Keling, ajrashamiz! – Er-xotin o‘rtasidagi mulk qanday bo‘linadi?
Foydali
−
04 fevral 2020
42221Mamlakatda ajralishlar soni ko‘paymoqda. Raqamlar shu qadar kattaki, ajralishlar davlat darajasidagi muammoga aylandi. Yoshligimizda ajralish qanchalik qiyin jarayon ekani haqida xorijiy filmlardan ko‘rar edik. Zamona zayli bilan ajralish, aliment, mulkni bo‘lish kabi “boshog‘riqlar” bizga ham yetib kelganiga ancha bo‘ldi. Keling, shu tushunchalar ichida er-xotin o‘rtasidagi umumiy mulk o‘zi nima ekaniga aniqlik kiritib olsak.
Kodeks va nikoh shartnomasi
O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 23-moddasida er-xotin o‘rtasidagi umumiy mulk tushunchasiga to‘xtalib o‘tilgan. Unga ko‘ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari – umumiy mulk hisoblanadi.
Yuqoridagi holatda bir istisno mavjud. Agar er-xotin o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzilgan va unda umumiy mulk haqida qandaydir bandlar kiritilgan bo‘lsa, unda shartnoma qoidalari ko‘proq “tarozini bosadi”. Bundan shuni tushunish mumkinki, kodeks qoidalaridan ko‘ra, ikki yosh o‘rtasida tuzilgan nikoh shartnomalarining kuchi ko‘proq.
Er-xotin o‘rtasida orttirilgan mulk
Er-xotin o‘rtasida orttirilgan mulk haqida ham kodeksning yuqoridagi moddasida belgilangan. Demak ular:
• er va xotin har birining mehnat faoliyatidan daromadlari;
• tadbirkorlik faoliyatidan daromadlari;
• intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari;
• pensiyalar, nafaqalar;
• moddiy yordam summalari;
• turli kompensatsiyalar;
• ko‘char va ko‘chmas ashyolar;
• qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari;
• kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari v.h.
Umumiy mulkni sarflash va foydalanish
Agar o‘rtadagi mulk ulushli tartibda bo‘lishning iloji bo‘lsa, bu tomonlar kelishuvi bilan hal qilinaveradi. Fuqarolik kodeksining 218-moddasiga binoan, taraflar o‘zlarining xohishlari bilan ulushni sotishga, sovg‘a qilishga, vasiyat qilib qoldirishga, garovga berishga yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli.
Shu o‘rinda, umumiy mulk va er-xotinning o‘z mulklarini farqlab olish lozim. Ularning sarfi, sovg‘a qilish va ularga egalik qilish ham shunga qarab amalga oshiriladi. Bunda mol-mulkni nikohga qadar olingani yoki olinmagani muhim omillardan biridir. Agar mol-mulkni nikoh qurgandan so‘ng olinsa, bu er (yoki xotin)ning faqat o‘zigagina taalluqli bo‘ladi.
Agar nikoh davomida biror mol-mulk hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olingan bo‘lsa ham bu faqatgina er yoki xotinning o‘z mulki hisoblanadi. Er va xotin alohida yashagan davrda orttirgan mol-mulk ham o‘rtada hisoblanmaydi.
Ayollar tomonidan ko‘pincha beriladigan savol shundayki, taqinchoqlar, aksessuarlar kabi buyumlar maqomi qanday? Oila kodeksining 26-moddasida bu savolga javob berib ketilgan. Unga ko‘ra, qimmatbaho buyumlar va zebu-ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shu kabilar) er va xotinning hususiy mulki hisoblanadi. Garchi, bu er va xotinning umumiy mablag‘i hisobiga olingan bo‘lsa ham.
Mol-mulkni bo‘lish mumkinmi?
Er va xotinning umumiy mol-mulki er va xotin o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida bo‘lib olinishi mumkin. Bunda notarial tartibda tasdiqlanadi. Agar nizo chiqqudek bo‘lsa, mulkni bo‘lish sud tartibida amalga oshiriladi.
Bolalar buyumlari (kiyim-bosh, poyabzal, maktab va sport jihozlari, musiqa asboblari, bolalar kutubxonasi va boshqalar) bo‘linmaydi hamda bolalar er va xotindan qaysi biri bilan yashasa, unga shundayligicha topshiriladi.
Umumiy mol-mulkni bo‘lishda er va xotinning umumiy qarzlari ularga belgilangan ulushlarga mutanosib ravishda har ikkalasi o‘rtasida taqsimlanadi.
Agar er va xotindan biri umumiy mol-mulkni turmush o‘rtog‘ining erkiga zid ravishda sarflagan yoki boshqa shaxsga berib yuborgan bo‘lsa, bu albatta bo‘lish jarayonida hisobga olinadi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr