Noqonuniy tamakilar nega yoqib yuboriladi?
Biznes
−
07 iyul 2023
6053Joriy yilning 6 iyul kuni Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi zavodlardan birida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan qalbaki mahsulotlar – jami 228 ming 144 quti tamaki mahsuloti yoqib, yo‘q qilindi. Jarayonni QALAMPIR.UZ bevosita kuzatdi.
Tadbirda Bojxona qo‘mitasi va Toshkent viloyati bojxona boshqarmalari mas’ul rahbar va xodimlari, Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Sanitariya epidemiologik va jamoat salomatligi boshqarmasi, Majburiy ijro bo‘limi xodimlari, Intelektual mulk departamenti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“Joriy yilning 22 fevral kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Mirobod tumanidagi xonadonlardan birida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan va noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 140 dan ziyod turdagi 228 ming 144 quti tamaki mahsulotlari qonunga xilof tarzda saqlanayotganligi aniqlangan edi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining joriy yil 15 iyundagi xukmiga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil tariqasida olingan mazkur tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish belgilandi.
Shu kuni aynan ushbu tamaki mahsulotlari – 228 ming 144 quti sigaretlar jurnalistlar, blogerlar va keng jamoatchilik vakillari guvohligida yoqib yuborildi”, dedi Bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari Otabek Ibragimov.
Noqonuniy tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish tadbiridan so‘ng, jurnalist va blogerlar uchun Bojxona qo‘mitasi rahbariyati va Majburiy ijro byurosi vakillari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda noqonuniy tamaki mahsulotlariga qarshi mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirildi.
“2022 yilda bojxona organlari tomonidan 338 ta huquqbuzarlik holatlarida 19,8 mlrd so‘mlik 1 mln 619 ming quti sigaret tovarlarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qo‘yilgan.
Mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan bojxona organlari tomonidan 85 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, shuningdek 253 ta holatda ma’muriy ishlar yuritilib ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.
2023 yilning 6 oyida bojxona organlari tomonidan 155 ta huquqbuzarlik holatlarida 37,5 mlrd. so‘mlik 1 mln. 610 ming quti sigaret tovarlarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qo‘yilgan.
Mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan bojxona organlari tomonidan 53 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, shuningdek 90 ta holatda ma’muriy ishlar yuritilib ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.
Bundan tashqari noqonuniy sigaret mahsulotlari bilan bog‘liq 12 ta huquqbuzarlik holatlari bojxona organlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
2022 yilda noqonuniy muomaladan olingan 1 mln. qutidan ortiq, 2023 yilning o‘tgan davrida esa 100 ming qutidan ziyod sigaret tovarlari belgilangan tartibda yo‘q qilingan”, deya ma’lumot berdi Ibragimov.
Mas’ullarning aytishicha, O‘zbekistonda noqonuniy muomalaga kiritilayotgan, qonunga xilof ravishda chegaradan olib o‘tilayotgan mahsulotlarga qarshi jiddiy kurash olib borilmoqda. Ammo nima uchun raqamlar oshsa-oshyaptiki, aslo kamaymayapti? Nima uchun haligacha qalbaki tamaki mahsulotlari mamlakat hududida aylanishda davom etmoqda?
“2023 yilning 15 fevralidan 15 martiga qadar respublika bo‘ylab 200dan ortiq kontrafakt mahsulotlari aniqlandi. Unga yarasha javobgarlik belgilangan. Bugungi kunda mazkur holatlarning barchasi sudlarga oshirilgan. Bizdagi raqamlar yildan-yilga tushyapti, oshayotgni yo‘q. Hamma kontrafakt mahsulotlar uchun javobgarlik katta ekanini bilyapti. Shuning uchun barcha tadbirkorlar o‘zining brendini olib, faoliyat yuritishga harakat qilyapti”, deydi Intelektual mulk departamenti boshqarma bosh maslahatchisi Abrorjon Qodirov.
Ammo Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar departamentining O‘zbekiston Respublikasida noqonuniy aylangan tamaki mahsulotlari bo‘yicha umumiy o‘rganishlari shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi 2 yil ichida O‘zbekiston Respublikasida noqonuniy tamaki bozori 3 barobardan ziyod oshgan. Birgina 2023 yil may oyida noqonuniy tamaki mahsulotlarining ulushi 23,1 foizni tashkil etgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi byudjetining umumiy yo‘qotishlari 260 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
“Ming afsuski, tamaki mahsulotlariga mamlakatda talab katta. Bundan foydalangan ayrim fuqarolar mo‘may daromad orttirish maqsadida tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga urinish holatlari uchramoqda. Tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasligiga qarshi nafaqat bojxona xizmati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki keng jamoatchilik birgalikda kurashishi kerak. Bugungi kunda shunday imkoniyat borki, fuqarolar qaysidir do‘konda noqonuniy tamaki mahsulotlari sotilishiga guvoh bo‘layotgan bo‘lsa, bu haqda huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishi mumkin. Bojxona qo‘mitasining 1108 ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish so‘raladi”, dedi Bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov.
Shuningdek, brifing davomida nima uchun yo‘q qilishning aynan bu usuli tanlangani, qalbaki mahsulotlar xorijiy mamlakatlarda qay tarzda yo‘q qilinishi, bu boradagi xorijiy tajriba qandayligi haqidagi savolga ham javob olindi.
“Bunday tovar mahsulotini yo‘q qilishda ekologiyaga, aholi salomatligiga zarar yetkazmasligi inobatga olinadi. Mazkur hudud aholi yashash punkitidan uzoqroqda, sanoat zonasida joylashgani uchun maxsus pechda yoqib yo‘q qilindi. Bu atrof-muhitga zararli chiqindi chiqishining oldini olishga yordam beradi”, dedi Toshkent shahar Chilonzor tuman MIB xodimi Doniyor Yo‘ldoshev.
Tahlillarga ko‘ra, respublikamiz hududiga tamaki mahsulotlarini asosan Turkiya, Rossiya, BAA, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan noqonuniy tarzda olib kirishga urinmoqda. Ichki hududlar kesimida tahlil qilinsa, aniqlanayotgan eng ko‘p noqonuniy sigaret mahsulotlari Namangan, Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahri, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
LiveBarchasi