“Nega xalqqa oldinroq aytish mumkin emas?” – Senat majlisida joylardagi elektr toki muammosi ko‘tarildi

Jamiyat

image

Kuz-qish mavsumi keldi deguncha, O‘zbekistonning chekka hududlarida gaz va elektr energiyasi yetishmovchiligi kun tartibiga chiqadi. Ayniqsa, qishloq joylarda kunning sovug‘ida elektr va gazning o‘chirilishi, odamlar o‘tin, ko‘mir va tappi yoqib, isinishi, ro‘zg‘or tebratishi, osh-ovqatni ham gazda emas, yuqorida sanalganlarda pishirishi odatga aylangan. Ba’zan gazning yarim tunda tuyqusdan o‘chishi yoki gaz yo‘q xonadonlar uyni isitish uchun ko‘mir yoqishi oqibatida is gazidan zaharlanish holatlari uchrashi, ularning ayrimlari ayanchli yakun topishi ham sir emas. 

Bugun, 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining 9-yalpi majlisida senator Farmon Toshev hududlarda elektr energiyasi o‘chishi bilan bog‘liq muammolarni sanadi va bu bo‘yicha Senat raisi Tanzila Norboyevaga yuzlandi. 

Muhokamalar jarayonida senator Farmon Toshev Tanzila Norboyevadan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan munosabatlarga e’tibor qaratishini so‘radi.

“Mana hozir internetni ochib qarang, hamma joyda bitta shikoyat: elektr yo‘q, o‘chgan. Biz hozir Senatning yig‘ilishida shunga e’tibor qilmasak, hozir gapirmasak, u idoraning odamlari gapiradiganga o‘xshamaydi. Nima uchun ko‘p gaplarni xalqqa oldinroq aytish mumkin emas?  Nima uchun grafikni ishlab chiqish mumkinmas?”, deydi senator Farmon Toshev.

Senat raisi Tanzila Norboyeva hozirjavoblik bilan ushbu muammoga munosabat bildirarkan, o‘zi ham ijtimoiy tarmoqlardagi shikoyatlarni kuzatib borayotganini qayd etdi.

"Hozir ham majlisni boshqaryapman, ham aholi murojaatlarini tahlil qilib o‘tiribman. Minglab internet foydalanuvchilari elektr toki muammosi bo‘yicha savollar bermoqda. Mablag‘dan hech qanday muammo yo‘q, lekin nega elektr va gaz joylarga yetib bormayapti?”, deydi Senat raisi.

Shuningdek, Tanzila Norboyeva ushbu muammolar bo‘yicha Senatning tegishli mutasaddilariga bir qator topshiriqlar berdi. Muhokamadagi masalalar navbatdagi yalpi majlisni kutib o‘tirmasdan, qo‘mita majlisida yana ko‘rib chiqilishi va bu masalalar bo‘yicha Prezidentga axborot berilishi ta’kidlandi.

Umidjon Nozimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

252

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing