Obod mahallami yo barbod mahalla? Ipoteka bank ajratmagan kredit sabab Sergelidagi uylar suv ostida qolmoqda

Jamiyat

QALAMPIR.UZ tahririyatiga Sergeli tumani, 5-mavze, 11-uyda yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatnomada aytilishicha, aynan ular yashab turgan ko‘p qavatli uyning tom qismi “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida yopib berilishi kerak bo‘lgan. Shu sababli Sergeli tumani “Allaviy-bonu kommunal” xususiy uy-joy mulkdorlik shirkati o‘zining tarkibida bo‘lgan 11-sonli uyning tom qismini yopish uchun 3 yillik imtiyozli davr asosida yillik 15 foiz ustama to‘lash sharti bilan Ipoteka Bankning Sergeli tumani filialiga kredit so‘rab murojaat qilgan. Bank esa shirkatga ish boshlayverishni, ungacha pul tushirib berilishini va’da qilgan. 

Shirkat 2020 yilning oktyabr oyida ko‘p qavatli uyning tom qismini yopish bo‘yicha shirkat “ROBINSON CRUSOE NRAVEL” MCHJ bilan shartnoma tuzgan va ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Va’da qilingan mablag‘ bank tomonidan o‘z vaqtida shirkat hisobiga tushirib berilmagach, pudratchi tashkilot “ROBINSON CRUSOE NRAVEL” MCHJ ishni chala holatda tashlab ketgan. Natijada esa aholi qishning qirovli kunlarini, bahorning yomg‘irli tunlarini “ochiq osmon ostida” o‘tkazgan.

Biz murojaatnoma asosida ushbu manzilda bo‘ldik va aholining qorda qahshab, yomg‘irda ivigan dardiga quloq tutdik. Uy egalari 6 oydan buyon har yog‘ingarchilik bo‘lgan paytlari tomdan suv o‘tayotganini, xonadonlarning ta’miriga esa jiddiy zarar yetayotganini aytmoqda. Xonadonlardan biriga kirganimizda esa devordagi gulqog‘ozlar suvdan ivib ketgani, shiftlar sarg‘aygani, ayrim uylarda esa hatto, qog‘oz va gips aralashmasidan tayyorlangan shiftlar o‘pirilib ketganiga guvoh bo‘ldik. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyunda PF-5467-sonli “Obod mahalla” dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi. 2019 yil Toshkent shahar Sergeli tumanida joylashgan “Habibiy” mahallasi “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan. Biroq, 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish dasturiga asosan ushbu mahalladagi 11-sonli uyning tom qismini yopish ishlari kredit ajratilmaganligi sababli boshlanganicha tugallanmay qolib ketgan. 

Murojaatchi fuqarolardan biri Sardor G‘ulomovning aytishicha, tomni yopish ishlari boshlangan payt jurnalistlar kelib, ko‘pqavatli uyda yashovchi aholidan intervyu olgan. Fuqarolar esa boshlangan qurilish ishlaridan mamnun ekanliklarini aytib, bunga bosh-qosh bo‘layotganlarga minnatdorlik bildirishgan. Afsuski, ularning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. 

“Ushbu uyning tom qismini yopish ishlari 2020 yilning oktyabr’ oyida boshlangan edi. Qurilish boshlanib, yog‘ochlar o‘rnatib bo‘lindi. Bankdan esa bir hafta ichida mablag‘ tushirib berilishini aytishgani uchun “profnastil” ham olib kelindi. Lekin pul tushirib berilmadi. Shuning uchun ham tom oxirigacha yopilmasdan qolib ketdi. Mana, oradan 6 oy o‘tdiki, haligacha shu ahvol. Bu masala yuzasidan Toshkent shahar Sergeli tuman hokimligida bo‘lgan sayyor qabulda qatnashdim, bundan keyin 322-maktabda ham sayyor qabulda ishtirok etdim. Ishtirokim davomida shirkatga kredit ajratilmagani va tom oxirigacha yopilmaganini aytganimda, “bo‘ldi, hal qilamiz”, deb meni chiqarib yuborishgan”, deydi fuqaro Sardor G‘ulomov.

Biz voqeaga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tomonga quloq tutish va 6 oy davomida nega kredit ajratilmay  kelinayotganini bilish maqsadida Ipoteka bankning Sergeli tuman filiali bilan telefon orqali bog‘landik. Bank xodimlarining bergan ma’lumotiga ko‘ra, Sergeli tumani 5-mavze 11-uyni o‘z tarkibiga olgan “Allaviy-bonu kommunal” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining bankdan qarzdorligi mavjud. Shu bois kredit ajratilmayapti. To‘g‘ri-da, muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘lgandan keyin qaysi bank ham kredit ajratardi dersiz?! Vaholanki, Ipoteka bank Sergeli filialining 2020 yil 15 oktyabrdagi 18/2695-sonli xatida “Allaviy-bonu kommunal” XUJMSHning bankdan muddati o‘tgan qarzdorligi yo‘qligi ma’lum qilingan. Shuningdek, Sergeli tumani davlat soliq inspeksiyasining 2020 yil 2 oktyabrdagi 17-20475-sonli ma’lumotnomasida shirkatning hech qanday qarzdorligi mavjud emasligi aytilgan. Shularga qaramay, kredit ajratilishi paysalga solib kelinmoqda.

“Allaviy-bonu kommunal” XUJMSH Vazirlar Mahkamasining "Bank kreditlari bo‘yicha tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan kafolatlar berilishi va muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlikni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 6-bandida belgilangan tartib asosida kerakli hujjatlarni Sergeli tuman hokimligiga taqdim qilgan. Sergeli tumani hokimiyatidan kelgan vakil shirkat taqdim etgan hujjatlar tuman hokimiyati tomonidan ko‘rib chiqilib, 2020 yil 10 noyabrda 861/01-sonli “Kafolat xati” berilganini aytmoqda.

"Shirkatning davlat soliq inspeksiyasidan ham, bankdan ham hech qanday muddati o‘tgan qarzdorligi yo‘qligi haqida ma’lumotnoma berganmiz. Hamma kerakli narsalar olib kelinib, ish boshlangandan keyin kredit ajratishmayapti. “Nega kredit ajratmayapsizlar?”, desak “Markaziy bank javob bermayapti, “knopkani” bosmayapti”, deb javob qilishmoqda. Kredit chiqaramiz, deb haligacha cho‘zib yurishibdi”, deydi Sergeli tumani uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh mutaxassisi Suxrobbek Masharipov.

QALAMPIR.UZ jamoasi Ipoteka bank Sergeli tumani filiali xodimlarini voqea joyiga taklif qildi. Bir soatdan ortiq kutish zoye ketdi va tahririyat xodimlari bank mutasaddilari bilan muloqot qilish uchun u joylashgan manzilga bordi. Biroq, na bank xodimlari tashqariga chiqib savollarga javob berdi, na jurnalistlar ichkariga kiritildi. Hatto, shu yaqinda tasvirga olishga ham ruxsat berilmadi. Har qanday savollarga yozma murojaat orqali javob berilishi aytildi.

Ipoteka Bankning Sergeli tuman filiali “Allaviy-bonu kommunal” XUJMSHga umumiy hisobda 100 million so‘m (63 million so‘m tomni qayta yopish ishlariga va 37 million so‘m eskirgan quvurlarni ta’mirlash uchun) kredit ajratishi kerak edi. Voqealar qay tarafga ketganini esa o‘zingiz ko‘rib turibsiz.

Tegishli tashkilot mutasaddilari ushbu holatga jiddiyroq e’tibor qaratmas ekan, Sergeli tumani 5-mavze 11-sonli uyda yashovchi fuqarolar shiftidan oqayotgan suvga tog‘ora qo‘yib yashayveradi. Qolaversa, bu “Obod mahalla” dasturi va Ipoteka bank bilan bog‘liq ilk yoki tasaodifiy holat bo‘lmasligi ham mumkin. Balki, biz bilmagan bunday voqealar o‘nlab topilar. Yana qanchadan qancha mahallalar obod qilinish va’dasi bilan barbod bo‘lgani bizga qorong‘i.

Ro‘zimurod Berdiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

“Allaviy-bonu kommunal

Baholaganlar

75

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar