OIIB O‘zbekistonga $108 million qarz beryapti. Pullar nimaga sarflanadi?
Jamiyat
−
31 mart 2022
6225Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki Buxoro-Miskin-Urganch-Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish uchun O‘zbekistonga 108 million dollar kredit ajratadi. Bu haqda bank saytida ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, 465 kilometrlik temir yo‘lni elektrlashtirish va Buxoro-Miskin-Urganch-Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanishni yo‘lga qo‘yish orqali O‘zbekiston tez, ishonchli va tejamkor transport turini ta’minlay oladi. Mazkur yo‘l O‘zbekiston g‘arbidagi Xorazm viloyatining chekka hududlarini respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlari bilan bog‘laydi.
Loyiha tugallangach esa tezyurar poyezdlarning 250 kilometr soat tezlikda harakatlanishiga imkon beradi. Bunda Buxoro va Xiva o‘rtasidagi yo‘l vaqti 3 soatgacha qisqaradi va poytaxtdan Xivaga 7 soatda yetib borish mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, loyiha doirasida elektron chipta tizimining joriy etilishi temir yo‘llardan foydalanishni soddalashtirishga va sayyohlarni hududga jalb etishga xizmat qiladi. Shuningdek, elektrlashtirish temir yo‘lning ekologik toza transport turi sifatidagi rolini yanada oshirishi va atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlarini yiliga 81 ming tonnadan ortiq qisqarishiga olib keladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish jarayonini tezlashtiradi.
LiveBarchasi