Haqoratli audiosi tarqalgan Mingbuloqning so‘kong‘ich hokimi uzr so‘radi

Jamiyat

image

Kecha, 2 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Mingbuloq tumani hokimiga tegishli ekani aytilgan audioyozuv tarqaldi. Audioda hokim xodimlarini haqoratlaganini eshitish mumkin.

Bugun, 3 yanvar kuni Namangan viloyati hokimligi mazkur audioga munosabat bildirdi va Mingbuloq hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan, haqoratli so‘zlar ishlatilgan holda olib borilgan muloqotning audioyozuvi yuzasidan Namangan viloyati hokimligi tomonidan Mingbuloq tumanida o‘rganish o‘tkazildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat hokimining o‘rinbosari Tohirjon Rapiqov, viloyat prokurorining o‘rinbosari Shuhrat Qosimov ishtirokida Jomashuyda Mingbuloq tumani MMTP raislari, fermerlar, tuman faollari hamda oqsoqollar bilan muhokama yig‘ilishi tashkil etildi.

Uchrashuv chog‘ida Mingbuloq tumani hokimiga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvning haqiqatdan tuman hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga mansubligi aniqlandi. Audioyozuvda qayd etilgan muloqotning 2019 yil 10 dekabr kuni tumandagi “Gigant” mashina saroyida “Gigant”, “Gulbog‘-1”, “Guliston” MMTP hududlariga kiruvchi fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida yuz bergani, tuman hokimining etikaga mos kelmaydigan so‘zlari texnikalarini kelgusi yil tayyorgarligi doirasida ta’mirlash uchun dislokatsiya bo‘yicha belgilangan saroyga olib kelmagan fermerlarga qaratilgani ma’lum bo‘ldi. Tuman hokimining bu boradagi topshirig‘i 2019 yil 5 noyabrda e’lon qilingani hamda texnikalarni to‘liq ta’mirdan chiqarishning so‘nggi sanasi 2019 yil 10 dekabr etib belgilanganiga qaramay, ba’zi fermer xo‘jaligi rahbarlarining bu topshiriqqa e’tiborsiz bo‘lgani yuzasidan muhokama o‘tkazgan tuman hokimi, muloqot chog‘ida haqoratli iboralardan foydalangani o‘sha yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan tasdiqlandi”, deyiladi viloyat hokimligi bayonotida.

Yig‘ilishda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ham ishtirok etdi va tuman hokimining bunday tarzda ishlashini keskin tanqid qildi.

“Zo‘ravonlik siyosati, so‘king‘ochlik siyosati eski davrda qoldi. Hech kim birovni haqoratlashga, shaxsiyatiga tegishga haqqi yo‘q. Rahbar odam har ishni qonun doirasida bajarishi kerak. Agar hokimning qonuniy talabni bajarmaydiganlar bo‘lsa, ularga aynan qonun doirasida chora ko‘rilishi lozim, so‘kinish bilan ish tutib emas. Bugungi kun hokimi o‘z ishi bilan, so‘zi bilan, xulq-atvori bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi shart. Davlatimiz siyosati hokimlardan odamlarni rozi qilib, ularga mehr berib ishlashni talab etadi.” Degan Bozorov.

Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyev, o‘zining vaziyatdan o‘ta pushaymonligini aytib, kechirim so‘radi.

“Tuman hokimi sifatida bunday xatoga yo‘l qo‘yganim – bu mening aybim. Hayotda men uchun katta dars bo‘ldi. Haqiqatda pushaymonman. Barchadan ming bor uzr so‘rayman. Bunday holat umuman takrorlanmaydi deb va’da beraman. Bundan buyon faoliyatimda qonun ustuvorligini to‘la ta’minlayman” deb o‘z aybini to‘liq tan olib, yig‘ilganlardan hamda tuman xalqidan kechirim so‘radi.

Nurshod Xudoyberdiyev viloyat hokimligi tomonidan qattiq ogohlantirildi. 

Qayd etilishicha, viloyat prokuraturasi ushbu audioyozuv yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, ma’muriy javobgarlik jihatini aniqlashi hamda qonuniy chora ko‘rishi belgilandi. Viloyat prokuraturasining qarori yuzasidan qo‘shimcha bayonot e’lon qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing