Nigerda isyonchilar boshlig‘i o‘zini yangi rahbar deb e’lon qildi. Afrikada Rossiya ta’siri oshyaptimi?

Olam

image

General Umar Chiani Nigerda 26 iyul kuni boshlangan harbiy to‘ntarishdan so‘ng o‘zini mamlakatning yangi rahbari deb e’lon qildi. Bu haqda u bugun, 28 iyul kuni davlat televideniyesidagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi.

Umar Chiani Niger milliy televideniyesida “Vatan mudofaasi bo‘yicha milliy kengash prezidenti” sifatida ko‘rinish berdi va mazkur isyon mamlakatdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli uyushtirilganini aytdi.

“Vatan mudofaasi bo‘yicha milliy kengash, mening timsolimda, mamlakatimiz hayotidagi ushbu hal qiluvchi bosqichda Nigerning hamkorlari va do‘stlaridan mudofaa va xavfsizlik kuchlarimizga ishonishlarini so‘raydi”, degan Chiani.

Shuningdek, u Niger ilgari olgan barcha xalqaro majburiyatlarini bajarishda davom etishini bildirgan.

Qayd etish joizki, kecha, 27 iyul kuni Niger parlamenti oldida davlat to‘ntarishi tarafdorlari miting o‘tkazgan va unda namoyishchilarning bir qismi qo‘llarida Rossiya bayroqlarini ushlab turgan. Ammo Rossiyaning harbiy to‘ntarishga aloqadorligi haqida hech qanday dalil yo‘q, 

Nigerdagi to‘ntarish xalqaro tashkilotlar, jumladan Afrika Ittifoqi, G‘arbiy Afrika mintaqaviy bloki, Yevropa Ittifoqi va BMT tomonidan keskin qoralandi. Rasmiy ravishda, boshqa davlatlar qatori Rossiya ham isyonchilar tomonidan ushlab turilgan Prezidentni ozod qilishga chaqirdi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarning Rossiya segmentida, shu jumladan, “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga yaqin jamoatchilik orasida tashkilot rahbari Yevgeniy Prigojinning ovozi bilan xabar tarqalmoqda. Unda aksincha, qo‘zg‘atuvchilar olqishlanib, davlat to‘ntarishi g‘alaba deb atalgan.

“Nigerda sodir bo‘lgan voqea – Niger xalqining mustamlakachilar bilan kurashi. Bu aslida mustaqillikka erishish va mustamlakachilardan qutulishdir", deydi Prigojinnikiga o‘xshash ovoz.

Umar Chiani kim?

62 yoshli general Chiani 2011 yildan beri prezident gvardiyasini boshqarib keladi. U 2018 yilda sobiq prezident Maxamadu Issufu tomonidan general unvoniga ko‘tarilgan.

Umar Chiani 2015 yilda sobiq prezidentga qarshi davlat to‘ntarishiga urinishda ayblangan, biroq u sudda buni rad etgan.

Shuningdek, general Niger xalqiga telemurojaatida uning xuntasi mamlakatdagi qator muammolar, jumladan, xavfsizlik, iqtisodiy qiyinchiliklar va korrupsiya tufayli hokimiyatga kelganini aytgan.

Niger G‘arbning mintaqadagi asosiy hamkorlaridan biridir

Niger 1960 yilgacha Fransiyaning mustamlakasi bo‘lgan. Mamlakatda hali ham Fransiyaning ta’siri va harbiy bazalarini saqlab qolgan.
27 iyul kuni ertalab fransuz harbiy transport samolyoti, yangi xunta tomonidan e’lon qilingan chegara yopilishiga qaramay, Nigerdagi fransuz harbiy bazasiga qo‘ngan. Xunta Fransiyaga norozilik bildirgan.

Uran rudasiga boy bu mamlakat G‘arbning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib, mahalliy hokimiyatlarga terrorchilar bilan qurolli kurashda yordam berish uchun nafaqat fransuz, balki Amerika qo‘shinlari ham bu yerda joylashgan. 

Nigerning ushbu mintaqadagi ahamiyati qo‘shni Mali va Burkina-Fasodagi qo‘zg‘olonlardan keyin yanada oshdi. Mali Afrikadagi asosiy “Vagner” bazalaridan biriga aylandi va ko‘plab masalalarda rossiyaparast pozitsiyani egalladi.

“Biz davlat to‘ntarishini konstitutsiyaga zid bo‘lgan tashabbus deb hisoblaymiz va prinsipial jihatdan har doim bunday holatlarda juda aniq pozitsiyani egallaymiz”, degan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Ukraina ittifoqchisidan ayrildimi?

Hozircha Afrikaning to‘rtta davlati Qrim platformasiga qo‘shilgan. Uning maqsadi Qrimni Ukraina hukumati nazoratiga qaytarishdir. Prezident Muhammad Bazum boshchiligidagi Niger ham shunday davlatlardan biri edi.

U BMTda ham Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagan.

To‘liq miqyosli urushdan oldin Ukraina va Niger o‘rtasida rivojlangan siyosiy munosabatlar yoki faol savdo yo‘q edi. Ammo Vladimir Zelenskiy va Muhammad Bazum o‘rtasidagi 2022 yil avgustida ikki davlat tarixida birinchi bo‘lgan telefon suhbatidan so‘ng, Niger Qrim platformasini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan.

Nigerning tashqi siyosati harbiy xunta hukmronligi ostida qanday rivojlanishi hozircha aniq emas, biroq Ukraina Afrikadagi do‘stlaridan birini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.

Gap shundaki, 2020 yildan buyon harbiy xuntalar hokimiyat tepasiga kelgan G‘arbiy Afrikaning barcha davlatlari – Mali, Burkina-Faso va Gvineya BMT Bosh Assambleyasida Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyalar bo‘yicha ovoz berishda betaraf qolgan yoki ishtirok etmagan.

Bundan tashqari, “Vagner” yollanma askarlari joylashgan va Rossiyadan harbiy yordam olayotgan Mali 2023 yil fevralida BMTda Ukrainaning yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan Afrikaning ikki davlatidan biri (Eritreya bilan birga) bo‘lgan.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi allaqachon Nigerdagi davlat to‘ntarishini qoralagan.

Bir necha hafta oldin Yevropa Ittifoqi diplomati Jozep Borrel mamlakatga tashrif buyurib, mintaqada barqarorlashtiruvchi rol o‘ynaydigan Nigerga xavfsizlikni saqlash va halokatli qurollar, jumladan, vertolyotlar uchun o‘q-dorilarni sotib olish uchun yuzlab million yevro va’da qilgan.

Endi bu va’da qaytarib olinishi mumkin, chunki Yevropa Ittifoqi noqonuniy hukumatlarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Va bu holatda, Niger xuntasi Rossiyadan va mojarolar yuz berayotgan uchta Afrika davlatida (Mali, Burkina-Faso va Sudan) mavjud bo‘lgan “Vagner”dan yordam so‘rashi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing