Oliy harbiy ta’lim muassasalarida imtihondan o‘tish tartibi ma’lum qilindi
Jamiyat
−
10 iyun 2020
6824O‘zbekiston Respublikasida karantin cheklovlari belgilanganligi sababli dastlabki va harbiy-professional tanlash tadbirlarini joriy yilning 10 iyun kunidan boshlab o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu haqda AOKA shtabiga kelib tushayotgan savollarga javob qaytarar ekan, Mudofaa vazirining matbuot kotibi Bahrom Zulfiqorov ma’lum qildi.
Odatda, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 3 iyundagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan har yili 5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar bilan Davlat test sinovlarining o‘tkazilar edi.
“Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar bilan dastlabki tanlash tadbirlarini 10 iyun kunidan boshlab 15 iyul kuniga qadar viloyatlarda vazirliklar qo‘shma komissiyalari tomonidan o‘tkaziladigan nomzodlarni individual-psixologik o‘rganish va umumjismoniy tayyorgarlik ko‘rganligini baholash tadbirlarini moslashuvchan reja-jadvalga asosan ularni viloyatlarga yig‘masdan tumanlarning o‘zida sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazish belgilangan”, dedi Bahrom Zulfiqorov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avval yashil hududga kirgan tumanlarda (bir nechta yashil hududdagi tumanlar nomzodlarini bir tumanga yig‘ishga ruxsat bergan holda), keyin alohida bir-biriga aralashtirmasdan sariq va undan so‘ng qizil hududga kirgan tumanlarda o‘tkaziladi.
Shuningdek, oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun murojaat qilgan va dastlabki tanlash bosqichiga qo‘yilgan nomzodlar haqidagi ma’lumotlar tizimida oliy harbiy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan 2020 yil 15 iyulga qadar Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritiladi.
Bundan tashqari, hujjatlar o‘rganilib, natijasi ijobiy baholangan oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha tanlovda ishtirok etuvchi nomzodlar haqidagi ma’lumotlarni oliy harbiy ta’lim muassasasi boshlig‘ining imzosi bilan tasdiqlangan holda 2020 yil 20 iyulga qadar Davlat test markaziga taqdim etish rejashtirilgan.
LiveBarchasi