Sudya chet elda ishlayotgan ko‘pgina o‘zbek ayollarini fohishaga chiqardi

Jamiyat

image

Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudyasi Durdona Dadaxonova xorijda ishlayotgan ko‘pgina o‘zbek ayollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri fohishaga chiqardi. Uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Telegram’dagi kanalida tarqatilgan chet elda fohishalik bilan shug‘ullanayotgan ayollar haqidagi maqolasi shunday so‘zlar bilan boshlanadi:

“Ko‘pgina o‘zbek ayollari chetga ishga borib nima ish bilan shug‘ullanganini so‘rasangiz “enagalik qildim”, deb javob beradi. Aslida esa tanini sotib, fohishalik qilgan bo‘ladi yoki yosh qizlarni chetga olib borib fahsh ishlarni qilishga undagan bo‘lib chiqadi”. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: qiziq, sudya o‘sha ayollar “enagalik qildim”, deb fohishalik bilan shug‘ullanayotganini qayerdan bildi ekan? Yo ularning tepasida tomoshabin bo‘lib turganmi? U bu qadar aniq va va qat’iy fikrlarni qaysi asoslarga ko‘ra o‘rtaga tashlamoqda. Yana maqolada ayrim emas, balki ko‘pgina o‘zbek ayollari xususida so‘z bormoqda. 

U o‘z maqolasida asli namanganlik Toliba Qosimova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) haqida so‘z yuritadi va shunday yozadi:

“Bir muddat u ham Turkiyaga borib enagalik qilganlardan. Keyinchalik bu ish joniga tegdimi, O‘zbekistonlik qizlarni Istanbulga chorlab, fohishalik qilishga majburladi.  Bu ishda unga sha’riy nikohdagi eri Ravshan Mahmudov ko‘mak berdi.

Bu  ikkala uyushgan guruh a’zolaridan bir necha o‘zbek qizlari jabr ko‘rgan. Ana shulardan biri Gulnora Azimovadir. Uning so‘zlab berishicha, 2016 yilning aprel oyida Toliba bilan internet tarmog‘i orqali tanishib qolgan. Toliba Gulnoraga Turkiyaga kelib ishlashni, mo‘may daromad topishini taklif qiladi. 

Shundan so‘ng, Gulnora Tolibaga fuqarolik pasporti va suratini Telegram orqali yuboradi. Toliba unga Toshkent-Istanbul reysiga aviachipta olib beradi. 2016 yil 21 iyun kuni u Istanbul shahriga uchib boradi. Aeroportda uni Tolibaning o‘zi kutib olib, o‘zi yashaydigan xonadonga yetaklaydi. 

– Meni  uyda Tolibaning qozog‘istonlik Dilbar ismli  jiyani, turmush o‘rtog‘i Ravshan akalar kutib olishdi – deydi G.Azimova, – Shu kuni Toliba meni do‘konga olib borib, kiyim kechaklar sotib olib berdi. Shundan so‘ng 15 kun davomida tekinga, aviachipta va boshqa xarajatlar uchun ishlab berdim. Biz yashaydigan ko‘p qavatli uyda "Jaxan" ismli turk fuqarosining bir-nechta xonadonlari bo‘lib, Dilbar bilan bir xonadonda fohishalik bilan shug‘ullana boshladik. Bir kunda har-xil mijozni qabul qilardik.

Bir kuni Toliba menga  boshqa tanish qizlar bo‘lsa, ishga chaqirishni so‘radi. Dugonam Umida bilan gaplashib, unga Turkiyaning Istanbul shahriga kelishi niyati bor-yo‘qligini so‘radim. Toliba internet orqali Umida bilan gaplashib, uni ham Turkiyaga chaqirtirdi.

2016 yilning avgust oyida Umida Fayziyeva ham Turkiyaga kelib, ular yashayotgan fohishaxonaga kelib qo‘shiladi. Har kuni bir xil ish bo‘lgani uchun  qizlar qiynalib ketishadi. Ayrim paytlari ish haqi qizlarga berilmasdi. Umida norozi bo‘lib, uyga qaytishini aytdi. Ammo Toliba ketishga ruxsat bermadi. Va nihoyat, 2016 yil sentyabr oyida O‘g‘iloy O‘zbekistonga qaytib keldi. 

Uyushgan jinoiy guruh rahbari T.Qosimovaning vazifasiga O‘zbekiston Respublikasidan yosh qizlarni Turkiya davlatida ishlab yaxshi maosh olishligini aytgan holda ularni Turkiya davlatiga kelishiga qiziqtirish, so‘ng o‘zi va uyushgan jinoiy guruh a’zosi R.Mahmudov bilan birga jabrlanuvchilarga Turkiya davlatiga kelishi uchun aviachiptani olib berishi va bevosita shu yo‘l bilan ularni Turkiya davlatiga kirib kelishiga erishganlar.

Uyushgan jinoiy guruh ishtirokchilari 2015-2016 yillar davomida Turkiya davlatining Istanbul shahrida Namangan viloyatida yashovchi dastlabki tergov davrida shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan “Dilshoda” va “Dildora” ismli qizlarni internet tarmog‘idagi saytga joylashtirib, ushbu saytga Tolibaning telefon raqamini yozib, mijozlarni jalb qilib, qizlarni shahvoniy maqsadlarda ekspluatatsiya qilib foydalanib kelganlar. 

Jinoiy guruh a’zolari 2017 yil 16 fevral kuni yana bir vatandoshimiz D.U.ni Toshkent-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha rasmiylashtirilgan elektron aviachipta olib berib, aeroport orqali O‘zbekiston Respublikasidan Turkiya davlatiga chiqartirib yubormoqchi bo‘lganlarida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Sudda T.Qosimova va R.Mahmudovlar ayblariga to‘liq iqrorlik bildirdi. 

Sud har ikkalasiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi”.

Yuqoridagi ismlari to‘qima bo‘lgan bu voqeaning qanchalik to‘qima emasligi QALAMPIR.UZ`ga qorong‘u. Ammo, qonun himoyachilarining o‘zi qonunni buzmay, maqolalar bitishda so‘zlarni chertib tanlashsa, nomaqbul xatti-harakatlar qilgan bir necha nafar yoki ayrim ayollarni deb chet davlatda halol mehnat bilan pul topayotgan o‘sha aytilgan "ko‘pgina o‘zbek ayollari" nomini bulg‘amaslikni so‘ragan bo‘lar edik. Har holda sudyasiz!


Maqola muallifi

Teglar

Durdona Dadaxonova

Baholaganlar

486

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar