiga ko‘ra, kombinat ishchi-xodimlariga tirik vaznda bittadan tovuq berilgan. Ushbu tovuqlarning har bir donasi 8200 so‘mdan(QQSsiz) baholanib, bu mablag‘ ishchilardan ushlab qolinmagan. Biroq, mazkur xabar Olmaliq shahar hokimlining telegramdagi rasmiy sahifasida ishchilarning oylik maoshidan 8200 so‘mdan olib qolib, tarqatilayotgani xabar qilingan.
Olmaliq shahar hokimligi Matbuot xizmati rahbari Dilfuza Ro‘ziyeva tovuqlarning har biri 8200 ga baholangani haqidagi ma’lumotni ishchilarning oylik maoshidan olib qolish evaziga deb tushunganini aytadi. Biroq, u yanglishgan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda suratlari tarqalgan tovuqlarning ko‘rinishi haqiqatan ham kishini hayratga soladi. Pati to‘kilgan bu tovuqlarni kasal deb o‘ylaysan kishi. Ammo, parrandachilikni tushunganlar yaxshi biladiki, tovuqlar vaqti-vaqti bilan pat to‘kadi. Bu esa ularning nosog‘lomligidan darak bermaydi.
Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasining Parrandachilik fermasi veterinari Anvar Haydarovning ma’lum qilishicha, “Lomann sendi” zotli tovuqlari faqat tuxum qo‘yishga mo‘ljallangan bo‘lib, jo‘ja paytidan 120 kunlik bo‘lganidan so‘ng, tuxumga kiradi va to‘xtovsiz 580 kun davomida tuxum qo‘yishadi. Parrandachilik fermasidagi tovuqlarning tuxum qo‘yish muddati o‘tab bo‘linganligi sababli hamda iqtisodiy samaradorligi kamayganligi bois, ushbu tovuqlarni sotish kerak bo‘lgan. Bu masalada tadbirkorlar kombinat rahbariyatiga tovuqlarni sotib olish taklifi bilan chiqqan. Ammo, tovuqlar kombinat ishchilariga ijtimoiy himoya yordami sifatida, beg‘araz tarqatilishga qaror qilingan.
Albatta, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xodimlari orasida tovuqlarni olyik maosh hisobidan olib qolish evaziga tarqatishyapti, degan fikrga borganlar ham yo‘q emas. Ammo, xodimlarning aksariyati allaqachon parrandalarni uylariga olib borib, uning rohatini ham ko‘rishmoqda.
LiveBarchasi