Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q!

Jamiyat

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, keyingi yuz yilda dunyoda suv iste’moli 7 foizga oshgan bo‘lib, bu har bir inson uchun ajratilishi mumkin bo‘lgan ichimlik suvining hajmi 60 foizga qisqarganini ko‘rsatadi. Kelgusi 25 yil ichida esa suv zaxiralari yana ikki marotabaga kamayish ehtimoli mavjud. 

Markaziy Osiyo qumliklarida joylashgan O‘zbekiston ham suv muammosidan xoli emas. Mamlakatda qishloq xo‘jaligidagi yerlarning katta qismi sug‘orma dehqonchilikka asoslanadi va bunda O‘zbekiston transchegaraviy ahamiyatga ega bo‘lgan Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolarining suvining katta qismini iste’mol qiladi. 

Agar 1990 yilgacha O‘zbekiston turli maqsadlar uchun ishlatilatgan suv 64 milliard kubni tashkil etgan bo‘lsa, 2008 yilda bu ko‘rsatkich 51 milliardgacha qisqargan. 1985 yilgacha 1 gektar maydonni sug‘orish uchun 22,4 ming metr kub suv sarflangan bo‘lsa, zamonaviy tejamkor texnologiyalardan foydalanish tufayli 2019 yilga kelib bu miqdor 5-10 ming metr kubgacha qisqardi. 

Umuman olganda, tejamkor texnologiyalardan unumli foydalanish iqlimi keskin o‘zgaruvchan va yozgi harorati juda issiq bo‘lgan mamlakatda katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonning shimoliy mintaqasi Xorazm viloyati keyingi 30-40 yil ichida qurishi natijasida global fojiaga aylangan Orol dengiziga eng yaqin hudud hisoblanadi. Viloyatdagi ekin maydonlarning sho‘rlanish darajasi yuqoriligi ham aynan Orol bilan bog‘liqdir. Qishloq xo‘jaligida yerlar unumdorligini oshirish qanchalik murakkab jarayon ekanini hisobga olsak, sho‘rlangan maydonlardan tuzni qochirish ham suv bilan bog‘liq ekanini instisno qilib bo‘lmaydi. Suvdan unumli foydalanish maqsadida bugunga kelib, Xorazmda ham bir qator loyihalar amalga oshirilyapti. 

Jumladan shu yilning avgust oyida “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturining BMT Taraqqiyot dasturi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali tomonidan amalga oshirilayotgan 2- va 3-komponentlari doirasida ommaviy axborot vorsitalari uchun tashkillashtirilgan 3 kunlik media tur doirasida Xorazm viloyatida suvdan foydalanishda ilg‘or texnologiyalarni jalb etish kabi murakkab masalalar tahlil qilindi. Mediatur davomida Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida suv resurslarini boshqarish, melioratsiya, yirik gidrotexnika inshootlari va suv omborlari, nasos stansiyalari hamda energiyani tejash yo‘nalishlari bo‘yicha seminar treninglar o‘tkazildi. 

Mediaturning ikkinchi kuni viloyatning Yangibozor tumanidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarini borib ko‘rish bilan boshlandi. Ilk manzil “Bo‘zqal’a” suv iste’molchilari uyushmasi bo‘ldi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur uyushma bugungi 2 ming 300 gektardan ziyod maydonni suv bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Uning tarkibida 15 ta paxtachilik va g‘allachilik, 8 ta bog‘dorchilik, 2 ta chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatadi. 

Uyushma hududiga 6,9 kilometr uzunlikdagi “Bo‘zyop” kanali orqali suv keladi. “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturining BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan 2-komponenti doirasida mazkur kanal tozalandi. “Bo‘zyop” kollektoriga sekundiga 500 litr suv tortish quvvatiga ega 2 ta nasos o‘rnatildi. Shuningdek, uyushmaga 1 ta kajavali mototsikl, 5 ta velosiped taqdim qilindi. 

Hududga 15 ta suv o‘lchash uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, yana 15 ta suv o‘lchash jihozlari olib kelish mo‘ljallanmoqda. 

Shu kunning o‘zida jurnalistlar Qoramazi-Qilichboy irrigatsiya tizimi havza boshqarmasiga qarashli “Daryolik” kanalida dopler-profilograf – ultra tovushli suv o‘lchash moslamasini ishlatish jarayoni bilan tanishtirildi. 

BMT Taraqqiyot dasturi doirasida boshqarmaga taqdim etilgan mazkur uskuna suvning chuqurligi, sathi, tezligi, sho‘rlanish darajasi, haroratini o‘lchab, sun’iy yo‘ldosh orqali ma’lumotlarni kompyuterga yetkazib beradi. 

Media-turning so‘nggi kunida ommaviy axborot vositalari xodimlari Urganch davlat universitetida UzWaterAware loyihasi doirasida umumta’lim maktablarining botanika, biologiya, kimyo fani o‘qituvchilari uchun suvni tejash, undan oqilona foydalanish kabi mavzular bo‘yicha o‘tkazilgan eko-darslarni kuzatdi. 

Shuningdek, media-tur ishtirokchilari “KRASS” nodavlat notijorat tashkiloti faoliyati bilan ham tanishdi. Agro-maslahat markazi sifatida faoliyat olib borayotgan ushbu tashkilot qishloq xo‘jaligi sohasini qo‘llab-quvvatlash orqali qishloq joylarda uzoq muddatli oziq-ovqat xavfsizligini va ekologik barqarorlikni ta’minlash va farovonlikni oshirish, aholining turmush sharoitini yaxshilashga hissa qo‘shishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. 

Umuman olganda, suvni tejab ishlatishda aqlli texnologiyalardan foydalanish, Ona tabiatning in’omi bo‘lgan obi-hayotni bemaqsad sarflamaslik, tomchilab sug‘orish texnologiyasini joriy etishga qaratilayotgan keng qamrovli ishlar shu yilning 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham tilga olindi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda toza suv ta’minoti 68 %ni tashkil etmoqda. Mamlakatdagi 11 mingdan ortiq qishloqlarda toza suv yo‘q. 38 % suv tarmoqlari avariya holatida.

Hayot manbai bo‘lgan suvni behuda isrof qilmaslik, kelgusida yerdagi barcha tirik mavjudotlarni saqlab qolishga va insonlarning sog‘lom va farovon turmush kechirishiga qo‘shgan hissamiz bo‘ladi. Zero, suvni asrash hayotni asrash demakdir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

44

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing