Nukus voqealari bo‘yicha sud: kimga qanday hukm o‘qildi?

3-sahifa

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 31 yanvar kuni Buxoroda 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Yelubay Abibullayev raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Salamat Kalilayev, Nurlan Sultamuratov 3 yildan; Polat Nurniyazov 4 yil; Qaharman Seytimov va Berdax Genjebayev 5 yildan; Saiipnazar Kalimov, Arislan Temirxanov va Polat Shamshetov 6 yildan; Amirbek Adilbekov, Baxtiyar Kadirbergenov, Seydabulla Medetov va Nurlan Nayipov 7 yildan; Razbek Bekmuratov, Sultanbek Kaipov, Dao‘letmurat Djiyemuratov va Bayram Seytniyazov 8 yildan; Allabay Toqimbetov 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ozodlikdan maxrum qilish jazosiga sudlanganlarga nisbatan tayinlangan jazo muddatlarini ular qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblanishi belgilanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:

Salamat Kalilayev Jinoyat kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 3 yil ozodlikdan maxrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan dastlabki uy qamog‘ida o‘tirgan 6 oy 4 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 2 yil 5 oy 26 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilib, JKning 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanilib, jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilandi;

Berdax Genjebayev JKning 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismi “b” bandi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasi tartibida, dastlabki qamoqda saqlangan 1 oy 19 kuni chegirilib, o‘tash uchun 4 yil 10 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilib, unga nisbatan qo‘llanilgan uy qamog‘i extiyot chorasi bekor qilindi.

Nurlan Sultamuratov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil;

Polat Nurniyazov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 4 yil;

Qaharman Seytimov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 5 yil;

Saiipnazar Kalimov bilan Arislan Temirxanov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, xar biri 6 yildan;

Polat Shamshetov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish), 57-moddalari qo‘llanilib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yil;

Amirbek Adilbekov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 7 yil;

Baxtiyar Kadirbergenov JKning 244-moddasi 3-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 7 yil;

Seydabulla Medetov bilan Nurlan Nayipov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida, xar biri 7 yildan;

Razbek Bekmuratov JKning 244-moddasi 3-qismi va 247-moddasi (o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;

Sultanbek Kaipov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;

Dao‘letmurat Djiyemuratov JKning 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi bilan aybsiz deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksi (JPK)ning 83-moddasi (reabilitatsiya asoslari) 3-bandiga asosan oqlanib, JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 8 yil;

Bayram Seytniyazov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;

Allabay Toqimbetov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazolariga sudlandilar.

Ozodlikdan maxrum qilish jazosiga sudlanganlarga nisbatan tayinlangan jazo muddatlarini ular qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblanishi belgilanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Azamat Nuratdinov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o‘tirigan 6 oy 13 kuni chegirilib, o‘tash uchun 4 yil 5 oy 17 kun;

Axmet Smetullayev JKning 159-moddasi 4-qismi bilan aybsiz deb topildi va oqlandi, JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o‘tirigan 6 oy 22 kuni chegirilib, o‘tash uchun 4 yil 5 oy 8 kun;

Azamat Turdanov JKning 159-moddasi 4-qismi bilan aybsiz deb topildi va oqlandi, JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 45, 57-moddalari qo‘llanilib 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o‘tirigan 6 oy 25 kuni chegirilib, o‘tash uchun 4 yil 5 oy 5 kun ozodlikni cheklash jazosiga sudlandilar.

Ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan A. Nuratdinov, A. Smetullayev va A. Turdanov sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Lolagul Kallixanova JKning 159-moddasi 4-qismi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil ozodlikdan maxrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o‘tirgan 6 oy 24 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 7 yil 5 oy 6 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilib, JKning 72-moddasi qo‘llanilib,jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilanib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Dauletmurat Tajimuratov JKning 159-moddasi 4-qismi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 59-moddasi tartibida 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Shuningdek, sudlanganlar D. Tajimuratov, L. Kallixanova, A. Turdanov, A. Smetullayev va D. Djiyemuratovning aybidan JKning 28,104-moddasi 3-qismi “a” bandi, sudlanganlar R. Bekmuratov bilan S. Kaipovning aybidan JKning 104-moddasi 3-qismi “a” bandi (ushbu xarakatlar JKning 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olinganligi sababli), sudlangan A. Nuratdinovning aybidan JKning 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (qo‘yilgan ayblov o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli) chiqarildi.

Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 6,8 milliard so‘mdan ortiq zararning 256 million so‘mi qoplanganligi inobatga olinib, qoplanmagan 6,5 milliard so‘mdan ziyod miqdordagi moddiy zararlarni sudlanganlardan solidar tartibda undirish, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan 228 million so‘m zararni sudlangan D. Tajimuratovdan undirish, sudlanganlarga tegishli bo‘lib jinoyat ishi doirasida xatlovga olingan mol-mulklarni keltirilgan zararni qoplashga qaratish belgilandi.

Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi ma’lum qilinadi.

Shuningdek, jinoyat ishini tergov qilish davomida yo‘l qo‘yilgan ayrim xato-kamchiliklarga nisbatan xususiy ajrim chiqarildi.

Demokratik huquqiy davlatning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan sud-huquq tizimini chuqur isloh etish va inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining yuritilishi natijasida, bugungi sud - ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsipi, insonparvarlik g‘oyalariga tayangan holda o‘z ishini yuritdi. 

Aynan sud idoralari tomonidan shaffof sudlov jarayoni natijasida “Qoraqalpoq voqealari”ga aloqador shaxslarga nisbatan insonparvarlik tamoyillariga asosan hukm chiqarilishiga erishildi.

“Qoraqalpoq voqealari”ga aloqador shaxslarga nisbatan insonparvarlik tamoyillariga asosan hukm chiqarilishiga 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni asosiy sabablardan biri bo‘lib, bu borada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning sifat jihatidan yangi bosqichini boshlab berganligi bilan ahamiyatlidir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing