“ZAGS”dan oldin qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tish kerak?

Salomatlik

image

Oila inson hayotining asosiy bo‘g‘inidir. Oila qo‘rg‘onini mustahkam bo‘lishini o‘ylab, nikoh oldidan kelin-kuyovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yangi oilaning mustahkamligi va tug‘ilajak farzandlarning barkamolligini ta’minlaydi. 

Nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikning ahamiyati, roli, yo‘l-yo‘riqlari haqida Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori Shahnoza Zufarova ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish bepul hisoblanadi.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad – irsiy va nasliy kasalliklarning oldini olish, oilada sog‘lom muhitni qaror toptirishdir. Barcha nikohlanuvchilar turmush qurishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Shundan so‘ng, tibbiy ko‘rikning xulosasiga qarab, bo‘lajak oila vakillari qaror qabul qilishadi”, deydi Shahnoza Zufarova.  

Shuningdek, mutaxassis nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi qay tartibda amalga oshirilishi haqida ham ma’lumot bergan.

“Nikohlanuvchi shaxslar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etish uchun ariza beradilar. Shundan so‘ng, yuborilgan arizani FHDYO organlari ko‘rib chiqib, nikohlanuvchi shaxslarga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma beradi. Yo‘llanma hozirda FXDYO organlarida qog‘oz shaklida nikohlanuvchi shaxslarning qo‘liga topshirilmoqda. Tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyin, nikoh tuzilishiga O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida nazarda tutilgan to‘siqlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, FHDYO organlari tomonidan nikohni qayd etish belgilangan tartibda amalga oshiriladi”, deydi u.

Ta’kidlanishicha, nikohlanuvchi shaxslarga qulay bo‘lishi uchun o‘zlariga yaqin bo‘lgan ko‘p tarmoqli poliklinikalar xizmatidan foydalanishi joriy qilinmoqda. 

“2021 yil 1 iyundan fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kabi amaliyotlar eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi”, deydi mutaxassis.

U, shuningdek, bo‘lajak yosh oila qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi haqida ham ma’lumot bergan.

“Yoshlar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida bepul dispanserizatsiyadan, ya’ni kardiolog, endokrinolog, revmatolog mutaxassislari jalb qilingan holda nikoh oldi tibbiy ko‘rigidan o‘tadi hamda qo‘shimcha UTT, EKG, umumiy qon tahlili, qondagi qand miqdori aniqlanadi. 

Shuningdek, ruhiy kasalliklar (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya) yuzasidan tekshirish, narkologik kasalliklar yuzasidan tekshirish, zaxm yuzasidan tekshirish, sil yuzasidan tekshirish, OIV/OITS yuzasidan tekshirish olib boriladi. Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rigi natijalari to‘g‘risida tibbiyot muassasasining xulosasi ma’lumotnomada aks ettiriladi. Ma’lumotnoma tibbiyot muassasasining muhri va rahbarining imzosi bilan tasdiqlanadi”, deydi mutaxassis.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

652

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing