Jarlikdagi o‘zbek futbolini Odil qutqara oladimi?
Intervyu
−
25 dekabr 2022
22221Butun dunyo futbol o‘ynashni o‘rganib olayotgan bir paytda biz hamon mundiallarsiz qolyapmiz. Qatardagi Jahon chempionati ham yakunladi va o‘zbekistonlik futbolga oshufta qalblar afsuski, bu mundialda ham boshqa mamlakatga muxlislik qildi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganida tug‘ilgan bola bugun 31 yoshda va 31 yildan buyon uning orzulari ozuligicha qolmoqda. Endi 2026 yilni kutamiz. 2026 yilda kvotalar ko‘proq, ammo hech kim Shimoliy Amerika mundialiga chiqishimizga kafolat bermaydi. Demak, faqat oyoqlarga emas, miyaga ham kuch beradigan vaqt keldi. Xullas, bizga JCHda ishtirok etgan jamoa emas, JCHlarda doimiy qatnashadigan tizim kerak.
Qalampir.uz saytining navbatdagi suhbatdoshi o‘sha biz aytayotgan tizimning ishlashida bevosita bosh-qosh bo‘ladigan insonlardan biri, O‘FA vitse-prezidenti Odil Ahmedov bo‘ldi.
Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Shahzod Shukurov, muxbir: — Tasavvur qiling siz raqib futbolchilaridan kuchliroqsiz, lekin jamoadoshlaringiz yuqori darajada o‘ynamayapti va oqibatda jamoangiz mag‘lubiyatga uchrayapti. Ana shunday paytda ich-ichingizdan qanday hissiyotlar kechgan?
Odil Ahmedov, O‘FA vitse-prezidenti : — Bunaqa holatlar menda ko‘proq professional faoliyatimni boshlaganimda kuzatilgan. Futbolchi doim sharoitdan kelib chiqishi kerak. Futbolchi kuchli chempionatda o‘ynasa, uning tajribasi kuchliroq bo‘ladi. O‘zbekistonlik futbolchilarning eng kuchsiz tomoni bu - psixologiya. Men chetda o‘ynagan vaqtlarimda jamoada aniq nima qilishimni bilardim. O‘zbekiston terma jamoasi kuchsiz jamoalarga qarshi doim yaxshi o‘ynagan, ammo kuchli jamoa bilan bahslarda tavakkal qilishga qo‘rqqanmiz.
Sh.Sh.: — O‘FA kongresida Birodar Abduraimovning gaplaridan so‘ng jahl ustida termadagi faoliyatingizni yakunlaganingizni aytdingiz. Nima deb o‘ylaysiz futbolchi sifatidagi Odil Ahmedov terma jamoaga hali yana 2-3 yil kerak emasmidi? O‘sha qaroringizdan afsuslanmaysizmi?
O.A.: — Ha o‘shanda faoliyatimni yakunlaganimni jahl ustida aytdim, lekin faoliyatimni yakunlash rejamda bor edi. Men avvalroq, ham assotsiyatsiyaga termadagi faoliyatimni yakunlash masalasida kirganman, ammo O‘FAdagilar ruxsat berishmagan. Bizda mentalitet bor, ya’ni faoliyatingizni o‘zingiz istagan vaqtda yakunlay olmaysiz. Faoliyatimni yakunlashimga sabab o‘rnimni yoshroq birorta futbolchiga bo‘shatib berish edi, ammo termadagi kareramni muvaffaqiyatsiz tugatish biroz achinarli.
Sh.Sh.: — Siz uchun eng alamli o‘yin qaysi bo‘lgan?
O.A.: — O‘zbekiston MTJ yutqazgan har bir o‘yin men uchun alamli hisoblanadi. Misol uchun klubda talab umuman boshqacha bo‘ladi. Terma jamoada vatan uchun o‘ynaysiz, shuning uchun termadagi har bir muvaffaqiyatsiz o‘yin alamli bo‘ladi.
Sh.Sh.: — Hozir O‘FAda qancha maosh olishingizni imkon qadar ochiqroq ayta olasizmi?
O.A.: — Men O‘FAdan maosh olmayman.
Sh.Sh.: — Yangi O‘zbekistonning futboli avvalgi futboldan qay darajada farq qiladi?
O.A.: — Buni aniq faktlar bilan aytish qiyin. Avvallari ko‘cha futbolida ham iste’dodli bolalar ko‘p bo‘lardi. Hozir esa bolalar mashg‘ulot o‘tkazib, darrov telefonga sho‘ng‘ib ketadi. Yosh futbolchilar murabbiylar va futbolga aloqador odamlar tomonidan qattiq nazoratga olinishi kerak.
Sh.Sh.: — Nima uchun yosh futbolchilarimiz tezda yulduzlik kasaliga chalinib, nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib qolmoqda?
O.A.: — E’tibor bersak, kuchli futbolchilarning aksariyati qiyinchilikda o‘sgan. Bizda shunaqa bir mentalitet borki, futbolchi qo‘liga bir-ikki so‘m pul tushsa o‘sishdan to‘xtaydi. Yosh futbolchilar sal ko‘proq pul topsa, pulni keraksiz maqsadda sarflab yuboradi va bu kelajakda o‘z ta’sirini o‘tkazib, yosh iste’dodlar ko‘rinmay qoladi.
Sh.Sh.: — Siz O‘FA rahbarlari qatoriga qo‘shilgangizdan so‘ng, o‘zbek futbolida qanday ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
O.A.: — Yangi lavozimda ish boshlaganimdan so‘ng, ishni bolalar futboliga ko‘proq e’tibor qaratishdan boshladim, chunki bolalar futboliga e’tibor qaratmasak biz hali kelajakda juda ko‘p JCHlarga chiqa olmay qolishimiz mumkin.
Sh.Sh.: — Hududiy assotsiatsiyalar ish faoliyatini qay darajada yaqindan bilasiz?
O.A.: — Hududiy futbol assotsiatsiyalarini bizda hokimlar nazorat qiladi, asosiy ishni esa vitse-prezidentlar bajaradi. Hududlarda futbolni kengroq rivojlanishiga ko‘proq hokimlar javobgar.
Sh.Sh.: — O‘zbekistonda futbol hakamlari bitta o‘yindan qancha daromad qilishadi? Ularning kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etib qolishiga nima sabab bo‘lmoqda?
O.A.: — Inson zoti shunaqaki, qancha topsa ham kam deyaveradi. Ularning gonorari hammaga ma’lum, bu haqida ma’lumotlar bor. O‘zbekistonda yaxshi hakamlar oyiga 20-30 million so‘m pul topadi.
Sh.Sh.: — Hozirda qaysi omil yoki omillar futbolimizni eng ko‘p ortga tortyapti deb o‘ylaysiz?
O.A.: — Asosiy omillardan biri bizda birdamlik yo‘q, ya’ni futbol uchun ishlaydigan kishilar yo‘q. Bizda o‘zini o‘ylash ko‘proq avjiga chiqqa, qachon futbolni o‘ylashni boshlasak rivojlanishga erishamiz.
Sh.Sh.: — Nima deb o‘ylaysiz O‘zbekistondagi nechta klub professional so‘ziga loyiq?
O.A.: — Professional deyilganda FIFA va OFK talablariga javob beradigan klublar tushunilishi kerak. Hozirda PFL tomonidan klublarga yaxshi talablar qo‘yilgan. Har bitta klub professional bo‘lishi uchun yaxshi ishlar olib borilmoqda.
Sh.Sh.: — Hakam sifatidagi Ravshan Ermatovning o‘zbek futboliga foydasi ko‘proqmidi yoki hozirgi Ravshan Ermatovnimi?
O.A.: — Men assotsiyatsiyada ishlasam ham yoki ishlamasam ham hakam sifatidagi Ravshan Ermatovni foydali deb bilaman, chunki Ermatov hakam sifatida jahon darajasida tanilgan.
Sh.Sh.: — Ektor Kuperni terma jamoadan ishdan olib, orada Vadim Abramovning muvaffaqiyatsizligidan so‘ng yana xorijlik murabbiyni terma postiga olib kelishda qanday mantiq bor?
O.A.: — Futbolda yutsa jamoa yutadi,yutqazsa murabbiy yutqazadi. Termamizda bunday o‘zgarishlar qilingani qay darajada to‘g‘ri qaror ekanligini kelajakda bilib olamiz.
Sh.Sh.: — “Odil junior” maktabidan nimalarni kutyapsiz? Umuman bugungi kunda O‘zbekistonda bolalar futboli qanday holatda?
O.A.: — O‘zbekistonda juda ko‘p qobiliyatli bolalar bor va asosiy maqsadimiz shu bolalarga imkon yaratib berishdan iborat. Iste’dodli bolalarga o‘zimiz sharoit yaratib beramiz va barcha sarf-xarajatlar maktab tomonidan qoplanadi.
Sh.Sh.: — Jaloliddin Masharipov “Al-Nasr”da to‘p tepmoqda. Nima deb o‘ylaysiz Masharipov haliyam faoliyatini Yevropada davom ettirsa bo‘ladimi?
O.A.: — Yuqorida aytganimday bizda psixologik jihatdan kuchli futbolchilar kam. Masharipov esa psixologik jihatdan kuchli futbolchi hisoblanadi. Shuning uchun ham u kuchli jamoalarda o‘ynadi va o‘ynayapti. Unda hali Yevropada o‘ynashga imkoniyat bor. Men ishonamanki, u haliyam Yevropada o‘ynab keta oladi.
Sh.Sh.: — Sizningcha Eldor Shomurodov “Roma”dagi kuchli raqobatga dosh bera olmayaptimi yoki haqiqatdan ham Mourino unga nisbatan ochiqchasiga adolatsizlik qilyaptimi?
O.A.: — Menimcha, bu vaziyatda Shomurodovga nisbatan adolatsizlik bo‘lyapti deb o‘ylayman. Mazkur holatda ozroq Mourinoni qoralagan bo‘lardim. Shomurodov “Roma”dan ketgani yaxshi.
Sh.Sh.: — JCH bahslarini kuzatib bordingizmi? Qaysi jamoa chempion bo‘lishini taxmin qilgandingiz?
O.A.: — JCH boshlanmasidan avval finalda Portugaliya bilan Argentinani o‘ynashini xohlagandim, lekin yakunda Messi boshchiligidagi jamoa finalga chiqib, chempion bo‘ldi. Xullas, men istagan jamoa g‘olib bo‘ldi deya olaman.
Sh.Sh.: — Argentina Fransiya o‘yinining natijasidan so‘ng Messi kuchlimi yoki Ronaldu degan savolga nima deb javob bergan bo‘lardingiz?
O.A.: — Messi. O‘yindan kelib chiqib turib Leoni kuchli deya olaman. Agar Argentinada Messi bo‘lmasa jamoaning o‘yin uslubi umuman boshqacha bo‘lardi. Portugaliyani Ronaldusiz ham kuchli o‘ynaganini ko‘rdik, ammo Argentina Messi asosida qurilgan jamoa hisoblanadi.
Blits savollar
— Kuchlirog‘ini tanlang: Mirjalol Qosimov yoki Vadim Abramov?
— Ikkasi ham kuchli. Tanlash qiyin.
— Odil Ahmedov yoki Eldor Shomurodov?
— Eldor Shomurodov.
— “Barselona” yoki “Real Madrid”?
— “Barselona”.
— “Paxtakor” yoki “Navbahor”
— “Paxtakor”
Sh.Sh.: — O‘zingiz uchun ideal O‘zbekiston milliy terma jamoasini tuzib bering.
O.A.: — Darvozabon: Pavel Bugalo.
Himoyachilar: Anzur Ismoilov, Islom Inomov, Vitaliy Denisov, Baxtiyor Ashurmatov.
Yarim himoyachilar: Aziz Haydarov, Temur Kopadze, Sanjar Tursunov, Jaloliddin Masharipov.
Hujumchilar: Aleksandr Geynrix, Eldor Shomurodov.
Bosh murabbiy: Odil Ahmedov.
LiveBarchasi