Neymarni sudga berish bilan tahdid qilindi
Sport
−
05 may 745 2 daqiqa
Braziliyaning “Santos” klubi yarim himoyachisi Robino Juniorning vakillari jamoa hujumchisi Neymar bilan yuzaga kelgan mojaro yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni talab qilib, qonuniy choralar ko‘rish bilan tahdid qilishdi. Bu haqda “Goal” xabar berdi.
Avvalroq, nashrning yozishicha, yakshanba kungi mashg‘ulot paytida Neymar Robino Juniorning unga qarshi keskin o‘ynaganidan norozi bo‘lgan. Mashg‘ulotdan so‘ng, futbolchilar o‘rtasida tortishuv yuzaga kelib, ular bir-birini itarib yuborishgan. Manbalarga ko‘ra, Neymar raqibining yuziga zarba berib, 18 yoshli futbolchini yiqitgan. Shunga qaramay, mojaro keyinchalik bartaraf etilgani va Neymar jamoadoshidan uzr so‘ragani aytilmoqda.
Shundan so‘ng, Robino Junior tomoni sudgacha bo‘lgan rasmiy bildirishnoma yuborib, Neymar ustidan 3 ta ayblov qo‘zg‘atgani hamda klub rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishni so‘ragani ma’lum bo‘ldi. Futbolchining vakillari “Santos”dan 48 soat ichida ichki tekshiruv o‘tkazishni, mashg‘ulot videoyozuvlarini taqdim etishni, ko‘rilgan choralar haqida rasmiy ma’lumot berishni va shartnoma masalasini muhokama qilish uchun uchrashuv tashkil etishni talab qilmoqda.
Bildirishnomada qayd etilishicha, agar klub bu talablarni bajarmasa, bu holat “shartnomaviy ishonchning buzilishi” va “ish xavfsizligini ta’minlamaslik” sifatida baholanishi mumkin. Bu esa, futbolchining tashabbusi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishga olib kelishi ehtimoli bor. Shuningdek, ma’naviy va moddiy zarar uchun da’vo arizalari ham kiritilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Neymar 34 yoshda bo‘lib, uning “Santos” bilan shartnomasi 2026 yil oxirigacha amal qiladi. Robino Junior esa Braziliya terma jamoasi va “Real Madrid”ning sobiq hujumchisi Robinoning o‘g‘li hisoblanadi.
Live
Barchasi