Nodirbek Yoqubboyev BAAdagi shaxmat festivalida qancha ishlab topdi?
Sport
−
24 avgust
9412Birlashgan Arab Amirligining poytaxti Abu-Dabi shahrida shaxmat bo‘yicha Abu Dhabi Chess Festival 2024 yakunlandi. Mukofot jamg‘armasi 63 ming 600 AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu turnirda Masters guruhida 11 nafar o‘zbekistonlik shaxmatchilar ham bahs olib bordi.
Shaxmat festivalining 8-turida Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda Braziliya shaxmatchisi Luis Paulo Supi(2571)ni mag‘lubiyatga uchratdi. Shamsiddin Vohidov (2643) esa ketma-ket beshta g‘alabadan keyin ochko yo‘qotdi. U oq donalarda hindistonlik Raunak Sadxvani (2653) bilan durang o‘ynadi.
Kecha, 23 avgust kuni o‘tkazilgan 8-turdan so‘ng musobaqa jadvalida Nodirbek Yoqubboyev (2665) va Shamsiddin Vohidov (2643) 6,5 ochko bilan yetakchilikni egallab turgan edi. Bugungi hal qiluvchi bahslarda Nodirbek Yoqubboyev Hindiston vakili Leon Lyuk Mendonka bilan durang o‘ynadi, Shamsiddin Vohidov ham David Paravyan bilan durang natija qayd etdi. Shu tariqa 9 turdan keyin 6 shaxmatchi bir xil – 7 ochkodan to‘pladi. Qo‘shimcha koeffitsiyentlar evaziga Nodirbek Yoqubboyev musobaqa chempionligini, Shamsiddin Vohidov esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Grossmeyster Yoqubboyev musobaqa g‘olibligi bilan bir qatorda 30 ming AQSH dollariga, Shamsiddin Vohidov esa 8000 AQSH dollariga ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya poytaxti Budapesht shahri mezbonlik qiladigan 45-Xalqaro shaxmat Olimpiadasi bahslarida O‘zbekiston sharafini kimlar himoya qilishi haqida xabar berilgandi. O‘yinlar 10-23 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi