Nemis nashri Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirgandan” keyingi rejasini e’lon qildi

Olam

image

Germaniyaning “Bild” nashri razvedka ma’lumotlariga tayanib, go‘yoki Ukrainaga “bostirib kirishdan” keyingi davr uchun Rossiya hukumati tomonidan ishlab chiqilgan rejani e’lon qildi.

Nashrga ko‘ra, u bir necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi: 

Birinchi bosqich — shaharlarni bosib olish. Ukraina qo‘shinlari ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng, Rossiya armiyasi eng yirik aholi punktlarini bo‘ysundirishni rejalashtirmoqda. Shu maqsadda allaqachon Moskvaga sodiq bo‘lgan siyosatchilar va razvedkachilar Ukraina shaharlarida faol ish boshlaydi, ularning vazifasi “Rossiyaparast rahbariyatni o‘rnatish” va bu shaharlarni Rossiyaga “o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borish” bo‘ladi. Shundan so‘ng barcha yirik shaharlar “tinchlik yo‘li bilan” Moskva nazoratiga o‘tadi. 

Shaharlar kapitulyatsiya qilinganidan keyin ikkinchi bosqich boshlanadi: Rossiya hukumati Oliy Rada — Ukraina parlamenti o‘rniga “xalq Radasi”ni yaratadi. Yangi “qo‘g‘irchoq” qonun chiqaruvchi organda “Rossiya maxsus xizmatlari avvalroq saylagan vakillar deb ataladiganlar” ishlaydi. Shundan so‘ng Rossiya tomonidan nazorat qilinadigan hukumat tuziladi. 

Uchinchi bosqichda yangi hukumat mamlakatda favqulodda holat e’lon qiladi va “Rossiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan ukrainaliklar yuboriladigan lagerlar yaratadi”. “Rossiyaparast rahbariyat” har qanday qarshilikni bostiradi, bunda Belarus rasmiylarining ushbu mamlakatdagi norozilik namoyishlaridan keyingi harakatlarini namuna sifatida olish mumkin. 

Ta’kidlanishicha, rejaning barcha bosqichlari Ukraina va G‘arb mamlakatlaridagi Rossiya ommaviy axborot vositalarida tashviqot bilan birga bo‘ladi. 

“Rossiya uchun butun kampaniyaning muvaffaqiyati bosib olingan hududlar ustidan nazoratga, u Ukraina xalqini chinakamiga sindira olishiga, yangi hukumatning tan olinishi va qonuniyligini qo‘lga kiritishiga bog‘liq bo‘ladi”, deya razvedka hisobotidan iqtibos keltirgan nashr. 

Bu barcha harakatlarning natijasi Ukrainada “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish uchun sharoit yaratishi” kerak bo‘lgan “politsiya davlati”ning shakllanishi bo‘ladi. 

“Natijada Moskva Rossiya, Ukraina va Belarusdan iborat yangi “ittifoq davlati”ni yaratishni rejalashtirmoqda”, deyilgan xabarda. 

Nashrning ta’kidlashicha, ushbu ssenariy aniq bo‘ladimi yoki yo‘qmi hali aniq emas, ammo unga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xususan, RF Federal xavfsizlik xizmati “Rossiyaparast guruhlarni Ukrainada joylashtirishga o‘rgatuvchi” rejani ishlab chiqishda ishtirok etmoqda. 

Qayd etilishicha, hozirda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi eng ehtimoliy ssenariy sifatida ko‘rilmoqda. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, “Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z fikrini o‘zgartirmasa”, hujum fevral oyida va har qanday holatda ham “martdan kechikmay” sodir bo‘lishi mumkin. 

Rossiyaning Germaniyadagi elchixonasi “Bild”ning belgilangan rejaga izoh berish haqidagi so‘roviga javoban, uni “chayqovchilik va mish-mishlarning g‘alati aralashmasi” deb atagan. 

Eslatib o‘tamiz, Amerikaning “Bloomberg” agentligi kecha, 4 fevral kuni o‘z veb-saytida “Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi” sarlavhasini e’lon qilgandi, u keyinroq xatoni tan olib, xabarni olib tashlagan.

Ukraina-Rossiya nizosi 

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa boshqa tomonda urushga qarshi harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi.  

Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘t ochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan.

Boshqa tomondan, Rossiya Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

421

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing