Nogironligi bor ayol “Muruvvat” uyida mazax qilindi (video)
3-sahifa
−
17 may 2024 22590 2 daqiqa
Bugun, 17 may kuni QALAMPIR.UZ’ga Sirdaryo viloyati “Muruvvat" nogironligi bo‘lgan ayollar internatida bir nechta xodimalar ruhiy nosog‘lom ayolning ustidan mazax qilgani haqida murojaat kelib tushdi.
Holat yuzasidan QALAMPIR.UZ muassasaning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Eldor Shavqiyev bilan bog‘landi. Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 24 aprel kuni sodir bo‘lgan. Unga ko‘ra, internat oshxonasida faoliyat olib boruvchi xususiy firmaning ishchi xodimalari X.M. va Sh.O. muassasa hududida erkin sayr vaqtida yurgan, davlat ta’minotiga olingan nogironligi bo‘lgan shaxs, 3-bo‘lim doimiy yashovchisi Ya.S.ni enagalar ruxsatisiz yashirincha oshxona binosiga olib kirgan va uni masxara qilib, videotasvirga olgan.
Videoda bemor ayol yig‘lab, xodimaning oyog‘iga tiz cho‘kkani, xodimalar esa uning ustidan mazax qilib, kulgani tasvirlangan.
X.M va Sh.O. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunning 3-(nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitish) va 4-(nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini asosiy prinsiplari) moddalarini buzib, ruhiy nosog‘lom ayolning shaxsiyatiga tegib, uning ustidan kulgan. Shuningdek, ular ushbu jarayonni videotasvirga olgan hamda ijtimoiy tarmoqda tarqatgan. Ma’lum qilinishicha, xodimalar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan va ular vazifasidan ozod qilingan.
Vaziyatni Ijtimoiy himoya milliy agentligi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi nazoratiga olgan, ayni paytda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Live
Barchasi