Odamsimon robot chizgan asar 1 mln dollarga sotildi

Olam

image

Odamsimon robotning birinchi asari – ingliz matematigi Alan Tyuringning portreti joriy yil 7 noyabr kuni Nyu-Yorkda kimoshdi savdosida 1,08 million dollarga sotildi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, balandligi 2,2 metr bo‘lgan Alan Tyuring “God AI” nomli portreti dunyoning ilk ultra-realistik robot rassomi bo‘lgan Ai-Da tomonidan chizilgan. Sotheby’s auksion uyi auksiondan oldingi taxminlarni ortda qoldirib, uning haridi uchun 27 ta taklif bo‘lganini ma’lum qildi.

“Odamsimon robot rassom tomonidan yaratilgan birinchi san’at asarining rekord narxda sotilishi bugungi kunning muhim voqeasi bo‘lib, sun’iy intellekt texnologiyalari va global san’at bozori o‘rtasidagi chorrahaning o‘sib borayotganini ko‘rsatadi”, deya ta’kidlagan auksion uyi o‘z bayonotida. 

Sun’iy intellekt yordamida gapirish qobiliyatiga ega Ai-Da’ga ko‘ra, u qiladigan ishning asosiy qiymati – yangi texnologiyalar haqida mulohaza qilishga turtki bo‘lish. Alan Tyuringning portreti tomoshabinlarni sun’iy intellekt va hisoblash tizimlarining ilohiy tabiati hamda ushbu rivojlanishlarning axloqiy va ijtimoiy oqibatlari haqida mulohaza qilishga chorlaydi.

Dunyodagi eng ilg‘or robotlardan biri hisoblangan Ai-Da ayol kishi ko‘rinishida yaratilgan bo‘lib, dunyoning birinchi kompyuter dasturlovchisi sifatida tan olingan Ada Lavleys sharafiga nomlangan. Ai-Da g‘oyasi zamonaviy san’at mutaxassisi Aydan Meller tomonidan ishlab chiqilgan.

“Tarixdagi eng buyuk rassomlar o‘z davridagi o‘zgarishlarga e’tibor qaratgan va jamiyatning o‘zgarishlarini ham bayram qilgan. Shuningdek, ularni shubha ostiga olgan”, degan Meller.

Meller Ai-Da’ni ishlab chiqish jamoasini boshqarib, Oksford va Birmingem universitetlaridagi sun’iy intellekt mutaxassislari bilan hamkorlik qilgan.

“Ai-Da studiya a’zolari bilan muloqot orqali g‘oyalar ishlab chiqqan va “Ezgu maqsad uchun sun’iy intellekt” mavzusidagi muhokama vaqtida Tyuringning tasvirini yaratishni taklif qilgan”, deyiladi xabarda.

Robotga asar uslubi, rangi, mazmuni, ohangi va tuzilishi haqida ko‘rsatmalar berilgach, u ko‘zlaridagi kameralar yordamida Tyuringning suratiga qarab rasm chizgan.

“Asardagi jiddiy ohang va buzilgan yuz shakli Tyuring sun’iy intellektni boshqarish borasida bizning oldimizda turgan qiyinchiliklar haqida ogohlantirganini ifoda etadi”, deydi Meller.

Qayd etilishicha, Ai-Da’ning asarlari sirli va ta’sirli bo‘lib, sun’iy intellektning qudrati qaysi yo‘nalishlarga olib borishi mumkinligi va uning salohiyatini o‘zlashtirish yo‘lidagi global poygani savol ostiga qo‘yadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sotheby’s auksion uyining “Raqamli san’at” onlayn savdolarida ushbu suratning auksionga chiqarilishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Odamsimon robot Ai-Da

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar