Bolaga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Jamiyat
−
20 Sentabr
1534Bolaga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Shuni nazarda tutuvchi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun bugun, 20 sentyabr kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilindi va senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bildirilishicha, mazkur Qonun Jahon bankining tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhit yaxshilanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasi va Jinoyat kodeksining 1261-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilinmoqda.
Ya’ni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat ishni sudda ko‘rish jarayonida, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkinligi belgilanmoqda.
JSSTning ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush o‘rtog‘i yoki u bilan birga ro‘zg‘or qurib yashayotgan shaxsning aybi bo‘ladi.
2023 yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning 55,6 foizi, ya’ni 506 tasi taraflar yarashganligi munosabati bilan tugatilgan. Qolgan 44,4 foizi, ya’ni 388 tasi bo‘yicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan.
LiveBarchasi