Oxiri ko‘rinmayotgan kurash. Bu yil Rossiya-Ukraina urushi tugaydimi?

Tahlil

image

Bugun, 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganiga ikki yil to‘ldi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu ikki yil ichida 10 000 dan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan va 18 000 dan ortiq kishi jarohatlangan. Ayni paytda Ukraina aholisining 15 millioni gumanitar yordamga muhtoj, 4 millionga yaqini ichki ko‘chirilganlar, 3,3 millioni faol harbiy harakatlar zonalarida yashaydi.

Qayd etish joiz, Ukrainani 3 kunda bosib olishi iddao qilingan Rossiya mana 2 yildirki, bu mamlakatda o‘z yurishini davom ettiryapti. Har ikki tarafdan qurbonlar ko‘p, har ikki mamlakat yetarlicha charchadi. Oxiri ko‘rinmayotgan ushbu urush Rossiyaning ham Ukrainaning ham iqtisodiyotiga katta ta’sir qildi. Ikki davlatning ham ko‘plab aholisi o‘z yurtini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Faqat ukrainaliklarning aksariyati raketa zarbalaridan qochgan bo‘lsa, rossiyaliklar esa urushga safarbar qilinishi sabab o‘z mamlakatidan ketdi.

Aslida bu yil Rossiyaning Ukrainaga urushi boshlanganiga 2 yil emas, naqd 10 yil bo‘ldi. Ha, Rossiya bu mamlakatga ko‘z olaytirishni 2014 yil boshlangandi. Ukrainaliklar 10 yildan beri iroda ko‘rsatib kelmoqda. Ammo hech bir tomon urushda sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi.

Shuni aytish o‘rinliki, bu yil dunyoning eng yirik davlatlari – Rossiya va AQSHda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. “Kursi”larda bo‘ladigan o‘zgarish ham qandaydir ma’noda urushning taqdirini o‘zgartiradi. Umuman olganda, o‘tgan ikki yil ichida urushayotgan tomonlarning maqsadlari o‘zgarganmi?

Amerika tashqi siyosat tadqiqot instituti ekspertlari Ukraina va Rossiyaning urush davridagi strategiyalaridagi o‘zgarishlarni, shuningdek, har bir tomon o‘z maqsadlariga erishish istiqbollarini qanday belgilashini tahlil qildi.

Iste’fodagi polkovnik va hozirda AQSH armiyasi harbiy kollejida Yevrosiyo tadqiqotlari kafedrasi dotsenti va Tashqi siyosat tadqiqot institutining direktori Robert Gamiltonning aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri har ikki tomonning harbiy maqsadlari o‘zgarmagan.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, denasifikatsiya, demilitarizatsiya va boshqalar haqidagi shovqinli tashviqotlarga qaramay, Kreml hali ham bir xil maqsadda.

"Ukrainani Rossiyaning geosiyosiy orbitasini tark etishiga yo‘l qo‘ymaslik, Moskvaning imtiyozli manfaatlari zonasini yaratish yoki tiklash va buning uchun Ukrainaning katta qismini egallab olish hali ham asosiy maqsadlardan. Kiyevni qo‘lga kiritish va Vladimir Zelenskiy hukumatini ag‘darish bo‘yicha dastlabki reja barbod bo‘lgan bo‘lsada, Kremlning maqsadi o‘zgarishsiz qolmoqda – Ukrainani “o‘ziniki qilish”. Biroq, Moskvaning taktikasi o‘zgardi", deydi  Gamilton.

Tahlilchining tushuntirishicha, Rossiyadagi saylovlardan keyin yana bir safarbarlik bo‘ladi va bu Kremlning frontda oldinga siljish va mamlakatning katta qismini egallab olish, bosib olingan hududni allaqachon bosib olingan Ukraina chegaralarigacha oshirish uchun yangi urinishi uchun asos bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u Ukraina uchun 2014 yildan beri hech narsa o‘zgarmaganini qayd etgan.

Bu urushning tabiati haqida nima kutilmagan edi?

Robert Gamilton sobiq harbiy xizmatchi sifatida G‘arb mamlakatlaridagi yuqori martabali harbiy rahbarlar va siyosatchilar bu urushni ikkinchi darajali ikki armiya o‘rtasidagi urush deb hisoblab, undan ko‘p o‘rganadigan hech narsa yo‘qligini aytishgani xato ekanini tan oldi.

Uning fikricha, bu eski davrdagi urush emas, bu zamonaviy urush.

“Biroq shuni ta’kidlashimiz kerakki, qiymati 20 ming dollarlik Shahed dronini urib tushirish uchun 4,1 million dollarlik Patriot raketalaridan foydalanish yaxshi qaror emas, ya’ni yangi va mutlaqo boshqa uchuvchisiz havo hujumiga qarshi raketalar zarur”.

Tashqi siyosat tadqiqot institutining Yevrosiyo dasturi bo‘yicha katta ilmiy xodimi Rob Li Ukrainada bir necha oy davomida ushbu mojaro muammolarini o‘rganar ekan, u ko‘plab harbiy ekspertlar va siyosatchilar tomonidan bu urush haqidagi yana bir noto‘g‘ri tushunchaga ishora qildi.

"2022 yilning kuzida Ukraina ikkita muvaffaqiyatli qarshi hujumni amalga oshirdi – Xarkov yaqinida va Xerson viloyatida. Va ko‘pchilik, 2023 yilga nazar tashlab, Ukraina bundan keyin ham hujumning bunday shakllaridan foydalanishi mumkin deb o‘ylashdi. Biroq, o‘sha paytda «Vagner» mahbuslar bilan muhim rol o‘ynadi, ular haqiqatan ham Ukraina qo‘shinlarini Baxmut yo‘nalishida uzoq vaqtga kechiktirdi”, deydi Rob Li.

Mutaxassisning ishonchi komilki, kelayotgan yozga kelib, yangi umumrossiya safarbarligidan so‘ng, Rossiya qolgan imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishga harakat qiladi: hujum vertolyotlari, Ukraina havo hujumiga qarshi mudofaa radiusidan tashqarida uzoq masofalarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan suzuvchi bombalar, shuningdek, Eron va mahalliy dronlardan foydalanadi.

Garchi, tahlilchiga ko‘ra, Rossiya armiyasi hali ham yomon o‘qitilgan va tartibsiz boshqariladigan ishchi kuchi bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga ega bo‘lsada, Moskva bu yozda o‘zini juda samarali himoya qila oladi. Shu bilan birga, Li har ikki tomonda ham "resurs yetishmovchiligi” davom etishini bashorat qilmoqda.

“O‘q-dorilarni xarid qilish asosan zaxiralardan amalga oshiriladi, NATOning ishlab chiqarish quvvati yetarli darajada oshmagan, ayni paytda Rossiya nafaqat o‘q-dorilarni avvalgidan ko‘ra ko‘proq ishlab chiqarmoqda, balki Shimoliy Koreya va Erondan ham katta miqdorda xarid qilmoqda”, deya tushuntirgan tahlilchi.

AQSH va G‘arbning yordami hozir qanchalik muhim?

Ikkala ekspert ham bugungi kunda Ukrainani harbiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha har qanday qarorlar hayotiy muhim deb ishonadi.

“Moliyaviy yordam nafaqat Ukraina iqtisodiyotini barqarorlashtirish, balki Ukrainaning o‘z qurollarini ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ham zarur. Masalan, Ukraina Qurolli kuchlari artilleriya o‘q-dorilari yetishmasligini qoplashi mumkin bo‘lgan uchuvchisiz samolyotlar ishlab chiqarishi kerak”, deydi tahlilchilar.

Rob Lining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga zirhli texnika yetkazib berishni ko‘paytirish ham muhim, chunki ko‘plab ukrainalik brigadalar ular bilan yetarli darajada jihozlanmagan va bu ko‘proq qurbonlarga olib keladi.

“Biz hozir Qo‘shma Shtatlardan qo‘shimcha yordam paketini qabul qilishini va Ukrainaga barcha turdagi o‘q-dorilar, jumladan, artilleriya va havo hujumidan mudofaa raketalari bilan ta’minlashini kutmoqdamiz. Bu burilish nuqtasi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Robert Gamilton esa Qo‘shma Shtatlar va G‘arb Rossiyaga ikkilamchi maqsadli mahsulotlar eksportiga to‘siq qo‘yish uchun zudlik bilan ikkilamchi sanksiyalar rejimini joriy qilishlari kerakligini eslatdi.

“Sanksiyalar rejimi kuchaytirilmagunicha, ruslar moslashadi va mamlakat urush mashinasining ishlashini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan jihozlarning boshqa manbalarini topadi”, deydi Gamilton.

O‘t ochishni to‘xtatish va tomonlar o‘rtasida tinch muzokaralar o‘tkazish uchun asoslar bormi?

Robert Gamilton hozirgi bosqichda tinchlik muzokaralariga ishonmaydi.

“Ukrainani ruslar bilan muzokara qilishga majburlayotganlar, masalan, Suriyadagi mahalliy keskinlikni yumshatish bo‘yicha kelishuvlardan tortib, Rossiya xalqaro ishlar kengashi shartnomasigacha ular bilan hech qachon muzokara o‘tkazmagan”, deydi u.

Bundan tashqari, uning fikricha, har ikki tomon ham kurashni davom ettirish niyatida.

“Ukraina hali ham jang qilish uchun juda katta imkoniyatlarga ega va shuning uchun, agar Rossiya o‘z maqsadlariga erishib, Ukrainaning katta qismini egallab olgan taqdirda ham, bu mamlakatda qo‘zg‘olon paydo bo‘lishiga olib keladi. Boshqa tomondan, agar Kreml bu urushda mag‘lub bo‘lsa va Rossiya armiyasi Ukrainadan majburan chiqarib yuborilgan taqdirda ham, uzoq masofadan havo hujumlari, raketalar orqali urushni davom ettirish uchun juda ko‘p mablag‘ga ega bo‘ladi. Hujumlar va oddiygina Ukraina shaharlarini bombardimon qilish, xuddi ilgari qilgandek”, deydi Gamilton.

Gamiltonning ishonchi komilki, harbiy texnologiya va taktika uyg‘unligi vaziyatni tubdan o‘zgartirish imkoniyatini bermaguncha, ukrainaliklar na frontda, na diplomatiyada keskin choralar ko‘rmasliklari kerak, chunki bu falokatga olib kelishi mumkin.

"Shuning uchun Ukraina himoyada qolishi kerak, mahalliy darajada hujumga o‘tish mantiqiy hollar bundan mustasno", deya ta’kidlagan ekspert.

Bu urush davom etar ekan, Ukraina NATOga a’zo bo‘la oladimi?

“Agar NATO xohlasa, NATO buni amalga oshirish yo‘lini topishi mumkin. Ukraina kelajagi NATOda bo‘lishi kerak. Bu urushni tugatishning yagona yo‘li va bu Ukraina xavfsizligini kafolatlashning yagona yo‘li. Ukraina NATO talablariga aniq rioya qildi. Harbiy salohiyat bo‘yicha NATOga a’zo bo‘lish alyans uchun yuk bo‘lmaydi”, deydi harbiy tahlilchi va sobiq amerikalik zobit Robert Gamilton.

Rob Lining fikriga ko‘ra, bugun Amerika xalqiga Qo‘shma Shtatlarning Ukrainadagi manfaatlarini tushuntirish juda muhim.

“Agar Rossiya bu urushda g‘alaba qozonsa, jasoratli bo‘lsa, u G‘arb bilan ziddiyatda bo‘lganligi sababli bizga bosim o‘tkazish uchun kuchli pozitsiyaga ega bo‘lganini his qilishi mumkin. Shuning uchun ularning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik, balki suveren, mustaqil, demokratik Ukraina mavjudligini ta’minlash bizning manfaatlarimizdir. Menimcha, avtokratiyalarga demokratiyani bostirishga ruxsat berish biz uchun yaxshi emas”, deydi Rob Li.

Robert Gamiltonning xulosa qilishicha esa Ukrainaga harbiy yordam AQSH mudofaa byudjetining taxminan 3,2 foizini tashkil qiladi va bu AQSH hukumati o‘z tarixida amalga oshirgan eng ajoyib daromadli sarmoyalardan biri bo‘lmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing