Obi-Rahmat g‘oridan 80 ming yillik o‘q uchlari topildi

Bu qiziq

image

Arxeologlar Obi-Rahmat g‘orida yoshi taxminan 80 ming yil deb baholanayotgan toshdan yasalgan o‘q uchlarini topdi. Mutaxassislarning fikricha, bu kashfiyot qadimgi insonlarning uzoq masofadan ov qilish qurolidan foydalanish haqidagi tasavvurlarini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Bu haqdagi tadqiqot natijalari PLOS.ONE jurnalida e’lon qilindi.

Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi Arxeologiya va etnografiya instituti olimi Andrey Krivoshapkin rahbarligidagi xalqaro tadqiqotchilar guruhi qadimiy qatlamlardan topilgan 200 ga yaqin mayda artefaktlarni tahlil qilgan. Ularning orasidan 20 ga yaqin ehtimoliy o‘q uchi va ularning parchalari ajratib olingan.

Topilmalar ichida eng kattalarining og‘irligi atigi 25-35 gramm bo‘lib, maksimal kengligi 41 millimetrni tashkil etgan. Ular Janubiy Afrika, Fransiya va Shri-Lankadan topilgan 48-60 ming yil oldingi o‘xshash artefaktlardan ancha qadimiy sanaladi. Bu esa kamon va o‘qning Yevrosiyoda ancha erta paydo bo‘lganidan dalolat berishi mumkin.

Qiziq jihati shundaki, xuddi shu g‘ordan ilgari 9-12 yoshlar oralig‘idagi bola qoldiqlari ham topilgan. Unda ham neandertal, ham zamonaviy inson alomatlari mavjud bo‘lgani sababli, ushbu masala hanuz ilmiy munozaraga sabab bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tahlil mayda artefaktlar aynan o‘q uchlari sifatida qo‘llanilganini ko‘rsatgan, chunki ularning o‘lchamlari va yemirilish izlari nayza yoki boshqa yirik qurollarga mos kelmaydi. Bu esa Markaziy Osiyoning qadimiy aholisi ilg‘or ovchilik texnologiyalarini kutilganidan ancha oldin egallagan bo‘lishi mumkinligidan darak beradi.

Ma’lumot uchun, Obi-Rahmat g‘ori Toshkentdan 100 kilometr shimoli-sharqda, dengiz sathidan 1250 metr balandlikda, Paltov daryosi vodiysidagi ohaktosh qoyalarida joylashgan 20 metrlik katta tabiiy bo‘shliqdir. U 1962 yilda kashf etilgan bo‘lib, Markaziy Osiyodagi eng muhim paleolit yodgorliklaridan biri sanaladi. G‘orda madaniy qatlamlar qalinligi 10 metrgacha bo‘lib, ular 40 ming yildan 80 ming yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonning Xatlon viloyati Boxtar shahrida temuriylar va mang‘itlar davriga oid 2 mis tanga topilgandi. Ulardan biri temuriylar davriga (XV–XVI asrlar), ikkinchisi esa mang‘itlar davriga (XVI–XVII asrlar) tegishli ekani ma’lum bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Arxeologiya Obi-Rahmat g'ori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing