Olimlar “Qiyomat” muzligi besh yilda qulashini taxmin qildi
Bu qiziq
−
16 dekabr 2021
55295G‘arbiy Antarktidada joylashgan Tueyts muzligi yaqin kelajakda o‘z barqarorligini yo‘qotishi va besh yil ichida qulab tushishi mumkin. Bu haqda Oregon shtati universiteti olimlari ma’lum qildi.
Taxminlarga ko‘ra, “Qiyomat” muzligining to‘liq qulashi global dengiz sathining xavfli 0,6 metrga ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Tadqiqotchilar o‘z xulosalarini Amerika Geofizika jamiyati konferensiyasida taqdim etgan.
Sharqiy muz shelfi Tueyts muzligining uchdan bir qismini qo‘llab-quvvatlaydi va uning qulashi quruqlik qismining dengizga sirg‘alib ketishiga olib keladi va natijada dengiz sathining ko‘tarilishidagi hissasini 25 foizga oshiradi. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatganki, sayoz suv tubida shelf qismi tobora zaiflashib bormoqda.
Sentinel-1 sun’iy yo‘ldoshidan olingan tasvirlar yoriqlarning quruqlik qismidan muz shelfining markaziga yiliga ikki kilometr tezlikda tarqalishini ko‘rsatgan. Sun’iy yo‘ldoshlar, georadarlar va GPS o‘lchovlaridan olingan yangi ma’lumotlar shuni ko‘rsatganki, agar bu yoriqlar muzlik tubida dengiz tubiga tegib turgan joyda joylashgan yoriqlar bilan kesishsa, Sharqiy muz shelfi qisqa vaqt ichida — atigi besh yilda qulab tushadi.
Xulosalarga ko‘ra, halokatli jarayon juda yaqin kelajakda qaytarib bo‘lmaydigan bo‘lib qoladi.
Tueyts muzligi “Qiyomat” muzligi deb ataladi, chunki u Antarktidadagi eng tez harakatlanuvchi muzlik bo‘lib, allaqachon dengiz sathining to‘rt foizga ko‘tarilishiga hissa qo‘shmoqda. Global isish tufayli Antarktidani o‘rab turgan suv haroratining oshishi nafaqat muzlikning Janubiy okeanga to‘liq qulashiga olib kelishi, balki boshqa ko‘plab muzliklarni ham beqarorlashtirishi mumkin, deb ishoniladi.
LiveBarchasi