Notariuslar va FHDYOlar qanday tartibda ish yuritadi? So‘z Adliya vazirligiga
Jamiyat
−
24 mart 2020
6527Karantin vaqtida FXDYO va Notariuslar faoliyati elektron tarzda amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, karantin choralari sabab ertaga, 25 martdan boshlab Adliya vazirligi tizimidagi idoralar quyidagi tartibda ish faoliyatiga o‘tadi:
• Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlari elektron shaklda my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda va faqat kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina idoralarda amalga oshiriladi;
• FHDYO bo‘limlarida fuqarolarni qabul qilish xodimlarning navbatchiligi asosida kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina (tug‘ilish va o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish) tashkil qilingan darcha orqali amalga oshiriladi;
• Notariuslarga murojaat qilish faqat kechiktirib bo‘lmaydigan zaruriyat yuzaga kelganda (birinchi navbatda vasiyatnoma, ishonchnoma, garov, ipoteka bo‘yicha) e-notarius.uz sayti orqali tegishli notariusga hujjatlarni oldindan elektron shaklda taqdim etish va elektron navbatga yozilish orqali amalga oshiriladi.
Shu o‘rinda, Adliya vazirligi "fuqarolarni barcha binolarga kiritish faqat belgilangan navbat va vaqtga rioya etilgan holda hamda tibbiy niqob taqilgan, qo‘llar antiseptik vositalar bilan yuvilgan va tana harorati teplovizorlar orqali o‘lchangandan keyin yo‘l qo‘yiladi. Bino tashqarisi va ichida fuqarolar o‘zaro masofa (2 metr) saqlashlari lozim", deya eslatib o‘tmoqda.
"Ushbu vaqtincha cheklovlar “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 176-son qarori va Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlarining tegishli tavsiyalariga asosan joriy qilinmoqda.
Shuningdek, yuqoridagi Hukumat qaroriga asosan, idoralardagi aksariyat ayol xodimlar bog‘cha yoshidagi farzandlariga qarash uchun mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha vaqtinchalik ta’tilga chiqarilganligi va xodimlarning bir qismi masofadan turib ishlashga o‘tganligi sababli idoralar faoliyatida ayrim uzilishlar bo‘lishi mumkin.
Kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ayrim noqulayliklar uchun Sizlardan avvaldan uzr so‘ragan holda adliya idoralariga faqat jiddiy zarurat bo‘lganda murojaat qilishingizni so‘raymiz!", deydi mas’ul tashkilot.
Adliya vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar adliya boshqarmalari, tuman (shahar) adliya bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan murojaatlarni qabul qilish va ular bilan ishlash faqat elektron pochta yoki ishonch telefonlari orqali amalga oshiriladi (elektron pochta manzillari va ishonch telefonlari ro‘yxati havolasi.
LiveBarchasi