Oliy ta’lim muassasalari uchun kvotalar soni oshirilishiga izoh berildi
Jamiyat
−
17 Oktabr 2019
4942Keyingi yillarda Oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, tizimda kvotalar sonini oshirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Buni yildan-yilga OTMlarga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirayotgan yoshlar soni oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin.
"Bugungi kunda O‘zbekistonda qabul kvotalari 50-60 mingtani tashkil qilayotgan bo‘lsa, bu bitta ish o‘rniga bitta kvota belgilanganini bildiradi. Bunda hech qanaqa raqobat bo‘lmaydi va ish beruvchi unga ish berishga majbur bo‘ladi", dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov bugun, 17 oktyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezidentning "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.
"Biroq kvota ko‘paysa, bitta o‘ringa bitta emas, 4-5 nafar talabgor to‘g‘ri keladi. Va shuning bilan ish beruvchiga tanlab olish imkoni yaratiladi. Texnikaga aloqador yo‘nalishni turli xil OTMlarda tugatgan bitiruvchilar ishga kirish uchun borishganda tanlovdan o‘tgan talabgorgina o‘sha yerda xodim sifatida qoladi. Va u boshqalarga ham o‘zi tugatgan OTMni tavsiya qiladi. Natijada, ish beruvchi va OTM o‘rtasida raqobat yuzaga keladi. Biz mana shu narsaga erishmasak, sifatga baho berish qiyin bo‘ladi", deya ta’kidladi Abduvali Xoliqov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, universitetlarda moddiy-texnik baza boyitilgani, kredit-modul tizimiga o‘tilgani bilan agar ish beruvchi bitiruvchiga yaxshi baho bermasa, ularning ahamiyati katta bo‘lmaydi.
LiveBarchasi