Oliy ta’limga yangi “o‘yin qoidalari” kiritildi

Intervyu

Endilikda magistratura yo‘nalishiga hujjat topshirishda til sertifikati talab etilmaydi. Bu haqda bugun, 15 aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 10 apreldagi 58-sonli “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilandi. Hujjatga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar keyingi bosqichga hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish bo‘yicha sertifikat taqdim etishdan ozod etiladi.

“Bu til sertifikati umuman bekor qilindi degani emas. Faqat xorijiy tilda tahsil olgan va yakuniy imtihonlarni shu tilda topshirgan talabalar mazkur talabdan ozod etiladi. Chunki ular amalda til bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi”, deydi vazir o‘rinbosari Sardor Rajabov.

Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda. Jumladan, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab magistraturaga qabul jarayonida oliy ta’lim muassasalarining o‘zi mustaqil ravishda qabul imtihonlarini o‘tkazadi. Vazirlik axborotiga ko‘ra, xotin-qizlar uchun ajratiladigan grant o‘rinlarini shaffof mexanizm asosida taqsimlash choralari ishlab chiqilmoqda.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan “Sirtqi ta’lim yo‘nalishi yana qayta ochiladimi?” degan savol o‘rtaga tashlandi. Bunga javoban, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov sirtqi ta’lim yo‘nalishlari yaqin yillarda qayta ochilmasligi bildirdi. Bu qaror talabalar soni keskin oshgani bilan izohlandi. 

“Hozirgi kunda O‘zbekistonda 1,5 million nafar talaba tahsil olmoqda – bu sakkiz yil avvalgi ko‘rsatkichdan qariyb to‘rt baravar ko‘p. Endilikda asosiy e’tibor ta’lim sifatini oshirishga qaratiladi”, deydi Sharipov.

Bundan tashqari, 2027 yil 1 yanvardan boshlab oliy ta’lim muassasalari faoliyatini baholashning yangi – milliy reyting tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, oliygohlar moliyaviy jihatdan rag‘batlantiriladi. Baholashda ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish darajasi hamda bitiruvchilarning bandligi kabi mezonlar inobatga olinadi.

Shu bilan birga, farmonga muvofiq Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz orqali har yili 500 nafargacha iqtidorli xorijiy talabalar uchun “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” ajratiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing