Ohangaronda 30 gektar maydonda chiqindi poligoni quriladi
Jamiyat
−
02 fevral 2022
3089Bir oy muddatda Ohangaron tumanida 30 gektar maydonda poligon tashkil etish bo‘yicha 17 million dollarlik loyiha doirasida qurilish boshlanadi. Loyiha Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokida amalga oshiriladi. Bugun, 2 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektorda shunday topshiriq berdi.
Yig‘ilishda yangi ko‘p qavatli uy-joylar loyihasida sanitariya-gigiyenik talablar asosida zamonaviy chiqindi yig‘ish shoxobchalari qurish talabi shaharsozlik normalariga kiritilishi zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, hududlar rahbarlariga resursini o‘tab bo‘lgan maishiy chiqindi poligonlarini (jami 165 gektar maydonda 24 ta) 1 mayga qadar ko‘mish choralarini ko‘rish topshirildi.
Mutasaddilarga poligonlarni rekultivatsiya qilish dasturini ishlab chiqib, tegishli ishlarni boshlashga topshiriq berildi.
Umuman, kelgusi yildan poligonlar tashkil etish va ularni yopishni tartibga solish bo‘yicha aniq moliyaviy manbalarini ko‘rsatgan holda qonun loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Bir oy muddatda Ohangaron tumanida Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokidagi 30 gektar maydonda poligon tashkil etish bo‘yicha 17 million dollarlik loyiha doirasidagi qurilishni boshlashga ko‘rsatma berildi.
LiveBarchasi