Nihoyat, davlat tashkilotlarida urug‘-aymog‘chilikni yo‘qotish uchun qonun ishlab chiqildi

Jamiyat

image

Davlat xizmatiga ishga qabul qilish va unda faoliyat olib borishda qarindosh-urug‘chilik (nepotizm) kabi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish, bunday holatlarga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan mehnat munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan qonunchilikka davlat xizmatiga ishga qabul qilish va unda faoliyat olib borishda qarindosh-urug‘chilikni taqiqlash hamda shunday holatlarga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish taklif etilmoqda.

Xususan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunga aholi bandligini ta’minlashda qarindosh-urug‘chilik va boshqa suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligi bilan bog‘liq norma kiritilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 79-moddasini o‘zaro qarindoshlik (to‘g‘ri shajara, yon shajara va boshqa qarindoshlik rishtalari) munosabatlariga ega bo‘lgan shaxslarning bir davlat tashkilotida biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysinuvida yoki uning nazorati ostida bo‘lganda xizmat qilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, agarda davlat xizmatchisi o‘zaro qarindoshlik rishtalariga ega bo‘lgan shaxs bilan xizmat qilayotganligi o‘ziga ma’lum bo‘lib qolsa, davlat tashkiloti rahbariga xabar berish majburiyati belgilanmoqda. O‘z navbatida, davlat tashkiloti rahbari esa, bunday hollarda davlat xizmatichisini avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim)ga o‘tkazish choralarini ko‘rishi lozimligi qayd etilmoqda.

Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 100-moddasini xodim ish beruvchi tomonidan taklif etilgan o‘zi ishlayotgan ish (lavozim)ga teng boshqa ish (lavozim)ga o‘tishni rad etgan taqdirda mehnat shartnomasini o‘z tashabbusi bilan bekor qilishi mumkinligi haqidagi 8-band bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat tashkilotlarida qarindosh-urug‘chilik munosabatlariga yo‘l qo‘yganlik va bu haqida tashkilot rahbariga 10 kun muddat ichida xabar bermaganlik, o‘z navbatida davlat korxonasi rahbari esa qarindosh-urug‘chilik munosabatlari haqida xabar topgangandan so‘ng, ushbu xodimlar ishlab kelgan ish (lavozim)ga teng boshqa ish (lavozim)ga o‘tkazish choralarini ko‘rmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi 495-moddani kiritish taklif etilmoqda.

Shuningdek, Qonun loyihasining 3-moddasida mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, Davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish hamda sudga taqdim etish vakolatiga egaligi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi:

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6257-son Farmonining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturining 25-bandi ijro etilishini ta’minlashi;

Ikkinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturida belgilangan vazifalarni to‘laqonli ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashda zarur huquqiy bazani mustahkamlashi;

Uchinchidan, davlat xizmatiga ishga qabul qilish va unda faoliyat olib borishda qarindosh-urug‘chilik (nepotizm) kabi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olishga imkon berishi;

To‘rtinchidan, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashishning normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirishiga xizmat qilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

288

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing