Norboyeva O‘zbekistonda odam savdosi bo‘yicha jinoyatlar yashirilayotganini aytmoqda

Jamiyat

Yer yuzida har yili 2,7 million kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Afsuski, O‘zbekistonda ham buni pul topish manbaiga aylantirib olib, “biznes” darajasiga ko‘tarayotganlar yo‘q emas. 24 mart kuni bo‘lib o‘tgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston fuqarolarining chet elga sotib yuborilishi, ayollardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish, erkaklarni turli jismoniy mehnatlarga majburlash va Resbuplika hududida chaqaloqlarni begona shaxslarga pullash kabi holatlar muhokama markazida bo‘ldi.

Anjuman davomida aslida odam savdosi eng og‘ir jinoyatlar qatoriga kirishi va shuning uchun ham ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan og‘irroq jazo choralarini qo‘llash kerakligi ta’kidlandi. Xo‘sh, bugun jamiyat bunday masalalar borasida qanchalik uyg‘oq. Atrofimizdagi voqealiklardan qay darajada xabardormiz? Bugun bunday jinoyatlarni Oliy Majlis Senati va Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva aytganidek, "xaspo‘shla"mayapmizmi?

“2020 yilda odam savdosi bilan bog‘liq 1029 ta murojaat kelib tushgan. Shulardan bor-yo‘g‘i 93 tasi, yani 9 foizi bo‘yicha jinoiy ish ochilib, 129 nafar aybdorga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan. Ushbu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, odam savdosi bilan bog‘liq salbiy holatlar 2019 yilga nisbatan yanada kamaygan. Aslida odam savdosi bilan shug‘ullangan jinoyatchilarning barchasini javobgarlikka tortish kerak. Qonunni o‘zgartirdik, lekin nima uchun haligacha ularni xaspo‘shlayapmiz, men tushunmayapman”, deydi Oliy Majlis Senati va Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva.

O‘tgan yilning avgust oyida  “Odam savdosiga qarshi kurash” to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, yangi tahrirda ishlab chiqilgan edi. Qonun yangilandi-yu, ammo bir yil mobaynida amalda ko‘zga ko‘rinarli qanday ishlar amalga oshirildi? Yoki barchasi qog‘ozlarda qolib ketyaptimi?

Oliy Majlis Senati va Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni to‘laligicha oshkor qilmasdan, ularni “bosdi-bosdi” qilgan ayrim tashkilot rahbarlarini nazarda tutib shunday dedi:

“O‘zimizcha “jinoyatlarni kamaytirsak, ishimizga 5 baho beriladi, keyin shu bilan maqtanamiz”, deb o‘ylaymiz-da. Lekin jinoyatni ko‘rsatib turgan faktlar bor-ku. Shu faktlarga tayanib jinoiy javobgarlik ishlarini bemalol qo‘llash mumkin-ku. Nimaga kerakli choralar qo‘llanmayapti, kimdan gap eshitishdan qo‘rqyapmiz? Hozir jinoyatlar ko‘paysa, gap eshitadigan zamon emas. Ayni damda asosiy maqsadimiz – bu jinoyatlarni ochish, ularni yashirish emas”.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, mazkur jinoyatlardan jabrlangan shaxslarning 92 nafariga Respublika reabilitatsiya markazi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,4 barobarga kamaygan.

Ro‘zimurod Berdiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

35

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing