Oxirgi besh yilda qo‘shnilardan ko‘p energiya ishlab chiqaryapmiz – Sherzod Xo‘jayev

Jamiyat

image

O‘zbekiston so‘ngi besh yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda eng yuqori ko‘rsatkichga ega. Chegaradosh davlatlarning hech birida yillik 7-8 foiz o‘sish sur’ati yo‘q. Bu haqda bugun, 16 noyabr kuni Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Qo‘shni mamlakatlarda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning o‘sish suratlari O‘zbekiston bilan qiyoslay oladigan darajada emas. Ya’ni oxirgi besh yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatgich O‘zbekistonda. Birorta qo‘shnimizda yillik 7-8 foiz o‘sish sur’ati yo‘q. Bir tomondan bu o‘sish sur’ati iqtisodiyotni o‘sayotganidan dalolat beradi. Chunki elektr ta’minotidagi muammolar bu 12 oy davomida surunkali uchraydigan muammo emas, balki mavsumiy muammo. Bu muammolar bo‘lmagan holatlarda ham elektr energiyasiga talab yildan-yilga ortib boryapti. Bunga misol, tadbirkorlik sub’ektlari, ishlab chiqarish va aholini turmush darajasini ortishi. Yana bir ahamiyatli jihati O‘zbekistonda har bir xonadonga to‘g‘ri keladigan elektr energiyasi iste’moli qo‘shni mamlakatlardan yuqoriroq. Yillik tadbirkorlik sub’ektlarini ortib borishi O‘zbekistonda barcha qo‘shni mamlakatlarimizdan ko‘proq. Yiliga 70-75 mingdan yangi iste’molchilar, tadbirkorlik sub’ektlari bizning elektr tarmoqlarimizga ulanadi”, deydi Energetika vaziri o‘rinbosari.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida respublikada jami 60,6 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,9 mlrd kVt-soatga yoki 5,1 foizga ko‘p.

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasini iste’molchilarga sifatli yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida o‘tgan o‘n oyda yuqori kuchlanishli 8 ta podstansiya modernizatsiya qilinib, ularning quvvati 1116 megavolt amperga oshirildi. Shuningdek, 3 ming kilometrdan ziyod elektr uzatish tarmoqlari va 1033 ta transformator punktlari yangilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

170

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing