Nukus fojiasi. Kim nimada ayblanyapti?

Tahlil

28 noyabr Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudida joriy yilning 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukusda bo‘lib o‘tgan qonli voqealar yuzasidan sud jarayoni boshlandi. Unda namoyishlarga boshchilik qilganlarga, gumonlanuvchilarga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov tomonidan birma-bir o‘qib eshittirildi.

Nukus voqealari ishi bo‘yicha sudlanuvchilar orasida o‘zini Qoraqalpoqlar yetakchisi sifatida e’lon qilgan Dauletmurat Tajimuratov, boshqa bir yetakchi, Lolagul Kallixanova, shuningdek, Qoraqalpog‘iston IIV bo‘lim boshlig‘i Polat Shamshetov, Nukus olimpiya zaxiralari kolleji direktori Azamat Turdanov ham bor.

Sudlanuvchilarning umumiy soni esa jami 22 nafar.

Mazkur sud hay’at raisi Yebulay Ongarbayevich Abibullayev boshchiligida bo‘lib o‘tmoqda. 

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Nukus shahridagi tartibsizliklar natijasida umumiy miqdorda 6 mlrd 681 mln 247 ming 508 so‘m moddiy zarar yetkazilgan.
Qayd etilishicha, sudlanuvchilar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarning aksariyati sud tomonidan qanoatlantirilmoqda.

Masalan, sud majlisida ayblanuvchi Dauletmurat Tajimuratov bir nechta iltimos bilan murojaat qilgan.

Xususan, Tajimuratov suddan himoyachisi bilan gaplashib olish uchun imkoniyat berishni so‘radi. Bu iltimosnoma esa sud tarafidan qanoatlantirilib, Tajimuratov hamda uning himoyachisiga gaplashib olish uchun imkoniyat berildi.

Shuningdek, u sodir etilgan holatga guvoh bo‘lgan fuqarolarni ham sud ishiga taklif qilinishini talab qilgach, asosiy guvohlar so‘roq qilinganidan keyin qo‘shimcha guvohlar so‘roq qilinishi belgilandi.

Bundan tashqari Dauletmurat Tajimuratov “qalbining tozaligini isbotlash uchun” Qur’oni Karimni keltirishni so‘radi. Cud bu kabi yuridik mexanizm qonunchilikda mavjud emasligi sabab ayblanuvchining so‘rovini rad etgan.

Sud majlisida sudlanuvchi Tajimuratov o‘zining ukasini uning himoyachisi sifatida sud jarayonida ishtirok etishini so‘rab, sudga iltimosnoma kiritdi. Sud maslahatga kirib, ushbu iltimosnomani qanoatlantirish haqida ajrim chiqardi.

Dastlabki tergov organining xulosasiga ko‘ra, 1979 yilda tug‘ilgan, “Yel xizmetinde” advokatlik byurosi advokati, ilgari “Yel xizmetinde” gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishlagan Dauletmurat Tajimuratov Jinoyat kodeksining 28, 104-moddasi (ishtirokchilikda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “a” bandi, 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi va 244−1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i 1986 yilda tug‘ilgan Polat Nurniyazov  244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Shuningdek, internet orqali odamlarni namoyishlarga jalb qilgani uchun “Makan.uz” internet-nashri muharriri Lolagul Kallixanova ham ayblanuvchilar qatoridan o‘rin olgan. 1989 yilda tug‘ilgan jurnalist  Jinoyat kodeksining 28, 104-moddasi 3-qismi “a” bandi (ishtirokchilikda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 159-moddasi 4-qismi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-moddasi 3-qismi (ommaviy tartibsizliklar) va 244−1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) kabilan bilan ayblanmoqda.

1984 yilda tug‘ilgan, Nukus olimpiya zaxiralari kolleji direktori Azamat Turdanov esa Jinoyat kodeksining 28, 104-moddasi 3-qismi “a” bandi, 159-moddasi 4-qismi va 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodiir etganlikda ayblanib, sudga tortilgan. 

Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiysi 29 yoshli Axmet Smetullayev ham Jinoyat kodeksining 28, 104-moddasi 3-qismi “a” bandi, 159-moddasi 4-qismi va 244-moddasi 3-qismida belgilangan jinoyatlarni sodir etganligi aytilmoqda.

Blogerlardan Baxtiyar Kadirbergenov ayblanuvchilar qatorida. 1986 yilda tug‘ilgan Kadirbergenov “Ayama” veb-sayti muharriri edi. U Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan ayblanmoqda. 

Norasmiy tarzda imomlik bilan shug‘ullanib kelgan 1973 yilda tug‘ilgan Allabay Toqimbetov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismida;

1989 yilda tug‘ilgan , Mo‘ynoq tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi Azamat Nuratdinov  Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi va 244−1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat universitetining 30 yoshli o‘qituvchisi Razbek Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “a” bandi, 244-moddasi 3-qismi va 247-moddasi (o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash) 3-qismi “a” bandida keltirilgan og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Shunday qilib jami 20 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga “uy qamog‘i” va 1 nafariga “jamoa kafilligi” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Milliy gvardiya hamda Bosh prokuratura mas’ullarining iyul oyidagi ommaga elon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklar oqibatida jami 18 nafar fuqaro vafot etgan, 243 kishi, shu jumladan, 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimi turli jarohatlar bilan shifoxonalarga murojaat qilgan. 
Namoyishda ishtiroki uchun 516 kishi qo‘lga olingan.

Shu kunga qadar Mustaqil komissiya tashabbusi bilan shu raytga qadar yaqinlari bag‘riga qaytarilgan Qoraqalpog‘iston voqealari ayblanuvchilari soni jami 107 nafarni tashkil qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

143

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing