Nukusdagi namoyishlarning keltirgan zarari hisoblanmoqda
Jamiyat
−
10 fevral 2023 7578 2 daqiqa
2022 yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarda namoyishlarning keltirib chiqargan oqibatlari, yetkazilgan zarar, ishtirokchilarning ma’naviy va psixologik tafsiloti o‘rganilmoqda.
Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha Mustaqil komissiya ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2022 yil 16 iyul kunidan ish boshlagan Komissiya Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha o‘z xulosasini tayyorlashga kirishgan.
“Komissiya o‘z faoliyatini inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, voqealarni har tomonlama va holis o‘rganish, shuningdek, olingan axborotlarni qayta tekshirish hamda o‘z faoliyatini jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tashkil qildi”, deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, komissiya o‘z xulosasida shuningdek, quyidagi yo‘nalishlarga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 yil 1 - 2 iyul kunlari yuz bergan holatlar va voqealarning xronologik tafsiloti;
- Mustaqil komissiyaning tashkiliy tadbirlari;
- Mahalliy hukumat va davlat organlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar;
- Namoyishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillar;
- Namoyishlarda aybdor deb topilgan fuqarolarga nisbatan sud jarayonlarining tafsiloti;
- Mustaqil komissiyaning asosiy xulosa va tavsiyalari;
- Xotima;
- Namoyishlarda qo‘llanilgan maxsus vositalarning taktik-texnik xususiyatlari.
Qolaversa Mustaqil komissiya jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va faollar komissiya xulosasiga oid fikr-mulohazalarini yuborish uchun alohida manzil (@independetuz_bot) ham qoldirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mustaqil komissiya so‘roviga javoban Nukus voqealarida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari tergovi doirasida 3 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida xabar bergan edik.
Live
Barchasi