Oq uy AQSHda abortni taqiqlovchi qonunga qarshi chiqdi

Olam

image

Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per kecha, 13 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi brifingda respublikachi senator Lindsi Gremning homiladorlikning 15 haftasidan keyin federal darajada abort qilishni taqiqlovchi qonun loyihasini tanqid qildi.

“Aborotni taqiqlash milliy [qonun loyihasi] barcha 50 ta shtatdagi ayollarning huquqidan mahrum qiladi. Bu bugungi kunda ko‘pchilik amerikaliklarning fikriga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Kongressdagi respublikachilar butun mamlakat bo‘ylab millionlab ayollarni huquqlaridan mahrum etishga e’tibor qaratmoqda. Biz oldinga siljish uchun kurashayotgan bo‘lsak, ular bizni orqaga tortish uchun kurashmoqda”, deydi Jan-Per.

Uning ta’kidlashicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden va demokrat qonunchilar ayollarga abort qilish huquqini kafolatlovchi federal qonunni ilgari surishga sodiq qolishadi.

“Va ular amaldagi respublikachilarning [AQSHda] sog‘liqni saqlash bo‘yicha shaxsiy qarorlarni ayollar va ularning shifokorlari emas, balki siyosatchilar qo‘liga topshirish bo‘yicha davom etayotgan keng qamrovli harakatlariga sodiqdirlar. Bu ayollar salomatligi va ularning hayotiga tahdid soladi”, deya qo‘shimcha qilgan Oq uy matbuot kotibi.

Gremning tashabbusi 13 sentyabr kuni Senatga kiritildi. Bu homiladorlikning 15-haftasidan boshlab abort qilishni taqiqlashni joriy qilishni o‘z ichiga oladi. Ushbu davrdan keyin abortga faqat tibbiy sabablarga ko‘ra yoki homiladorlik zo‘rlash yoki qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh natijasida sodir bo‘lgan taqdirda ruxsat etiladi. Qonun loyihasida homiladorlikni to‘xtatish huquqini cheklovchi qat’iyroq qonunlarga ega bo‘lgan shtatlar ularni qo‘llashda davom etishi mumkinligini ko‘rsatadi.

“Biz bugun (13 sentyabr) tug‘ilmagan bola og‘riq his qila boshlagan paytdan boshlab abort qilishni taqiqlovchi qonun loyihasini taqdim etmoqdamiz. Bizning qonun loyihamiz AQSHning abortga oid siyosatini Fransiya, Germaniya, Belgiya, Daniya, Ispaniya kabi rivojlangan mamlakatlar siyosatiga moslashtiradi”, deydi Grem.

24 iyun kuni AQSH Oliy sudi federal hukumat abort huquqlari kafolatlovchi qariyb 50 yillik qarorni bekor qildi. Ushbu qaror tegishli normalar endi AQSHning alohida shtatlari darajasida ishlab chiqilishi kerakligini anglatadi. Respublikachilar hokimiyat tepasida bo‘lgan shtatlarda ular ilgari abort bilan bog‘liq qonunlarni sezilarli darajada kuchaytirishga harakat qilishgan. Demokratlar an’anaviy ravishda bunga qarshi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

31

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing