OKMK: Mis eritish zavodining 60 yilligi nishonlandi

Biznes

image

Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Mis eritish zavodi o‘zining 60 yilligini nishonlamoqda.
Mis eritish zavodi kombinatining eng yirik bo‘linmasi bo‘lib, katod misi, oltin va kumush , selen va tellur, sulfat kislotasi, mis kuporosi, ammoniy perrenat, kuydirilgan molibden yarim tayyor mahsulot va emallangan sim ishlab chiqaruvchi, ilg‘or texnologiya va xomashyo tarkibidagi asosiy metallarni olish uchun to‘liq texnologik zanjirga ega zamonaviy korxona hisoblanadi.

Mis eritish zavodini bejizga Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yuragi deyishmaydi. Aynan Mis eritish zavodida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” deb ataluvchi, o‘z safida 35 mingdan ziyod ishchi-xodimlarni birlashtirgan korxonaning mashaqqatli mehnatlari mahsuli yuzaga chiqadi.

Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tabrigi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, so‘zga chiqqan OKMK boshqaruv raisi A.Xursanov korxona faoliyatiga to‘xtalar ekan, yiliga 148 ming tonnadan ziyod mis ishlab chiqarayotgan bu korxona mustaqillik yillarida yanada ravnaq topganini e’tirof etdi.

Darhaqiqat, mustaqillik yillarida, korxonaning oltin va kumushni ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi. 1991-yil 24-dekabrda zavodda ilk bor sof kumush olindi. Oradan ikki kun o‘tib Olmaliqning birinchi 999,9 sof oltini olindi. 1996-yilda London rangli metallar assotsiatsiyasi kombinatda yuqori sifatli kumush ishlab chiqarilishini rasman tan oldi. Shu yilning o‘zida London rangli metallar birjasi kombinat kumushiga “Eng yaxshi yetkazib beruvchi” maqomini berdi.

Bayram tadbirida bir guruh ilg‘or metallurglar “Konchilik Shuhrati” ko‘krak nishoni, faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Yubiley ayyomida shuningdek, AQSH va Yevropaning yetakchi kompaniya vakillari ham ishtirok etishdi. Finlyandiyaning Metso Outotec kompaniyasi prezidenti Piya Karxu bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli sanoat sohasi jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Biz kabi xorijiy investorlarning qiziqishlari ham yildan yilga ortib boryapti. Kompaniyamiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan bir necha yillardan buyon hamkorlik qilib keladi. Biz kombinatning yangi boyitish fabrikasi va yangi metallurgiya kompleksi uchun uskunalar yetkazib berishni rejalashtirganmiz. Bugungi kunda kombinatda amalga oshirilayotgan megaloyihada ishtirok etganimizdan mamnunmiz.

Tadbir davomida mashhur xonandalar Anvar G‘aniyev, Ahror Usmonov ishtirokidagi konsert dasturi havola etildi.

Konsert dasturidan so‘ng xorijiy mehmonlar va kombinat faxriylar "Qalmoqir" va "Yoshlik" konlari, mis boyitish fabrikasi qurilishi jarayoni va mis eritish zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, tashrif davomida faxriy metallurglar bugungi avlod metallurglari bilan misdan "Do‘stlik" quymasini quyishdi. Unga kelajak avlodga maktub joylandi.

Maktubda korxonaga asos solgan faxriylar va hozirda mehnat qilayotgan metallurglar nomidan kelajakda shu zavodda ishlaydigan yosh avlodga tilaklar izhor etildi.

Yubiley ayyomi “Tojmahal” banketlar zalida ham davom ettirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing